Sport | 10:10 / 09.06.2026
13004
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi

2025 yilda Afrikaning eng yaxshi futbol hakami deb topilgan somalilik referi Umar Artanga AQShga kirishga ruxsat berilmadi. FIFA tomonidan 2026 yilgi jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar ro‘yxatiga kiritilgan mutaxassis Mayami aeroportida chegara nazoratidan o‘ta olmagan.

Foto: REUTERS

AQSh chegara-bojxona xizmati futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarida ishlashi kerak bo‘lgan somalilik hakam Umar Artanni mamlakatga kiritmadi. Natijada u AQShdan tashqari Shimoliy Amerikaning yana ikki davlati – Kanada va Meksikada ham bo‘lib o‘tadigan turnir o‘yinlarini boshqara olmaydigan bo‘ldi.

Somalilik hakam 6 iyun kuni Istanbuldan Mayami xalqaro aeroportiga yetib kelgandi. AQSh Chegara-bojxona xizmati xabarida uning shaxsini oshkor qilinmagan, biroq turnirda Somalidan faqat bitta hakam – Umar Artan ishtirok etishi kerak edi.

FIFA ushbu holat bo‘yicha izoh berib, qabul qiluvchi davlatning migratsiya va viza masalalariga aralasha olmasligini ma’lum qildi.

«FIFA mezbon mamlakatning immigratsiya tartib-taomillarida, jumladan viza masalalarida ishtirok etmaydi. Vakolatli idoralar bizga janob Artanning maqomi hozircha qayta ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi», – dedi federatsiya vakili.

AQSh Bojxona va chegara xizmati ham bu voqeani tasdiqlagan. Biroq idora bayonotida mamlakatga kirish rad etilgani sabablari keltirilmagan.

Umar Artan esa ro‘y bergan voqeaga qaramay, faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini bildirdi. U o‘zini qo‘llab-quvvatlagan futbol jamoatchiligiga minnatdorlik izhor qildi va hamkasblariga jahon chempionatida omad tiladi.

«Qo‘llab-quvvatlov so‘zlari uchun futbol oilasiga rahmat aytaman. Hamkasblarimga jahon chempionatida muvaffaqiyat tilayman va kelajakdagi turnirlarda ular safiga yana qo‘shilishga umid qilaman», –dedi Artan.

Umar Artan Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tomonidan 2025 yilning eng yaxshi hakami deb e’tirof etilgan edi. U jahon chempionati final bosqichi o‘yinlariga jalb qilingan birinchi somalilik referi sifatida ham tarixga kirgan.

Kuzatuvchilar fikricha, mazkur qaror sport va migratsiya siyosati kesishgan nuqtada yuzaga kelgan bahsli holatlardan biri bo‘lib, jahon chempionati oldidan katta muhokamalarga sabab bo‘lishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid