O‘zbekiston | 14:15 / 22.08.2020
9852
8 daqiqa o‘qiladi

Ilm-fan va innovatsiya sohasi isloh qilinadi - Prezident farmoni loyihasi

Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimi takomillashtiriladi.

Prezidentning “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar ilm-fan va innovatsiya sohasini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • ilm-fan, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvini hamda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;
  • hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini joriy qilish va hududiy innovatsion infratuzilmalarni rivojlantirish;
  • ilg‘or xorijiy tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlaridagi korxona va tashkilotlarda innovatsiyalarni keng joriy qilish tizimini yaratish;
  • ilm-fanga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hajmini bosqichma-bosqich oshirish;
  • ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish;
  • ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimining shaffofligi va samaradorligini ta'minlash hamda ilmiy darajali kadrlarni tayyorlovchi tashkilotlar va ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarning mas'uliyatini oshirish;
  • ilmiy tashkilotlarning milliy reytingi tizimini joriy qilish va ilmiy tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularni boshqarish va muvofiqlashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq etish;
  • ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarishga malakali kadrlarni tayyorlash, innovatsiyalar menejyerlarini yetkazib berish asosida innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • mamlakatni innovatsion rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalar asosida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish, mamlakatning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi global reytinglardagi pozitsiyalarini yaxshilash tizimini joriy etish;
  • hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatini rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;
  • ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, ikki va ko‘p tomonlama xalqaro hamkorlik doirasida innovatsiyalar va texnologiyalar transferi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, ilmiy tashkilotlarning laboratoriya bazasini yangilash va ta'minotini yaxshilash;
  • ilmiy kadrlarni tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish, uning shaffofligini ta'minlashga qaratilgan raqamli texnologiyalarni joriy qilish, doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlashda izlanuvchilarga ko‘mak beruvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish, ilmiy va innovatsion loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektor faolligini oshirish, venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish va sohaga tashqi beg‘araz ko‘makni jalb etish;
  • innovatsion ishlanmalar asosida amalga oshiriladigan loyihalarning moliyaviy, iqtisodiy va texnik ekspertizasini o‘tkazish va intellektual mulk obektlarini tatbiq etish uchun zarur sharoitlarni ta'minlash hamda normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
  • ilm-fanga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish, iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;
  • yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirish, intellektual mulk qatnashadigan yangi korxonalarni shakllantirish va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish;
  • innovatsion infratuzilmalarni rivojlantirish, joylarda tashkil etiladigan innovatsiya markazlari, texnologik parklar, biznes va startap akseleratorlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha uslubiy qo‘llab-quvvatlash.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020–2021 yildagi faoliyati natijadorligini baholash ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi:

  • ilm-fanga ajratilgan mablag‘larning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foizdan 0,5 foizga oshirish;
  • joriy etilgan yangi texnologiyalar va innovatsion mahsulotlarni sonini 6,5 barobarga oshirish;
  • startap loyihalar akseleratsiyasi dasturlaridagi ishtirokchilar soni 3,5 barobarga oshirish;
  • tijoratlashtiriladigan ilmiy ishlanmalar sonini 2 barobarga oshirish;
  • xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalar soni 2 barobarga oshirish.

2021 yil 1 yanvaridan Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

  • Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tomonidan Vazirlik huzurida tegishli fan yo‘nalishlari bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashlar tashkil qilinadi hamda ularning tarkibi tasdiqlanadi;
  • ilmiy-texnik kengashlar tomonidan mamlakatda ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha takliflar Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashiga kiritib boriladi;
  • Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tomonidan tegishli Ilmiy-texnik kengashlarning takliflari asosida ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
  • Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib Vazirlik tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalar tanlovi hamda tanlovga kelib tushgan loyihalarning texnik ekspertizasi o‘tkaziladi;
  • ilmiy-texnik kengashlar tomonidan loyihalar tanloviga kelib tushgan loyihalar ilmiy ekspertiza va ochiq muhokamadan o‘tkazilib, ularni moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida Vazirlikka ilmiy xulosalar beriladi;
  • loyihalar tanlovi natijasi ko‘ra Vazirlik tomonidan davlat buyurtmasi asosida bajariladigan ilmiy loyihalardan iborat bo‘lgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari ishlab chiqiladi hamda ularni amalga oshirilishi ta'minlanadi.

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlariga ilmiy loyihalarni kiritish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlariga ko‘ra ham amalga oshirilishi mumkin.

Ilmiy-texnik kengashlarning tarkibi Vazirlikning taqdimnomasi asosida sohaga oid olimlar, davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarning yuqori malakali mutaxassislari o‘rtasida doimiy ravishda rotatsiya qilib boriladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalari huzurida tashkil qilingan ilmiy tashkilotlarga ularning faoliyat yo‘nalishlariga muvofiq magistraturaning tegishli mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi beriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar uch oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu band ijrosini ta'minlashga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta'minlaydi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmasida Innovatsion faoliyatni rivojlantirish sho‘'basi tashkil etiladi.

Belgilanishicha:

  • sho‘'balar Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan 2 nafar boshqaruv xodimi hamda Vazirlik tomonidan biriktirilgan 1 nafar boshqaruv xodimi tarkibida faoliyat olib boradi;
  • Vazirlik tomonidan biriktirilgan xodim sho‘ba faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda mehnat faoliyatini va funksional vazifalarini bevosita joylarda amalga oshiradi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining raqamli texnologiyalar va innovatsion rivojlantirish masalalariga mas'ul bo‘lgan o‘rinbosari sho‘'balar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.

Mavzuga oid