Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada yangi reja: masofaviy urush
29 mayga o‘tar kechasi Rossiya dronlaridan biri (ovozidan Shahedʼga o‘xshadi) Ruminiyadagi ko‘p qavatli binolardan biriga borib urildi. Yana bir dron dalaga qulagani aytilmoqda. Ukraina chegarasidagi bu davlatga avval ham ruslarning droni qulagandi, lekin bu gal shovqini olamni buzadigan Eron brendidagi dron turar joy binosiga borib urildi. Ikki kishi yaralandi, kamida 70 kishi evakuatsiya qilingan.
Ruslar Kiyevga otayotgan raketalar oldida bittagina dron nima bo‘libdi, deyishingiz mumkin, lekin Ruminiya urushga qo‘shilmagan davlat. Va eng muhimi bu davlat 22 yildan buyon NATOning to‘laqonli a’zosi. Lekin alyans a’zo davlatdagi tinch aholi ustiga jangovar dron qulashiga doimgidek «xavotir va norozilik bildirilgan» degan bayonot bilan javob bera oldi xolos. Bunday yengil reaksiyadan keyin Rossiyaning oxirgi paytlarda faol qo‘llayotgan masofaviy urush taktikasiga ishonchi oshdi.
Osmon joyida
Rossiya urush boshidan buyon Ukrainada bilganini qilib yotibdi, lekin Donald Tramp Amerika prezidentligiga qaytgach, ruslar uchun bu borada vaziyat yanayam yaxshilandi. Vashingtondagi oldingi ma’muriyat Rossiyaning bu qadar keskin harakatlaridan keyin qandaydir choralar ko‘rayotgandi. Masalan, urush boshida dahshatdek tuyulgan qarorlar, aytaylik, Ukrainaga NATO armiyalaridagi tanklar, HIMARS kabi qurollar, Patriot kabi mudofaa tizimlari yetkazib berish qarori aynan ruslarning qaysidir harakatidan keyin qabul qilingandi.
Bu, albatta, Putinning armiyasini tiyib turish vazifasini bajarmagan, lekin ruslar har qanday keskin harakatidan keyin qandaydir chora bo‘lishini, hech bo‘lmasa qanaqadir yangi sanksiya joriy etilishini his qilib turgan. Esingizda bo‘lsa, urush boshlangani haqida e’lon qilgan Putin boshqa davlatlarni aralashmaslikka chaqirib, «aks holda yomon bo‘lishidan» ogohlantirgandi. Lekin har gal yangi eskalatsiyadan keyin Putinning o‘zi belgilagan «qizil chiziq»lar kattalashib boraverdi. Vaziyat shunchalikka bordiki, Ukraina Rossiyaning butun boshli shahrini egallab olib, u yerda harbiy rahbariyat o‘rnatdi, shahar bir yilcha Kiyev nazoratida bo‘ldi.
Tramp kelgach, barchasi o‘zgardi. Endi Rossiyaning hech qaysi harakatiga javob berilmayapti. Chunki xohlaymizmi-yo‘qmi, kollektiv G‘arbning yo‘lboshchisi Amerika. Rossiyaning harakatlariga Amerika javob bermasa, NATOdagi boshqa hech bir a’zo javob berolmaydi. Yo‘lboshchi Yaqin Sharqdagi bir burda davlat manfaati uchun Eron bilan urushib yurgan bir vaqtda Rossiya butun boshli yadroviy kallakni olib uchadigan o‘nlab qurollarni Kiyevday zich shahardagi tinch aholi ustiga uchirishiga kim ham reaksiya bildirardi? Rossiyaga faqat Ukrainaning o‘zi bir amallab ishlab chiqarayotgan dronlari bilan javob bera olyapti xolos. Ammo dron qayoqda-yu, yadroviy kallakni olib uchadigan raketalar qayoqda.
Rossiya o‘z harakatlariga dunyo reaksiyasini ko‘rmagandan keyin, albatta, o‘z arsenalidagi bor qurollar bilan hujum qilaveradi. Urushlar tarixida yadroviy quroldan foydalanish holati bir marta sodir bo‘lgan. Lekin o‘sha mash’um 1945 yil avgustidan buyon urushlarda yadroviy kallakni olib uchadigan raketalar qo‘llanmayotgandi. Ukrainlar esa bunday dahshatli qurollar frontda emas, tinch aholi ustiga tashlanishiga ham odatlanib qolishdi.
Va eng dahshati butun dunyo bunaqa yadroviy qirg‘inga ham qodir raketalar tinch aholi ustiga xuddi sinov poligoniga tashlaganday portlatilishiga og‘zini ochib qarab o‘tiribdi. Rossiya bunday jimlikdan unumli foydalanib, yadro kallagini olib uchadigan raketalarni poligonda emas, real urush sharoitida, tinch aholi ustiga tashlab, chinakam sinovdan o‘tkazib olmoqda.
Bunaqa masofaviy urushning eng yaxshi tomoni unda kuniga yuzlab, minglab askarlaring o‘lmaydi. Sen raketani yasab otaverasan, frontda ishing yurishmayotgan bo‘lsa ham, dushman shaharlari vayronaga aylanaveradi. Pul esa muammo emas, yerning tagi to‘la neft, Amerikada seni qo‘llovchi prezident kelib sanksiyalarni olib tashlagan.
Javob ham qo‘rqinchli emas, oshib borsa bir nechta dron shaharlaringga kelib tushadi. Urush boshida ukrainlar Rossiya hududiga hujum qilishi xuddi qiyomatning boshlanishidek vahimali eshitilardi, lekin endi rossiyaliklar dron hujumiga o‘rganib qolishdi. Yuzlab shaharlaring dron hujumiga uchrayotgan bo‘lsa ham, hukumat sening qo‘lingda, hech kim maydonlarga chiqib seni ag‘darishni tasavvur ham qilmaydi. Ukrain dronlari shaharlaringga uchib kelgan sari xalqing qo‘shnisini battar yomon ko‘rib qolyapti. Yashasin sening siyosiy qarashlaringga orzudagidek mos keladigan sodiq jamiyat!
Shumi g‘alaba?
Lekin baribir es-hushi joyida odamlarni sendan ming chandon kuchsiz raqib shaharlariga bunaqa raketa uchirish muvaffaqiyat ekaniga ishontirish imkonsiz. Bir lahza 2022 yil 24 fevralga qayting-da, nimalar bo‘lganini eslang. Eslolmasangiz, Kun.uzʼga kirib o‘sha sanada chiqqan xabarlarga bir ko‘z yugurtiring. U paytlar ruslar vajohatli, TVda «urush uch kunda tugaydi» qabilida gaplar yangrayotgandi. Urush boshida ruslar Ukraina ularga qarshilik qilmasligiga ishongandi-da.
2022 yil fevralda Ukraina Rossiya hududiga hujum qilishi tugul, rossiyalik harbiylarga qarshilik ko‘rsatishi ham xuddi jahon urushini boshlab beradigan vahimali holatday tuyulardi. Xuddi shu urushning beshinchi yiliga kelib front bir yerda depsinib turibdi, ruslar Kiyev tugul Donbassni ham ololmayapti. Ukraina Rossiyaning butun boshli shahrini egallab, bir yil boshqardi. Ruslar shaharni qutqarish uchun Shimoliy Koreyadan hasharchi chaqirishgacha borishdi. Ya’ni urushda rasman uchinchi davlat paydo bo‘ldi.
Ukrainlar rus shaharlariga hujum qilishi odatga aylandi. Endi ayting-chi, Rossiya bir kun davomida Ukrainaga ulardan ko‘proq dron uchirishi, Kiyevga turli xil ballistik raketalar tashlashi bu g‘alaba deganimi? Dunyoda eng ko‘p yadro quroliga ega, butun Yer sayyorasidagi quruqlikning 11,5 foizini (!) tashkil etuvchi davlat o‘zidan taqqoslash ham qiyin darajadagi kuchsiz, asrlar davomida o‘z siyosiy tuzumi ostida yashagan davlat bilan urushning beshinchi yiliga kelib uzoqdan raketa otib shaharlarni vayronaga aylantirayotgani bilan maqtanishga munosibmi?
Mavzuga oid
20:16
Ukraina navbatda: Zelenskiy urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar haqida gapirdi
13:58
Iqtisodiy forumning ilk kunida Peterburgga dronlar hujum qildi – suratlar
12:19
Belgiyadan Rossiyaga bemor otasini ko‘rish uchun kelgan shaxs «davlatga xiyonat»da ayblanib, 16 yilga qamaldi
09:00