Jahon | 16:16 / 30.12.2025
3451
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Usmonovga qarshi ochilgan ikkinchi tergov ham to‘xtatildi

Rossiyalik milliarderga qarshi sanksiyalarni buzish gumoni bilan tergov olib borilayotgandi. Prokuratura uni obektlarni qo‘riqlash xizmatlari uchun pul to‘lashda gumon qilgandi. Usmonovning advokatlari esa uning ushbu kompaniyalar va mol-mulk bilan aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi va ish yopildi.

Foto: Aleksey Nikolskiy / TASS

Myunxen prokuraturasi rossiyalik tadbirkor, USM holdingi asoschisi Alisher Usmonovga (Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, boyligi 16,7 milliard dollar) nisbatan sanksiyalarni buzish gumoni bilan olib borilgan tergovni to‘xtatdi, deb xabar berdi RBK nashriga tadbirkorning vakillari.

Advokatlar aniqlik kiritishicha, qaror Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksining 153a-paragrafiga muvofiq qabul qilingan. Shuningdek, Usmonov xayriya maqsadlari uchun ixtiyoriy badal (10 million yevro atrofida) to‘lashga qaror qilgan. «Xuddi shu gumonlar bo‘yicha tergovni qayta tiklash istisno qilinadi, A.Usmonovga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi saqlanib qoladi», – deya xabar berdi advokatlar.

Tergov 2022 yilgi epizodlarga taalluqli edi. Nazorat organi ta’kidlashicha, o‘sha yilning aprel oyidan sentabr oyigacha Rottax-Egern hududidagi ko‘chmas mulk obektlarini qo‘riqlash xizmatlari uchun haq chet el kompaniyalari orqali to‘langan.

Shuningdek, prokuratura uni Iqtisodiyot va eksport nazorati federal idorasiga (BAFA) Germaniya hududidagi mol-mulkini deklaratsiya qilmaganlikda gumon qilgan.

2024 yilda ushbu epizodlar dastlabki tergov maqomini olgan bitta ish doirasida birlashtirildi. Usmonovning advokatlari uning ushbu kompaniyalar va mol-mulk bilan aloqasini (bu orqali Yevropa Ittifoqining sanksiya qoidalari qo‘llanishini ham) rad etdi. Natijada tergov to‘xtatilgan.

Bu Yevropada ushbu tadbirkorga nisbatan to‘xtatilgan birinchi tergov emas. 2024 yil noyabr oyida Frankfurt-Mayn bosh prokuraturasi pul mablag‘larini yuvish bilan bog‘liq Usmonovga nisbatan boshqa bir tergovni to‘xtatgan edi.

Spiegel o‘shanda biznesmen 555 million yevro miqdorida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagani haqida yozgandi. Biznesmenning vakili esa u 2014 yildan beri Rossiyada soliq to‘lovchi ekani va qo‘shaloq soliq solishning oldini olish to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq, Usmonov Germaniyada daromad solig‘ini to‘lashga majbur emasligini ma’lum qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid