O‘zbekiston | 15:43 / 19.05.2026
3908
1 daqiqa o‘qiladi

Ayrim qarzlar notarius orqali undiriladi

Ijara, “kvartplata” va kommunal to‘lovlar, shuningdek, aloqa xizmatlari bo‘yicha nizosiz qarzdorlik summasi 412 mln so‘mdan kam bo‘lsa, haqdor tomon qarzni undirish uchun sudga emas, notariusga murojaat qilishi belgilanmoqda. Tegishli qonun parlamentda ikkinchi o‘qishdan o‘tdi.

Foto: Yandex Maps

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 19 may kungi yig‘ilishda nizosiz ishlarni hal etish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.

Unga ko‘ra, quyidagilarga oid qarzdorliklar bo‘yicha nizosiz talablarni ko‘rib chiqish tartibi o‘zgaradi:

  • ijara to‘lovlari;
  • ko‘p kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlar;
  • kommunal xizmatlar;
  • aloqa xizmatlari.

Sanab o‘tilgan to‘lovlardan qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq talablarning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan ko‘p bo‘lgan taqdirda, amaldagi taomil asosida – sud tomonidan, buyruq tartibida ko‘rib chiqiladi.

BHMning ming barobaridan kam bo‘lgan nizosiz talablarga doir ishlar esa notariuslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, BHMning ming barobari hozirda 412 mln so‘mni tashkil etadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid