Jahon | 17:40 / 10.07.2017
8283
3 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: Yaqin Sharqdagi qurg‘oqchilik yana qancha davom etishiga javob topildi

Foto: ceclimases.com

Geologlar va iqlimshunoslar Yaqin Sharq mintaqasining so‘nggi 130 ming yildagi iqlim tarixini tahlil qilib, quyidagicha xulosaga kelishdi. Ularning fikricha, hozirgi qurg‘oqchilik yana taxminan 10 ming yil davom etadi, deyiladi Journal of Quaternary Science jurnalida e'lon qilingan maqolada. 

"Yaqin Sharq mamlakatlari hukumatlari hozirgi qurg‘oqchilik vaqtinchalik holat ekaniga ishonishni ma'qul ko‘rishadi. Ular yaqin kelajakda mintaqa sersuv hududga aylanishiga ishonishadi. Bizning tadqiqot esa, buning aksini ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, kelgusida yog‘ingarchilik miqdori yanada kamayadi, mintaqadagi namlikning asosiy manbai bo‘lgan momaqaldiroqlar oralig‘i qisqaradi", — degan Mayami universiteti olimi Sevag Mehterian. 

Ko‘plab iqlimshunoslar va tarixchilar avvalgi tarixiy davrlar va hatto so‘nggi bir necha o‘n yilliklardagi iqlim tebranishlari tarixga qanday ta'sir ko‘rsatishini tushunishga urinishmoqda. 

Mehteryan va uning hamkasblariga ko‘ra, hozirgi qurg‘oqchilik juda chuqur tarixiy ildizlarga ega. Ular Eron shimoli-g‘arbidagi Kale-kord g‘oridagi tomchilardan hosil bo‘lgan muz davriga doir stalagmit cho‘kmalarining izotoplarini o‘rganib, shunday xulosaga kelishdi. 

Stalagmitlar, olimlarning tushuntirishicha, g‘orlar ichida tomchi va suv oqimlari tufayli paydo bo‘ladi. Bu suvlar esa, o‘z navbatida, g‘orlarga tog‘ yuzasidan sizib o‘tadi. Shunga ko‘ra, stalagmit qatlamlarining izotop tarkibini o‘rganish turli davrlarda mintaqada qanday iqlim hukmron bo‘lganini aniqlashga yordam beradi. 

Masalan, olimlar stalagmitdagi kislorod-18 izotopi miqdorini o‘rganish bilan turli tarixiy davrlardagi yog‘ingarchiliklar hajmini o‘rganishdan tashqari g‘or qoldiqlari hosil bo‘lish haroratini, shu bilan o‘sha vaqtda Quyosh yer yuzasini qanchalik qizdirganini aniqlash mumkin. 

130 ming yillik stalagmitlar hosil bo‘lish tarixini tahlil qilgan olimlar iqlim tebranishining qiziq holatiga duch kelishgan. Ular Grenlandiya muzliklarini tekshirganida duch kelgan holatni uchratishgan. Bu Shimoliy Atlantika va Yaqin Sharq iqlimi o‘zaro bog‘liq bo‘lgan va bir xil mexanizm bilan boshqarilganini ko‘rsatadi. 

Bugungi kunda, Mehteryan va uning hamkasblariga ko‘ra, Yaqin Sharq navbatdagi "qurg‘oqchilik" davriga kirgan. U 10 ming yillar davom etadi. Shu boisdan bu mintaqada ichimlik suvi muammosi yaqin yillarda halbo‘lishini kutmasa ham bo‘ladi, deya xulosa qiladi olimlar. 

Mavzuga oid