O‘zbekiston | 17:26 / 08.04.2026
5826
3 daqiqa o‘qiladi

Xovos tumani hokimining tezkor tadbirda ushlangan sobiq o‘rinbosari uzoq muddatga qamaldi

Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Umidjon Xoliqov 8 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. U va sherigi tovlamachilik hamda firibgarlik jinoyatlarida aybli deb topildi.

Foto: Xovos tumani hokimligi

Xovos tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan Umidjon Xoliqov 2025 yil 4 apreldan Xovos tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Uning sherigi – 1985 yilda tug‘ilgan To‘rabek Mamanazarov esa Sirdaryo viloyati investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi Xovos tumani bo‘limi mutaxassisi bo‘lib ishlagan.

Umidjon Xoliqov va To‘rabek Mamanazarov til biriktirib, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilgan. Ular 2025 yil iyun oyida hududdagi fermer xo‘jaligi rahbaridan 452 ga yer maydonini kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatlarini hamda DXX tomonidan o‘tkazilayotgan tekshirishni ijobiy hal qilib berish evaziga 10 ming dollar olgan.

Shundan so‘ng sudlanuvchilar yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming dollar talab qilgan. 

2025 yil sentabr oyida fermerning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Umidjon Xoliqov so‘ralgan puldan 10 ming dollarini To‘rabek Mamanazarov orqali olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Umidjon Xoliqov va To‘rabek Mamanazarov 2025 yil iyul oyida tumanda 160 ga yer maydoniga sholi ekkan chet el fuqarosining 10 ming dollar pulini ham firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ular ekin maydoni BAAdan kelgan investorlarga kannabis o‘simligini yetishtirish uchun berilganini, sholini noqonuniy yetishtirayotganini bildirishgan. So‘ngra kelgusida mazkur sholini yetishtirishi uchun ularga tuman hokimligi nomidan eksport qilish ko‘rsatkichini ko‘tarish maqsadida 10 ming dollar berishi zarurligini aytishgan. 

JIB Boyovut tuman sudining 2026 yil 22 yanvardagi hukmi bilan Umidjon Xoliqov va To‘rabek Mamanazarov Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi hamda 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan. Ularning har ikkisiga 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, ular 1,5 yildan hokimiyat tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Sudlanuvchilardan solidar tartibda jabrlanuvchilar foydasiga 121 mln so‘mdan undirish belgilangan.

Apellyatsiya sudining 2026 yil 2 apreldagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgan. Ya’ni ish bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplangani hamda jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi sababli 10 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi 8 yil 1 oy muddatga tushirilgan.  

Avvalroq Umidjon Xoliqov tezkor tadbirda qo‘lga olingani xabar qilingandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid