Jahon | 09:29
748
3 daqiqa o‘qiladi

Pistorius: Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish mumkin emas

Yaponiyaga tashrifi chog‘ida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Erondagi urush fonida neft narxlari oshishi orqali Rossiya foyda ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Foto: David Mareuil/AP

Jahon energetika bozoridagi keskin vaziyatga qaramay, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni yumshatish mumkin emas. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 22 mart, yakshanba kuni Yaponiyaga tashrifi davomida ana shunday fikr bildirdi.

“Ayni shu vaziyatdan aynan Rossiya foyda ko‘rishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, — deb iqtibos keltiradi Germaniya mudofaa vaziri so‘zlaridan AFP agentligi.

Shu tariqa, Pistorius bilvosita AQSh prezidenti Donald Trampning Erondagi urush va u bilan bog‘liq neft narxlari o‘sishi fonida Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatish qarorini tanqid qildi. Biroq u o‘z chiqishida AQShni to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olmadi.

Shu bilan birga, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi haqida fikr bildirgan Boris Pistorius Islom Respublikasini jahon neft tashuvlari uchun nihoyatda muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini zudlik bilan blokada qilishni to‘xtatishga chaqirdi.

“Dengiz yo‘llari erkin bo‘lishi kerak, bu erkinlikni tiklash zarur”, — deya ta’kidladi Germaniya mudofaa idorasi rahbari.

U, shuningdek, Berlin bu borada “qo‘shma sa’y-harakatlar”ni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini, ammo faqat harbiy harakatlar tugaganidan keyinligini yana bir bor ta’kidladi.

“Biz bu urushga tortilishni istamaymiz”, — dedi Pistorius.

Shu bilan birga, u Germaniya va Yaponiyaning tashqi siyosat sohasidagi hamkorligini yuqori baholadi.

“Xalqaro vaziyatga qarashlarimiz umumiy”, — dedi Pistorius Yaponiya mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi bilan Yokosuka harbiy-dengiz bazasidagi uchrashuv chog‘ida.

Germaniya vazirining tushuntirishicha, bu ham Ukrainadagi urushga, ham Yaqin Sharqdagi vaziyatga, shuningdek Hind-Tinch okeani mintaqasidagi holatga taalluqlidir.

Ayni paytda, Pistorius Berlin va Tokio o‘rtasida mudofaa siyosati hamda qurollanish loyihalari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdori ekanini ham bildirdi.

“Bu yerda har ikki tomon uchun ham salohiyat bor va biz undan foydalanish niyatidamiz”, — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid