Rossiyaning o‘nlab shaharlarida 9 may kungi paradlar bekor qilindi
Rossiyaning kamida 18 shahri «G‘alaba kuni» munosabati bilan parad o‘tkazishdan bosh tortdi. Anneksiya qilingan Qrimda ham an’anaviy harbiy marshlar uyushtirilmaydi, deb yozadi «Verstka».
Rossiyaning o‘nlab shaharlarida 9 may G‘alaba kuni sharafiga o‘tkaziladigan paradlar bekor qilindi, deb xabar bermoqda «Verstka» nashri. Telegram’da 4 may, payshanba kuni xabar berilishicha, jurnalistlar rasmiylar bayram paradlari bekor bo‘lganini e’lon qilgan 21 ta shaharni sanab chiqdi. 2022 yilda ularning barchasi shunday tadbirlarni o‘tkazgan. Ushbu ko‘rsatkichda nashr Rossiyaning 18 ta shahri va Ukraina Qrim yarimorolining Rossiya tomonidan anneksiya qilingan uchta shahri - Sevastopol, Simferopol va Kerchni hisobga oldi.
«Xavfsizlik nuqtayi nazaridan paradlar Kaluga, Ryazan, Orel, Saratov, Kaliningrad viloyatining Gusev shahri, Lipetsk va Yelets, shuningdek frontdan ancha uzoqda joylashgan Tyumenda to‘xtatildi», — deyiladi nashr xabarida. Pskov va Velikiye Lukida «axloqiy jihatlarga» ishora qilindi, unga ko‘ra bu yil paradlarni o‘tkazish mumkin emas deb topilgan. «Verstka»ning eslatishicha, Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov mintaqaga reabilitatsiya qilish uchun kelgan va pirotexnika tovushlarini «mutlaqo boshqacha» qabul qiladigan ko‘p sonli harbiy xizmatchilar haqida gapirgan. Bundan tashqari, u Ukrainadagi harbiy harakatlar ishtirokchilari uchun «eng zarur narsalar» sotib olish uchun pulni yo‘naltirishga chaqirdi.
Ayni paytda, Ukraina bilan chegarada joylashgan Kurskda «hozirgi vaziyat»ni hisobga olgan holda paradni o‘tkazmaslikka qaror qilindi. Qo‘shni Belgorodda ham xuddi shunday qaror shahar markazida «dushmanni katta miqdorda texnika va harbiy xizmatchilar to‘plagan holda qo‘zg‘atmaslik uchun» qabul qilingan. «Krasnodar o‘lkasi rasmiylari Krasnodar va Sochidagi paradlar bekor qilingani haqida rasman ma’lum qilmadi (ular an’anaviy tarzda avvalgi yillarda bo‘lib o‘tgan), bu yil harbiy texnikani faqat Novorossiyskda ko‘rish mumkinligini bildirdi. Bryanskda rasmiylar parad o‘tkazishni xohlayapti, lekin ular «bu ishni qila olmaydilar.» Gubernator Aleksandr Bogomaz nima uchun «qila olmasliklarini» tushuntirmadi, deyiladi xabarda.
Hatto Sibirda ham 9 may kuni parad o‘tkazishdan bosh tortildi. Tyumendan tashqari, bu haqda Nijnevartovsk, Surgut va Xanti-Mansiyskda e’lon qilindi. «Shaharlar meriyalari xavfsizlik nuqtayi nazaridan bayram tadbirlari bekor qilingan mamlakatning boshqa mintaqalari bilan hamjihatlikni bildirmoqchi», - deya ta’kidlaydi «Verstka».
Shu bilan birga, boshqa shaharlar rasmiylari an’anaviy paradlarga hozirlik ko‘rmoqda. Xususan, mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Yekaterinburgda repetitsiyalar olib borilmoqda. Novosibirsk bo‘lajak paradda uchuvchisiz uchoqlar taqiqlanishini e’lon qildi, Krasnoyarsk esa taqiqlangan narsalarning ro‘yxatini e’lon qildi. Rossiyaning Ukraina chegarasiga yaqin yirik shaharlaridan biri – Rostov-Donda ham 9 may kungi ommaviy tadbirlarga tayyorgarlik davom etmoqda. Avvalroq Rossiyada G‘alaba kunida «O‘lmas polk»ning marshi bekor qilingan edi.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024