Jahon | 11:12 / 31.10.2025
5415
4 daqiqa o‘qiladi

Kreml AQShga yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlash bilan tahdid qildi

Putin matbuot kotibi aytishicha, «Burevestnik» yadroviy qurilmali qanotli raketa sinovlari yadroviy sinov hisoblanmaydi. Peskov Trampning bunday testlarni boshlash haqidagi so‘zlariga javoban yadroviy qurol sinovlari bo‘yicha moratoriyni esga soldi.

FOTO: AFP / SCANPIX

Moskva AQShning shunga o‘xshash qadamiga javob tariqasida yadroviy sinovlarni qayta tiklash bilan tahdid qildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 30 oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda dunyoda yadroviy qurolni sinashga oid amaldagi moratoriy mavjudligini ta’kidlab, cheklanmagan uzoqlikka ega «Burevestnik» qanotli raketacining yadroviy qurilma bilan o‘tkazilayotgan sinovlari «yadroviy sinov» emasligini bildirdi.

«Shu kungacha kimdir (yadroviy qurol) sinovini o‘tkazayotgani haqida ma’lumotimiz yo‘q. Agar gap qandaydir tarzda “Burevestnik” sinovi haqida ketayotgan bo‘lsa, bu hech qaysi tarzda yadroviy sinov emas. Barcha davlatlar o‘z mudofaa tizimlarini rivojlantiradi, ammo bu yadroviy sinov hisoblanmaydi», — dedi u.

Peskov, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadroviy qurol sinovlari bo‘yicha moratoriy buzilgan taqdirda «vaziyatga mos tarzda harakat qilish» haqidagi ko‘p marotaba aytgan gaplarini esga soldi. U «Burevestnik» sinovlari haqidagi ma’lumot AQSh prezidenti Donald Trampga to‘g‘ri yetkazilishiga ham umid bildirdi.

Bundan oldinroq Tramp Pentagonga yadroviy qurol sinovlarini boshlashni topshirganini e’lon qildi. «Boshqa mamlakatlar sinov dasturlarini yuritayotgani sababli, Mudofaa vazirligiga yadroviy qurolimizni paritet asosida sinashni boshlashni buyurdim. Jarayon darhol boshlanadi», — deb yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. Uning ta’kidlashicha, AQSh «boshqa har qanday davlatga qaraganda ko‘proq yadroviy qurolga ega».

Hozircha Tramp to‘liq quvvatli yadroviy portlashlarni, yetkazib berish vositalari sinovini yoki kallaklar portlashsiz tekshiriladigan subkritik sinovlarni nazarda tutgani yoki tutmagani aniq emas.

AQSh 1992 yildan beri to‘liq quvvatli yadroviy qurol sinovlarini o‘tkazmagan. Vashington 1996 yilgi Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan. Shundan buyon AQSh Nevada poligonida yerostida subkritik sinovlar o‘tkazib kelmoqda.

Moskva esa so‘nggi marta 1990 yilda, SSSR davrida yadroviy sinov o‘tkazgan. Rossiya Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan va ratifikatsiya qilgan, biroq 2023 yilda o‘z imzosini qaytarib olgan. Bundan oldin AQSh Rossiyani yadroviy sinovlar moratoriyini buzishda ayblagan edi.

So‘nggi kunlarda Putin avvalo cheklanmagan uzoqlikka ega yadroviy qurilmali «Burevestnik» qanotli raketa, keyin esa yadroviy qurilma bilan jihozlangan suvosti pilotsiz apparati «Poseydon» sinovlari haqida xabar berdi. Shu bilan birga Rossiyaning yadroviy qurolning o‘zini sinagani haqida e’lon qilinmadi. Tramp esa Putinning «Burevestnik» sinoviga oid bayonotini «noo‘rin» deb baholadi.

Mavzuga oid