Jamiyat | 17:41 / 05.11.2018
28411
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda yo‘l-patrul xizmati xodimlariga hujum qilindi

Foto: KUN.UZ

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli yo‘l patrul xizmati inspektorlari Jasur Yo‘ldoshev, Inomjon Qorayev va Shahzod Choriyev tomonidan Koson tumani «Guvalak» mahallasi hududida  yo‘lda harakatlanayotgan «Kobalt» avtomashinasi to‘xtatilib, kichik serjant J.Yo‘ldoshev avtomobil haydovchisidan hujjatlarni taqdim qilishni so‘raydi. O‘zini Husniddin To‘raqulov deb tanishtirgan shaxs hech qanday hujjatlari yo‘qligini aytadi. 

Inspektorlar ushbu holat yuzasidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng avtomashinani vaqtinchalik jarima maydonchasiga olib borilishi kerak edi. 

Ammo X.To‘raqulov va uning yo‘lovchilari, ya'ni turmush o‘rtog‘i Muhabbat Jumanazarova, o‘g‘li Shohrux Egamberdiyev, qizi Kumush Egamberdiyeva xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatishadi. 

Sh.Egamberdiyev qo‘liga pichoq olib, Koson tumani ichki ishlar boshqarmasi 11-sonli ichki ishlar boshqarmasiga tegishli “Damas” rusumli avtomashina oynasini sindirib, balonlariga shikast yetkazadi. Shundan so‘ng yo‘lovchilar avtomashinasiga o‘tirib, voqea joyidan qochib ketgan. 

Kichik serjant J.Yuldashev va safdor I.Qorayevga jarohat yetkazilgan. Ularga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatildi. 

Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan ma'lum qilishlaricha, ko‘rilgan tezkor choralar natijasida Sh.Egamberdiyev ushlanib, X.To‘raqulov, M.Jumanazarova va K.Egamberdiyeva tuman prokuraturasiga topshirildi. 

 Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid