Jahon | 17:00 / 31.03.2026
2658
6 daqiqa o‘qiladi

Isroil parlamenti «terrorizm»da ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi kiritdi

Knesset deputatlari o‘lim bilan bog‘liq hujumlarda aybdor deb topilgan falastinliklar uchun o‘lim jazosini standart jazo sifatida belgilovchi qonunni qabul qildi. Isroilning o‘ta o‘ng qanot milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ilgari surgan qonun – shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir etgan yahudiy millatiga mansub isroilliklar uchun taalluqli bo‘lmaydi.

Itamar Ben-Gvir qonun qabul qilinishini nishonlamoqda / Foto: AFP

30 mart kuni qabul qilingan bu qonun bilan – bosh vazir Binyamin Netanyahu o‘ta o‘ng radikal ittifoqchilarining va’dasini bajardi.

Reutersʼning yozishicha, qonun faqat «Isroil mavjudligiga chek qo‘yish»ni maqsad qilgan qotillikda aybdor deb topilgan isroilliklarga nisbatan qo‘llanadi, ya’ni u falastinliklar uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi. Ammo shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir etgan yahudiy millatiga mansub isroilliklar uchun bu qonun taalluqli emas.

Chora-tadbir hukm chiqarilganidan keyin 90 kun ichida osish orqali qatl etishni talab qiluvchi qoidalarni o‘z ichiga oladi. Bunda jazoni ijro etishni biroz kechiktirishga ruxsat beriladi, ammo afv etish huquqi berilmaydi. Hujjat o‘lim jazosi o‘rniga umrbod qamoq jazosini tayinlash imkoniyatini ham ko‘zda tutadi, ammo bu faqat aniqlashtirilmagan «maxsus holatlarda» mumkin.

Aslida Isroil 1954 yilda qotillik uchun o‘lim jazosini bekor qilgan edi. Shunga qaramay, G‘arbiy sohildagi harbiy sudlar falastinlik mahkumlarni allaqachon o‘limga hukm qilishi vakolatiga ega bo‘lgan. Ammo ular buni amalga oshirmay kelayotgandi.

Falastinliklarni kamsituvchi ushbu choralar – ovoz berish arafasida sirtmoq shaklidagi nishon taqib yurgan, Isroilning o‘ta o‘ng qanot milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir tomonidan ilgari surilgan. Qonun Knessetning 120 a’zosidan 62 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Itamar Ben-Gvir qamoqxonalarni qayta isloh qilish jarayoniga rahbarlik qildi, bu esa falastinlik mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish haqidagi aylovlarga sabab bo‘ldi. Ushbu choralar – Netanyahu va uning tarafdorlarini tanqid qilib kelayotgan Isroilning G‘arbdagi ittifoqchilari o‘rtasida xavotir uyg‘otgan navbatdagi qadamdir.

Ovoz berishdan oldin ham ushbu qonun loyihasi Germaniya, Fransiya, Italiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari tomonidan tanqid qilingan. Ular qonun falastinliklarga nisbatan «de-fakto kamsituvchi» xususiyatga egaligini va «Isroilning demokratik tamoyillari»ga putur yetkazishini ta’kidlagandi.

BMT ekspertlari guruhining ta’kidlashicha, qonun loyihasida «terrorchi» so‘zining noaniq ta’riflari mavjud bo‘lib, bu o‘lim jazosi «haqiqiy terrorchilik bo‘lmagan xatti-harakatlar» uchun ham qo‘llanishi mumkinligini anglatadi.

Falastinliklar qonunni rad etmoqda

Ushbu qonunchilik Isroilga nisbatan xalqaro tanqidlarni keltirib chiqardi. Zero, Isroil bosib olingan G‘arbiy sohilda yahudiy ko‘chmanchilarning falastinliklarga zo‘ravonligi va G‘azodagi genotsidi tufayli allaqachon xalqaro bosim ostida qolmoqda.

Xususan, Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos qonunchilikni xalqaro huquqning buzilishi va falastinliklarni qo‘rqitishga qaratilgan muvaffaqiyatsizlikka mahkum urinish sifatida qoraladi.

«Bunday qonunlar va choralar Falastin xalqining irodasini bukib qo‘ymaydi va ularning matonatini zaiflashtirmaydi. Shuningdek, bu ularni ozodlik, mustaqillik va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini barpo etish yo‘lidagi qonuniy kurashni davom ettirishdan to‘xtata olmaydi», deyiladi Abbos idorasi bayonotida

Hamas va boshqa qurolli guruhlari esa falastinliklarni qonun uchun qasos olish maqsadida hujumlar boshlashga chaqirdi.

Kamsituvchi normalar

Isroilning yetakchi huquqni muhofaza qilish guruhlari qonunni «falastinliklarga nisbatan institutsionallashgan kamsitish va irqchilik zo‘ravonligi akti» sifatida qoraladi. Isroildagi Fuqarolik huquqlari assotsiatsiyasi qonun ustidan Isroil Oliy sudiga apellyatsiya berganini ma’lum qildi.

Reutersʼning yozishicha, xalqaro norozilikning oldini olish maqsadida Netanyahu qonunchilikning ayrim qismlarini yumshatishni so‘ragan.

Xususan, dastlabki loyihada G‘arbiy sohil harbiy sudlarida o‘lim bilan bog‘liq terrorchilik harakatlarida aybdor deb topilgan, Isroil fuqarosi bo‘lmagan shaxslar uchun o‘lim jazosini majburiy qilib belgilagan edi. Qayta ko‘rib chiqilgan tahrirda umrbod qamoq jazosi varianti ham kiritilgan.

Netanyahu va Ben-Gvir / Foto: Reuters

Endi Isroil sudlarida yangi qonun loyihasi «Isroil mavjudligiga chek qo‘yish maqsadida shaxsning o‘limiga qasddan sabab bo‘lishda» aybdor deb topilgan har qanday shaxsga nisbatan yo umrbod qamoq jazosini, yo o‘lim jazosini belgilaydi.

Qonun loyihasi tanqidchilarining aytishicha, ushbu ta’rif amalda o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin bo‘lgan isroilliklarni – o‘zini falastinlik deb hisoblaydigan arab ozchiligi vakillari bilan cheklaydi.

O‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llovchi mamlakatlarni kuzatib boruvchi Amnesty International tashkiloti «o‘lim jazosi jinoyatchilikni kamaytirishda umrbod qamoq jazosidan ko‘ra samaraliroq ekaniga hech qanday dalil yo‘q» deb ta’kidlaydi.

Isroil huquqiy tuzilmasidagi mutaxassislar qonun loyihasining konstitutsiyaga zidligini, bu esa Oliy sud tomonidan qonunning bekor qilinishi ehtimolini oshirishini ta’kidlagan.

Isroilning «B'Tselem» huquqni muhofaza qilish guruhi esa G‘arbiy sohilda falastinliklar gumon qilinayotgan jinoyatlar bo‘yicha sudda aybdor deb topish darajasi 96 foizni tashkil etishini aytadi. Bunday vaziyatlarda qiynoqlar orqali iqrorlik olish holatlari kuzatilgan. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid