«Dovud ota» bojxona postini O‘zbekistonning shimoliy chegara darvozasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Rossiya va Qozog‘istondan kelayotganlar aynan shu joydan O‘zbekistonga kiradilar. Bu yerga eng yaqin katta shaharlar – Qo‘ng‘irot 350 km, Nukus esa 450 km uzoqlikda joylashgan. Cho‘l-u biyobon o‘rtasidagi bu joy iqlimining juda noqulayligi – yozda jazirama issig‘i, qishda esa qahraton sovug‘i bilan ajralib turadi.

2013 yilda mahalliy tadbirkor Davronbek Qo‘chqarov bojxona posti yaqinida 210 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi kafe, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona barpo qilgan. Hozirgi kunda bu majmua hamyurtlarimiz va sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Uzoq va og‘ir yo‘l bosib kelgan odamlar shu joyda yuvinib, taranib, ovqatlanib, hordiq chiqarish imkoniyatiga ega. Buning uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish siyosati ustuvor yo‘nalishlardan biri qilingach, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi oshdi. Ayniqsa, Xiva, Buxoro, Samarqand va boshqa joylardagi tarixiy obidalarni, qadamjolarni tomosha, ziyorat qilish istagida kelayotganlar ko‘paydi. Mos ravishda «Dovud ota» bojxona posti orqali kirib kelayotganlar orasida poklanib, namoz o‘qib olish uchun sharoit so‘rayotganlar soni ham o‘sdi.
2017 yilda Davronbek Qo‘chqarov ularga qulaylik yaratish maqsadida, shuningdek Haj safaridan qaytgan onasi Yaqutjon Ishmuratova tavsiyasiga ko‘ra, yaxshi niyatlar bilan kichik namozxona qurishga qaror qildi.
«Ko‘plab allomalar, donishmandlar va mo‘tabar zotlar yetishib chiqqan, jahonga mashhur ziyoratgoh va qadamjolarga ega bo‘lgan mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlarni jalb etish yo‘lida ko‘plab ishlar olib borilayotganini ko‘ryapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: «O‘zbekiston ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay mamlakat. Chunki ona zaminimizda butun dunyoga ma'lum va mashhur bo‘lgan ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan. Ular qoldirgan boy ma'naviy-madaniy merosga xalqaro maydonda qiziqish juda katta», deb aytgan so‘zlaridan ruhlanib, o‘g‘limga shu joyda kichik namozxona qurishni maslahat berganman. Bundan tashqari, yurtboshimizning avtomagistral yo‘llar bo‘yida namozgohlar qurilishi borasida bergan topshiriqlari ham menga «qanot» bo‘lgan», – dedi 76 yoshli Yaqutjon ona.






















