Jamiyat | 14:49 / 08.03.2021
32413
16 daqiqa o‘qiladi

Daladan o‘zga dardi yo‘q ayol - O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova bilan suhbat

Mehnatkash o‘zbek ayolining ramzi bo‘lmish Lola Murotovani tanimagan, bilmagan, ko‘rmagan kimsaning o‘zi topilmasa kerak. Qahramon fermer bilan bepoyon dalada bir piyola choy ustida dildan suhbatlashishni ko‘ngilga tugdik.

«Lola opa ancha injiq, daladagi yumushim qolib ketadi», – deb vaqtdan qizg‘anib, jurnalistlarning savollariga to‘liq javob bermaydi, degan gaplar ortidan har ehtimolga qarshi bunga o‘zimni ruhan tayyorlab yo‘lga chiqdim...

Oltiariq markaziga kelib, undan Markaziy Farg‘ona cho‘llari hududida joylashgan Belariq qishlog‘idagi Lola opaning «Nurli obod» fermer xo‘jaligigacha xiyla yo‘l bosildi. O‘ng tomon terakzor, chap tomonda zovur yoqalab tut daraxti ekilgan. Chor-atrof bepoyon dala...

Nihoyat Lola opa manzil qilgan «Nurli obod»ga yetib keldik. Ajoyib manzara!

Fermer xo‘jaligining shundoqqina yonidan ariq o‘tgan. Ariq tepasida ulkan tol daraxti ko‘kka bo‘y cho‘zib turibdi. Shiypon ichida so‘ri. Devorda esa «O‘zbekiston Qahramoni» yozuvi bilan Lola opaning katta surati osib qo‘yilgan, boshqa tomonda esa qahramonning otasi bilan tushgan surati ko‘zga tashlandi...

Birozdan keyin boshiga har doimgidek oddiy oq ro‘mol o‘ragan, samimiy, salobatli, g‘ayratli Lola opaning o‘zi iliq kutib oldi va salom-alikdan so‘ng, so‘riga taklif qildi. Duodan so‘ng hovlida kuymalanib yurgan ayol choy damlab chiqib, ikkimizga birma-bir piyola uzatdi...

Lola opa mish-mishlarga ters o‘laroq, injiq emas ekan. Samimiyat va muloyimlik bilan savollarga javob qaytara boshladi. Uzoq o‘tmishdagi shirin xotiralari uyg‘onib ketdi chog‘i, endi uni gapdan sira to‘xtatib bo‘lmasdi:

Dehqonchilik sohasiga qiziqish qanday uyg‘ongan?

«Dehqonchilikka qiziqishim bolaligimdan boshlangan. O‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarim biz yashab turgan qishloqda kolxoz dalasida paxta yetishtirilardi. Tushlik payti soat 2 gacha maktabda o‘qib, uyga borib qorinni to‘qlab, dalaga ketardik.

Onamiz bu paytda dalada bo‘lardi. Onamizga talpinib, ularga yordam beraylik, deb uning yoniga dalaga borar edim. Onamizga g‘o‘zalar atrofini yovvoyi o‘tlardan tozalash uchun yordam berardim. Mahallamizdagi qo‘ni-qo‘shni ayollar, momolarning dalada qilgan ishini ko‘rib qiziqib, ularga yordam bergimiz kelardi.

Dalaga bo‘lgan mehr ota-onamdan o‘tgan. Ularning hayot yo‘li kolxoz bilan chambarchas bog‘liq edi. Otam traktorchi, mexanik, keyin esa injyener bo‘lib ishlagan. 1941–1945 yilgacha urushda ishtirok etgan. Urushdan qaytib kelgan otam qishloqda mexanik, injyener vazifasini davom ettirdi.

Yoshligimdanoq kolxoz garajiga kelib, bu yerda qilinayotgan ishlarini qiziqib tomosha qilib o‘tirardim. Hamon o‘sha damlar ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Otamning sheriklari garajda mashina remont qilgan paytda yoniga fartuk tutib olishardi, fartuklari yog‘ bo‘lganidan quyosh nurida yaltirab turishi hali-hanuz ko‘z o‘ngimda. Saratonda 40–45 daraja issiqda otamning hamkasbi Xoliq tog‘a Ahmadaliyev temirni o‘tda qizdirib, kuvaldada urib, g‘o‘zaga ishlov beradigan kultivatsiya traktorlariga moslamalar yasab berardi. Ularning qilib turgan ishlarini kuzatib turib, o‘zim ayol kishi bo‘lsam-da, to‘g‘risi, ularga havas qilar edim.

 Yoshligida kimlarga havas qilgan?

Respublikadan chiqqan Tursunoy Oxunova, tumanimizdagi Ra'no Karimova, Xola opa, Toji opa, Mamlakat opa ismli mexanizatorimiz bor edi. Maktabda o‘qib yurganimizda «Saodat», «Guliston», «Sharq yulduzi» jurnalida ularning suratini ko‘rib, shu ayollarga o‘xshab mexanizator bo‘laman, qishloq ayollarining og‘irini yengil qilib, mashinada paxta teraman, deb astoydil niyat qilganman. Xudoga shukur, orzularim amalga oshgan. Yaxshi niyat qilsangiz, murodingizga yetar ekansiz.

Sevgan kasbi

Ishni ota kasb — mexanizatorlikdan boshlaganman. Bu menga otamdan yuqqan deb bilaman. Rahmatli otam menga ish o‘rgatgan. O‘sha paytdayoq qishlog‘imizning katta-yu kichigi ayol kishi bo‘lsam ham dalaga bo‘lgan ishtiyoqim baland ekanini juda yaxshi anglardi.

U paytlardagi traktorning kabinasi bo‘lmas edi. U tomonda bir qanot, bu tomoningizda bir qanot, o‘rtada bitta rul. Ana shunday traktorlarda g‘o‘zalarga ishlov berganmiz.

Maktabni bitirganimdan keyin tumanimizdagi 82-hunar-texnika bilim yurtiga mexanizatorlik va chevarchilik kursiga hujjat topshirdim. Chunki mexanizatorlik kursini bitirmaganlarga traktor berishmas edi. Hozirgi Katput qishlog‘ida joylashgan Moskva kolxozidagi bilim yurtida bir yil tahsil olib, 18-gruppaga starosta bo‘lganman. Moskva kolxozining hamma dalasini bilardim. Chunki amaliyotga dalalarga chiqar edik. Yerni qanday shudgorlash, tekislash, chigit ekishga tayyorlash bularning barchasini qilib ko‘rganmiz amaliyotda. O‘sha yerdagi mexanizatorlarga shogirdlikka tushib, ulardan ko‘p narsalarni o‘rganganmiz. Mexanizatorlar, brigada boshliqlariga shogirdlikka tushib dalada chiniqqanmiz.

G‘o‘za ekish usullarini o‘quvchilik paytidanoq yaxshi o‘zlashtirganman. O‘z kasbingizni sevmasangiz, unga mehr qo‘ymasangiz bo‘lmaydi. Dehqonchilikda ham yerga mehr bermasangiz, bir narsa ololmaysiz.

 Kasbga va yerga mehr qo‘yish

Oilada ota-onangizga, farzandlaringizga qanday mehr bersangiz yerga ham xuddi shunday mehr berish kerak. Farzandingizga bergan mehrni yerga ham bersangiz, g‘o‘za bo‘ladimi, bug‘doymi yoki boshqa ekinlarmi, albatta, siz kutgan hosilni olasiz, daromadingizni ham beradi. Yer o‘z saxovatini hech qachon ayamaydi.

Ota-onamiz ortidan ergashib yerga mehr bergan ekanmiz. Bugungi kunda Prezidentimiz va elimiz e'zozidamiz. Bunday e'tibor va e'tiroflarning cheki yo‘q. Yaratganga behisob shukur. Inson o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yib yashashi kerak. Bizdan keyin kelajak avlod shu davrda mana shunday kishilar yashab o‘tgan ekan, deb faxrlanib yurishsin.

 Paxtachilikni rivojlantirish yo‘lida chekilgan zahmatlar

Mana, bu yil qishloq xo‘jalik sohasida faoliyat boshlaganimga 43 yil bo‘ldi. Biz tayyor yerga kelmaganmiz. U mahallari dalalar hozirgidek unumdor bo‘lmagan. Dalalar qumloq yer bo‘lardi. O‘sha yerlarni o‘zlashtirishda ishtirok etganman. Buldozerlarda qumlarni olib chiqib tashlab, yerlarni tekislab joy tayyorlaganmiz. U paytlarda dala shiyponlari bo‘lmagan. Bitta brigadada 30–40 nafar ayol ishlar edi.

O‘z bolasi bilan dalaga kelgan onalar farzandini belanchakka belidan bog‘lab qo‘yib, dalaga kirib ketishar edi. Brezent palatkalar tikilar edi. Shamolda qum aralash brezentlarni shamol uchirib ketardi. Quloq va ko‘zlarimizga qum to‘lganidan yig‘lab yuborgan paytlarim ko‘p bo‘lgan.

Ertasi kuni dalama-dala  yurib, hisob-kitob qilib chiqar edim. 182 gektar paxtani shamol quritib ketgan. Bir kuni sahar 5 yarimda qurigan paxta yonida yig‘lab o‘tirsam, tuman partiya qo‘mitasi kotibi Usmonjon Begmatov yonimga kelib, «qizim nega yig‘layapsan», deb qoldi. 182 gektar yerdagi paxtani shamol nobud qildi dedim. «Ertaga davlatga paxta rejasini qanday topshiraman?» — deb yana yig‘ladim .Begmatov «Nima qilish kerak?» – deb so‘radi. «Bitta men bilan nima o‘zgaradi. Meni qumga olib kelib qo‘yganingiz bilan. Avvalo, ishchilarga sharoit qilib bering, brezent palatkalar emas, har bir brigada uchun dala shiypon qurib bersangiz keyin mehnat unumdorligi bo‘ladi», — dedim. U shiypon qilib berishga va'da berdi. Va'dasining ustidan chiqdi ham...

Ayol kishi uchun bu kasb murakkab emasmi?

Boshqa kasblarga qaraganda qishloq xo‘jaligi sohasi ayol kishi uchun nihoyatda murakkab kasb. Yurakdan bu ishga mehr bermasangiz qiynalasiz. Tug‘ma qiziqish bo‘lish kerak. Ota-onamning kolxozda qilib yurgan ishlarini ko‘rib yurib, qiziqqanim uchun o‘zim bilmagan holda dehqonchilikka kirib ketdim. Inson o‘z kasbiga mehr qo‘ysa har qanday mashaqqatni yengib o‘tadi. Mashaqqatsiz kasbning o‘zi yo‘q bu olamda. Usiz bir narsaga erishish qiyin. Sabr-matonat bilan mehnat qilsangiz, Yaratganning o‘zi sizni qo‘llaydi. O‘z hayotimda bunga amin bo‘ldim.

Ishni mexanizatorlikdan boshlagan bo‘lsam, mexanizatorlik qilib g‘o‘zapoya orasida yurdim. Mashinada paxta terdim. 130 tonnagacha paxta tergan kunlarim bo‘lgan. Bu albatta ayol kishi uchun juda og‘ir, mashaqqatli. Lekin ishingizga mehr qo‘ysangiz, mashaqqatlarni ham yengib o‘tar ekansiz. Men o‘sha paytda paxta tergan dalalarning ko‘pi hozir qishloq bo‘lib ketgan.

1991 yildan keyin aholiga yashash uchun tomorqa berilishi munosabati bilan yangi qishloqlar paydo bo‘ldi. Dala o‘rnida paydo bo‘lgan qishloqda yashovchilar hozirgacha meni ko‘rishganda «Lola opa, shu yerlarda paxta terib yurgansiz-a?» – deb gapirishadi. O‘sha paytlarda ham gazetalarda chiqqanmiz. 32 nafar yosh yigit-qizlardan ishchi qilib, 56 gektarda ish boshlaganmiz. Yerlarning unumdorligini oshirganmiz.

Shamolda uchgan g‘o‘zalar...

Hozir biz o‘tirgan joy jamoa xo‘jaligining 5-bo‘limi bo‘lgan. Sovxoz davrida bo‘lim 18 yil rejani bajara olmagan joy edi. Meni atay jo‘natishgan bu yerga. «Sen borsang, yerni o‘nglaysan», – deyishgan o‘shanda. Kelib, yerni ko‘rib, boshida men ham qo‘rqqanman. Yerning holati o‘ta abgor edi. O‘zlashtirilmagan yerlar ekan.

Kelsam buldozer ishlab turgan ekan. Buldozerchini yoniga borsam: «Bu yerga bekor kelibsan, bu yerning shamoli yomon, ekiningni uchirib ketadi, hosil ola olmaysan, manaman degan erkaklar bu yerni o‘nglay olmay qochib ketgan, sen ayol boshing bilan eplay olarmikansan, bu yerdagi ofatni ko‘rib juda borsa, 3 oycha ishlaysan, keyin qochib ketasan»,— dedi.

Yaratgandan ishimga unum berishini so‘rab astoydil ishga kirishdim. Shamolga qo‘shilib men ham uchib ketarmikinman, degan xayollar ham o‘tdi. Yaratganga shukur, eng avvalo, ishchilarning sharoitlarini o‘nglab berdim. Mexanizatorlarni to‘plab gaplashib oldik. Ishchilar bilan hamjihatlikda 6 ta brigada boshlig‘i sayladik. Brigadirlarimizdan Hayot aka Zokirov hozir ham hayot. Yoshi 100 ga qarab ketyapti. Suvchi Ergash aka Karimov yoshlari 90 da. U ham hayot. Ular bilan ota-boladek til topishib ishlaganmiz.

Xalq o‘zi shunday ishga yopishdiki, qumlarni o‘zlashtirib, yerlarni ekinga tayyorladik. Bungacha 2 yil qiynaldik. Shamol hisobiga rejamizni 98 foizga bajaradigan bo‘ldik. 2 foiz yetmagani menga shunaqangi alam qiladi. Tuman partiya kotibi ham «diqqat bo‘lmagin», deb yupatdi. Shamol 3 martadan g‘o‘zani uchirib ketgan. Qayta-qayta ekaverganmiz. Oxiri ekinni shamol uchirib ketmasligining yo‘lini o‘ylab topdik. Yerga javdar (roj) ekib, uni bahorgacha parvarish qilib, shuning o‘ziga 250 kg karbamid sochib chirindi qilib, o‘ziga yopdik. Yopganimizda ko‘k massa shamol uchirishini oldini olar ekan.

Qahramonlik mas'uliyati

O‘zbekiston Qahramoni bo‘lishning juda katta mas'uliyati bor. Qaysi kasb egasi bo‘lishdan qat'i nazar inson fidoyi, vatanparvar, halol bo‘lishi kerak. Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda, bor bilim va imkoniyatlarni ishga solib yildan yilga shartnoma rejalarimizni bajarishga kirishdik. Qancha ko‘p mahsulot yetishtirsak, daromadimiz ham yaxshi bo‘ladi. Qo‘limizni qayerga uzatsak yetadi. Umuman yerga mablag‘ni ayamayman. Katta-katta pul sarflayman. Fermer xo‘jaligiga texnika, yoqilg‘i olasizmi, qo‘l ostingizda mehnat qilayotgan ishchilar maoshini o‘z vaqtida berib borish kerak. Moddiy manfaatdorlik bo‘lmasa, ishda unum bo‘lmaydi. Ishchilarning ham o‘z oilasi, bola-chaqasi bor. Ular ham hayotdan rozi bo‘lib, yaxshi yashashi kerak.

O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilishini sira ham kutmagan edim. O‘sha kuni ham dala ichida yurgan edim. Sentyabr oyi .Paxtalar qiyg‘os ochilgan payt. Shu payt telefonim jiringlab qoldi. Telefonni olsam gimnaziya direktori Hamidjon Rahimov ekan. «Lola opa, qayerdasiz?» — deb so‘rab qoldi. Uning gapidan kulib: «Qayerda bo‘lardim, dalaning ichidaman-da», dedim.

Hamidjon keyin hayajonini yashira olmay, «Opa, Prezidentimiz sizga «O‘zbekiston Qahramoni» unvonini berdi. Tezda daladan shiyponingizga yetib keling», — dedi. Daladan chiqib shiyponga yetib kelib o‘zimni to‘xtata olmay, yig‘lab yubordim... Qani endi, shu kunlarimni oq yuvib, oq tarab, o‘qitib, vatanparvar, fidoyi qilib tarbiyalagan ota-onam ko‘rsa edi, — degan o‘y ta'sirida ko‘zimdan duv-duv quvonch ko‘z yoshlari to‘kilardi.

Prezidentimizga rahmat. Ular bosh vazirliklarida dalada olib borgan ishlarimizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Menimcha, o‘shanda yuragiga tugib qo‘ygan ekanmi, sira kutmagan edim O‘zbekiston Qahramoni bo‘laman deb. Yaratganga shukur qancha mashaqqatlarni boshimizdan o‘tkazdik. Bugungi kunda endi rohatini ko‘ryapmiz. Qishloq xo‘jaligi sohasiga kiribmanki, biror marta yerni yomon ko‘rmaganman. Yerning yomoni bo‘lmaydi, deb doim aytib kelaman.

«Nurli obod» fermer xo‘jaligida hozirda 127 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Dehqonchilikdan tashqari, 100 bosh qo‘y, 20 bosh qoramol parvarish qilib kelyapmiz...»

Suhbatimiz qizigandan qizib, vaqt qanday o‘tganini bilmay qoldim. Lola opa bolalikka qaytib, goh yoshlik chog‘idagi ajib damlarni, goh bugungi zamon shart-sharoitlarini jo‘shib gapirardi.

Lola opaning prezident bilan qilgan muloqotlari tasvirlangan lavhalarni birgalashib tomosha qildik. U traktor haydayotgan, qiyg‘os ochilgan paxta paykallarida yurgan kadrlarni ko‘rib sevinganidan qiqirlab kulardi.

Lola opa bilan suhbatlashib uning haqiqatan ham yurt, millatning asl qahramoni ekaniga yana bir karra amin bo‘ldik. Uning daladan o‘zga dardi yo‘q ayol ekanini ich-ichimizdan his qildik...

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid