Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbek-qozoq chegarasidagi tunnel, ijtimoiy obektlar geoportali va Jizzaxga tashrif – mahalliy dayjest
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Ijtimoiy obektlarni qurishda korrupsiyaning oldini olish uchun mo‘ljallangan raqamli platforma (geoportal) ishga tushdi. Maktabdagi baholar test sinovi balliga qo‘shilmaydigan bo‘ldi. Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga qariyb 18 mlrd so‘m to‘lab berildi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi
Davlat rahbari tashrifini «Zomin texnoparki» maxsus sanoat zonasidan boshladi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi. Yaqinda ilk korxona – Xinjiang Honglin Tiandi kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. Ayni kunlarda 42 million dollarlik ikkinchi loyiha bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda Midea brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnika ishlab chiqariladi.
Ijtimoiy obektlarni qurishda korrupsiyaning oldini olish uchun mo‘ljallangan raqamli platforma ishga tushdi
Ushbu geoportal maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obektlariga sarmoya kiritish jarayonini shaffof qilish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.
Platforma barcha ijtimoiy obektlarning raqamlashtirilgan xaritasini ko‘rish va ularning holatini real vaqtda kuzatish, loyihalar qanday amalga oshirilayotganini monitoring qilish, davlat tashkilotlari o‘rtasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, real ma’lumotlar asosida ijtimoiy obektlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish, shaffoflik va fuqarolar ishtirokini ta’minlash imkonini beradi.
Maktabdagi baholar test sinovi balliga qo‘shilmaydigan bo‘ldi
2023-2024 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarning shahodatnomalaridagi so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi o‘qishga kirishda inobatga olinishi va to‘plangan ballga o‘rtacha baho qo‘shib berilishi kerak edi.
Biroq 19 iyul kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida abituriyentlarning ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlariga qo‘yilgan baholarini inobatga olish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotishi belgilandi. Natijada shahodatnomadagi baholar imtihonda inobatga olinmaydigan bo‘ldi.
Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga qariyb 18 mlrd so‘m to‘lab berildi
Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, yil boshidan soliq huquqbuzarliklari bo‘yicha aholidan 54 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan. Shulardan 50 mingga yaqini xarid chekini bermaslik bilan bog‘liq. Huquqbuzarliklar orasida to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik va plastik karta uchun xarid summasini oshirish holatlari ham bor. Huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha xabar bergan fuqarolarga 24 762 ta holat bo‘yicha (undirilgan jarima summasidan 20 foiz) 17,7 milliard so‘m mukofot to‘langan.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston chegarasida 450 metrlik tunnel aniqlandi
Jinoiy guruh ushbu yashirin tunneldan 2 oy davomida neft mahsulotlari kontrabandasi uchun foydalangan. Ikki davlat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jinoiy guruhning barcha a’zolari ushlangan. Jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘istonning besh nafar fuqarosi. Hozir tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga yuborilgan.
Mavzuga oid
21:05 / 26.12.2025
2026 yil nomi va o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejasi – mahalliy dayjest
21:28 / 25.12.2025
Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest
21:41 / 24.12.2025
Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest
21:57 / 23.12.2025