Jahon | 19:31 / 04.02.2026
8243
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoy armiyasi rahbariyatidagi tozalash: bu nimani anglatadi?

The New York Times buni «misli ko‘rilmagan tozalashlar» deb baholadi. Uch yil ichida 30 nafar yuqori martabali generaldan faqat yetti nafari o‘z lavozimini saqlab qolgan.

Greg Baker / Reuters / Scanpix / LETA

2023 yil boshidan buyon Xitoydagi 30 nafar yuqori martabali general va admirallardan faqat yetti nafari o‘z lavozimini saqlab qolgan, boshqalari esa yoki iste’foga chiqarilgan, yoki «g‘oyib bo‘lgan», deya hisoblab chiqdi The New York Times nashri Xitoy davlat nashrlarida chiqqan xabarlar hamda rasmiy bayonotlarga asoslanib. 

Gazeta XXR raisi Si Jinping tomonidan Xitoy qurolli kuchlari rahbariyatida o‘tkazilgan tozalashni mamlakatning yangi tarixida misli ko‘rilmagan darajada deb baholagan.

Bu bo‘yicha so‘nggi epizod Si Jinpingning Markaziy harbiy kengashdagi (mamlakat qurolli kuchlarini boshqaruvchi tuzilma) birinchi o‘rinbosari Jang Yusya, shuningdek, Markaziy harbiy komissiya qo‘shma shtabi boshlig‘i, general Lyu Jenliga nisbatan tekshiruv boshlanishi bo‘ldi. Ular rasmiy ravishda «intizom va qonunning jiddiy buzilishi»da gumonlanmoqda. 

BBC qayd etishicha, odatda tarkibi yetti kishidan iborat bo‘ladigan Markaziy harbiy kengashda endi ikki kishi qolgan – Si Jinpingning o‘zi va general Jan Shenmin. Qolganlarning barchasi oldinroq korrupsiyaga qarshi kurashish kampaniyasi doirasida ishdan olingan. Jan Shenmin endi siyosiy intizom va sodiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘ladi, deya yozadi NYT. U o‘z karerasining katta qismini korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha zobit sifatida o‘tkazgan. 2025 yilda Si Jinping uni Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosari lavozimiga ko‘targandi.

Bu iste’folar Xitoydagi deyarli barcha turdagi qo‘shinlarga, jumladan, raketa qo‘shinlari va harbiy-dengiz flotiga ham ta’sir ko‘rsatdi, deyiladi The New York Times maqolasida. Jang Yusya va Lyu Jenli ishdan olinishi qo‘shinlarni harbiy harakatlarga tayyorlovchi harbiy komissiyani boshsiz qoldirdi. NYT baholariga ko‘ra, endi yirik harbiy amaliyotlarni amaliy rejalashtirishda nisbatan past lavozimlardagi zobitlar ishtirok etmoqda, bu esa Si Jinpingning Xitoy armiyasining jangovar tayyorligiga bo‘lgan ishonchini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bu qadar keng ko‘lamli tozalashlar mamlakat harbiy rahbariyatida vakuum hosil qildi, deya xulosa qiladi nashr.

Shu bilan birga, The Wall Street Journal nashrining 31 yanvardagi materialida yuqori martabali generallarning yoppasiga ishdan olinishi Si Jinpingga Xitoy armiyasi ustidan nazoratni to‘liq o‘z qo‘lida to‘plashga imkon berishi, bu esa, o‘z navbatida Tayvanga ehtimoliy bosqinni tezlashtirishi qayd etilgan. 

Versiyalardan biriga ko‘ra, Si Jinping va Jan Yusya o‘rtasida Xitoy armiyasining bosqinga tayyor bo‘lishi muddati bo‘yicha kelishmovchilik mavjud edi. XXR raisi buning uchun 2027 yilgacha muhlat bergan, general esa ancha ko‘proq vaqt so‘ragan – 2035 yilgacha.

Amerikalik amaldagi va sobiq mulozimlar The New York Times bilan suhbatda qayd etishicha, ushbu mamlakat harbiy rahbariyatidagi tozalashlar sababi hozircha noma’lum – Si Jinping paranoyyaga tushib qolganmi, «real siyosiy chaqiriq»dan himoyalanmoqdami yoki armiyadagi korrupsiyaga qarshi kurashmoqdami. Shu bilan birga, AQSh razvedkasi tahlilchilari so‘nggi yillarda XXR raisida paranoyyaning kuchli alomatlari paydo bo‘lgani haqida xulosaga kelgan.

The Wall Street Journal yanvar oyi oxirida Xitoy qurolli kuchlari yuqori martabali zobitlarining yopiq brifingiga tayanib, Jang Yusya mamlakat yadro dasturi haqidagi ma’lumotlar AQShga sizdirilishida ayblaganini yozgandi. Unga ko‘ra, Jang AQShga Xitoyning yadroviy qurollari haqidagi asosiy texnik ma’lumotlarni taqdim etgan. Shuningdek, general xarid tizimida yuqori lavozimga ishga ko‘tarish uchun pora olganlikda gumonlanmoqda. Bundan tashqari, Janga nisbatan «siyosiy to‘da tuzish» ayblovi bo‘yicha tergov olib borilmoqda – WSJ tushuntirishicha, bu partiya birligiga putur yetkazuvchi tarmoqlarni yaratishni anglatadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid