20 mart, juma kuni kechqurun AQSh Moliya vazirligi 30 kun muddatga Eron nefti va neft mahsulotlarini sotib olish hamda sotishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu faqat shu kungacha jo‘natilgan va yo‘lda bo‘lgan yuklarga taalluqli. Yangi bitimlar tuzishga ruxsat berilmaydi.
AQSh moliya vaziri Skot Bessent maskur qarorni «qisqa muddatli» deya izohladi. Uning ta’kidlashicha, yangi choralar jahon bozoriga taxminan 140 million barrel neft chiqarishga imkon beradi. Bu esa taqchillikni qisman kamaytirib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijoriy kemalar harakati to‘xtatilgani fonida keskin oshgan narxlarni pasaytirishga yordam beradi. Hozirda Eron neftining asosiy xaridori — Xitoy bo‘lib, rasmiy Pekin neftni chegirma bilan sotib olyapti.
«Aslida, biz «Epik g‘azab» operatsiyasi davom etayotgan paytda narxlarni past darajada ushlab turish uchun Eron neftidan Tehronning o‘ziga qarshi foydalanamiz», — deya yozdi AQSh moliya vaziri.
Bessentning qo‘shimcha qilishicha, rasmiy Tehron bu daromadlardan foydalanishda qiynaladi, chunki AQSh Eronning xalqaro moliya tizimiga kirish imkoniyatlariga maksimal bosimni davom ettiradi.
Bir hafta oldin shunga o‘xshash vaqtinchalik yengillik Rossiya neftiga nisbatan ham qo‘llangandi. Bessent payshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida cheklovlarning yumshatilishi Eron neftini Hindiston, Yaponiya va Malayziyaga yo‘naltirishga yordam berishini, Xitoy esa hozirgiday chegirma bilan emas, balki «bozor narxi»da pul to‘lashga majbur bo‘lishini aytgandi. Uning prognozlariga ko‘ra, Eron neftining bozorga chiqishi narxlarni 10–14 kun davomida pasaytiradi.
«Bu chora vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi»
Moliya vazirligi qarori AQSh sanksiya siyosatiga zid bo‘lgani boisidan ekspertlar tanqidiga uchradi. Ular cheklovlarning yumshatilishi narxlarga qisman ta’sir qilishini , neft savdosi esa AQSh hujum qilayotgan Eron rejimini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlashyapti.
Blackstone Compliance Services kompaniyasi direktori David Tannenbaum BBC’ga shunday dedi: «Yumshoq qilib aytganda, qaror — mutlaqo bema’nilik. Aslida biz Eronga neft sotishga ruxsat beryapmiz, bu esa keyinchalik harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin».
Shuningdek, ekspertlar Eron nefti global narxlarni keskin tushira olishiga shubha bildiryapti. Narxlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi va AQSh prezidenti Donald Trumpning urush yakuni haqidagi ziddiyatli bayonotlari fonida bir barrel uchun 120 dollargacha ko‘tarildi. Ta’kidlashicha, muhokama qilinayotgan hajm global talabga nisbatan uncha katta emas.







