O‘zbekiston | 19:24
1165
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari sun’iy intellekt bo‘yicha xakatonga tashrif buyurdilar

Yetakchilarga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Buxoro shahridagi universal sport majmuasida o‘tkazilayotgan “National AI Hackathon” – sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.

Ushbu tadbir Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.

Yetakchilarga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, “Raqamli hukumat” tizimi, transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yechimlarni o‘z ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.

Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.

Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, “UZUM”, “TBC Bank”, “Aloqabank”, “HUMO”, “UZCARD” faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar tinglandi.

Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy to‘lov yechimlarining rivojiga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlariga xakaton o‘tkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llashga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori baholandi.

Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid