O‘zbekiston | 16:29 / 24.04.2026
2665
4 daqiqa o‘qiladi

“Buxoro bo‘yicha alohida yig‘ilamiz” – Madaniy meros agentligi Buxoro etnoturistik markazi haqidagi savolni javobsiz qoldirdi

Buxoro shahri markazidagi qator binolar, xususan, viloyat hokimligi ofisi ham bundan 2 yil avval “Boqiy Buxoro” etnografik sayyohlik markazi qurilishi sabab buzilgan edi. Biroq ushbu loyiha noma’lum sabablar ortidan to‘xtatilgan. Xo‘sh, avvalboshidan bu ishlar puxta rejalanganmidi o‘zi? Madaniy meros agentligi bilan ochiq muloqotda Kun.uz Buxoro bo‘yicha hozirgi reja qandayligini so‘rarkan, rasmiylar savolni ochiq qoldirdi hamda bu bo‘yicha alohida matbuot anjumani o‘tkazilishini aytdi.

“Boqiy Buxoro” etnografik sayyohlik markazi qurilishi rejasi ortidan bundan 2 yil avval shaharning markazidagi va tarixiy yodgorliklarga nisbatan yaqin masofadagi binolar buzilishi boshlandi. Ularning ichida strategik muhim obekt sanalgan viloyat hokimligi ofisi ham bor edi. Sovet davrida qurilgan bu bino bugungi Buxoroning ma’naviy ramziga ham aylangan, buxoroliklarning xotiralari jamlangan joy edi.

Hattoki uning buzilishini buxoroliklar ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy emotsiyalar bilan qarshi oldi. Unga tutash hududlarda boshqa ma’muriy binolar ham buzilgan.

Bu ishlar davom etayotgan bir onda Markaziy Osiyodagi madaniy meros obektlarini himoya qiluvchi tashkilotlar jarayondan xavotirini bildirib, qurilishni to‘xtatishni taklif qildi.

Hozir “Boqiy Buxoro” etnografik sayyohlik markazi uchun tanlangan hudud buzilganidan keyin bo‘shligicha qolmoqda, atroflari o‘rab olingan. Mahalliy aholiga ko‘ra, ichkarida unga tutash boshqa binolarni ham buzish-buzmaslik masalalari muhokamada bo‘lishi mumkin.

24 aprel kuni Madaniy meros agentligi ochiq muloqot o‘tkazarkan, Kun.uz aynan Buxoro bo‘yicha rasmiylardan aniq izoh so‘radi. Loyiha to‘xtab qoldi, buzilishidan avval reja puxta qilinmagan edimi?

Biroq agentlik rahbari Bahodir Abdikarimov bunga izoh bermay, Buxoro bo‘yicha alohida matbuot anjumani o‘tkazilishini bildirdi.

“Mening o‘zimam aloqadaman, bu bo‘yicha hali alohida o‘tkazamiz”, dedi Abdikarimov.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Alerte Heritage arxitektura tashkiloti “Boqiy Buxoro” etnografik sayyohlik markazini “beo‘xshov loyiha” deb baholagan.

 “O‘rta Osiyoda eng yaxshi saqlanib qolgan o‘rta asr shahri yonida “eski binolarga o‘xshash” rekvizitlar qurilishi mumkin. Bunday soxta binolar Las-Vegas yoki Makaodagi kabi kulgili ko‘rinishi mumkin. Buxoroning tarixiy o‘zagiga vizual yaqinlikdagi soxta „Sharq“ u yerdagi fuqarolarni begonalashtirishi va sayyohlarni qo‘rqitishi mumkin”, deyiladi ushbu tashkilot bayonotida.

Rasmiylar 470 mln dollarga baholangan Buxoro turizm markazi “investor mablag‘lari hisobidan” amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.

Keyinchalik ayrim manbalar qurilish ishlari to‘xtab qolishini tanlangan “investor”dagi moliyaviy muammolar bilan bog‘lagan.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid