O‘zbekiston | 17:58 / 17.03.2026
2500
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr uchun to‘lov cheklanadi

Soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 million so‘mdan oshganda uni elektr energiyasining billing tizimi orqali undirish bo‘yicha yangi tizim 16 apreldan boshlab, sinov tariqasida Namangan viloyatida ishga tushishini e’lon qildi.

Foto: Getty images

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 million so‘mdan oshganda uni elektr energiyasining billing tizimi orqali undirish 2026 yil 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida joriy etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Ushbu tizim viloyatda sinovdan o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi.

Agar jismoniy shaxsning soliq qarzdorligi 1 million so‘mdan oshsa, avvalo fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi. Dastlab fuqaroga soliq hisoblangani haqida xabarnoma, shundan so‘ng SMS orqali eslatma, agar fuqaroda “Soliq” mobil ilovasi mavjud bo‘lsa, xabarnoma yuboriladi.

Bundan tashqari, my.gov.uz orqali ham fuqaroning shaxsiy kabinetiga xabar yuborilishi mumkin. Shundan keyin soliq organi tomonidan elektr to‘loviga cheklov kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida SMS xabarnoma yuboriladi.

Barcha ogohlantirishlarga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektrga to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilsa, cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.

Agar tizim sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, barcha hududlarda joriy qilinadi. Soliq qo‘mitasi sinov natijalari asosida 2026 yil 1 oktyabrgacha qolgan hududlarda ham ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi kerak.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid