Jahon | 18:58 / 23.05.2022
5549
4 daqiqa o‘qiladi

Davos forumiga start berildi. Asosiy mavzu - pandemiya va Ukrainadagi urush 

1971 yildan beri Shveytsariyaning Davos shahrida har yili an’anaviy ravishda Jahon iqtisodiy forumi o‘tkazib kelinadi. Unda dunyo mamlakatlaridan akademiklar, ishbilarmon doira vakillari, hukumat rahbarlari qatnashib, bugungi kundagi global muammolarga birgalikda yechim topishga urinishadi. Maqsad – dunyodagi ahvolni yaxshilash.  

Foto: Reuters

Bu yil forum 50-marta, doimgidek yanvarda emas, balki bahor faslida o‘tkazilmoqda. Ma’lum vaqt davomida pandemiya bo‘lgani sabab yig‘ilish kechiktirilgandi. 22 may kuni xalqaro tadbirga start berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, unda 2,5 mingga yaqin kishi qatnashmoqda. Ular orasida siyosiy rahbarlar, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati faollari hamda jurnalistlar ishtirok etishmoqda. Shuningdek, 50 nafardan ortiq hukumat va xalqaro tashkilot rahbarlari ham bu tadbirga tashrif buyurishi aytilgan. Xususan, Germaniya kansleri Olaf Shols, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen hamda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Forum 5 kun davom etadi, unda turli dolzarb mavzular muhokama qilinib, tomonlar o‘z yechimlarini taklif qilishadi. Euronews ushbu tadbir bilan bog‘liq bir qancha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, jahon iqtisodiy forumi 50 yillik tarixida hech qachon hozirgidek misli ko‘rilmagan global muammolarga duch kelmagan. 2022 yilga kelib dunyo mamlakatlari pandemiyadan qutulib, iqlim inqirozi va uning salbiy ta’siriga qarshi kurashib kelmoqda. Shuningdek, Ukrainadagi urush tufayli geosiyosiy ahvol ham yaxshi baholanmayapti.

«Davos qor yo‘qligi uchun emas, balki ushbu dolzarb muammolarni yechishda global hamkorlik bo‘lmagani tufayli hozirda boshqacha ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda. Global muammolar global yechimlarga muhtoj, ammo biz bu global yechimlarni ko‘rmayapmiz. Shu sababli Davosdagi uchrashuvda aynan shularga yechim topishimiz kerak», dedi Xalqaro iqtisodiy forum prezidenti Byorge Brende tadbirdan oldin o‘tkazilgan brifingda.

Aynan shu masalalar Xalqaro iqtisodiy forumning bu galgi kun tartibida asosiy o‘rinni egallagan.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi

Ma’lum qilinishicha, Ukrainadagi urush Davosdagi tadbirning bu yil biroz boshqacha ko‘rinishda o‘tishini bildiradi. Masalan, tashkilotchilar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni hisobga olib, Rossiya kompaniyalari vakillariga taklifnoma bermaslikka qaror qilishgan.

«Bu urushni Putin boshladi va uni o‘zi tugatishi mumkin. O‘tmishda qabul qilgan narsasi, ya’ni Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olish orqali», dedi Brende. 

Ko‘p yillar davomida Rossiya delegatsiyasi uchun maydon sifatida xizmat qilgan, hozirda esa bo‘sh turgan «Rus uyi» («Russkiy dom») Ukrainaga topshirildi va uning nomi «Rus harbiy jinoyatlari uyi» («Rossiyskiy dom voyennyx prestupleniy») deb o‘zgartirildi.

Ilgari rossiyalik delegatlar bilan tadbirlar va uchrashuvlar o‘tkazilgan bu joyda endilikda Rossiya kuchlari tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar ko‘rgazmasi namoyish etiladi.

Ukraina delegatlari bu yilgi tadbirda faol ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jonli efirda nutq so‘zladi.

Iqlim inqirozi kuchayishi

Iqlim inqirozi doimo Jahon iqtisodiy forumida muhokama qilinadigan asosiy mavzulardan biri bo‘lib, bu yil ham u asosiy mavzular qatorida turibdi.

Qayd etilishicha, forum tashkilotchilari doimiy ravishda to‘siqlarga uchrashadi. Chunki juda ko‘p tashrif buyuruvchilar Davosga shaxsiy samolyotlarida keladi, bu esa tadbirning eng keskin tanqidlarga uchrashiga sabab bo‘ladi.

Greenpeace va atrof-muhit bo‘yicha boshqa nodavlat tashkilotlari ham forumda ishtirok etadi. Hatto, 2019 yildagi tadbirda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘smirlar faoli Greta Tunberg mahalliy yoshlar bilan haftalik iqlim harakatini boshqargandi. Bu safargisida esa bir necha kun oldin iqlim faollari Tsyurix ko‘chalarida forumga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazishga ulgurishgan.

Mavzuga oid