Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Braziliyadagi futbol uchrashuvida 23 ta qizil kartochka ko‘rsatildi
«Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» o‘rtasidagi o‘yin ommaviy mushtlashuvga aylandi.
Foto: Evandro Oliveira/IMAGO/TASS
Braziliyaning Belu-Orizonti shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan «Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» klublari uchrashuvi ancha vaqtgacha muxlislar yodida qoladigan bo‘ldi – gollar yoki xavfli vaziyatlar emas, o‘yin oxirida maydonda kechgan tartibsizlik tufayli. Mineyro ligasi finalining so‘nggi daqiqalarida jamoa futbolchilari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuv yuzaga keldi, bosh hakam esa naq 23 nafar futbolchiga qizil kartochkasini ko‘rsatdi.
Barchasini darvozabon boshladi
Ushbu klublar o‘zaro o‘yinda Mineyro ligasi g‘olibi nomini aniqlashdi. O‘yinning 60-daqiqasida «Kruzeyro» forvardi Kayo Jorjye Jyersonning uzatmasi orqali hisobni ochdi.
«Atletiko Mineyro» qolgan yarim soat davomida hisobni tenglashtira olmadi. Jamoaning birorta zarbasi ham raqib darvozasi tomon to‘g‘ri bormadi. Natijada o‘yin oxirida futbolchilar asablarini jilovlay olishmadi.
Barcha hakam hushtagi chalinishini kutib turganida «Kruzeyro» so‘nggi hujumni uyushtirdi, hujum oxirida ushbu klub yarimhimoyachisi Kristian «Atletiko Mineyro» darvozaboni Eversonga borib urildi. To‘pga birinchi bo‘lib ulgurgan darvozabonga raqibning harakati yoqmadi: u avvaliga kurashga xos uslub qo‘llab, Kristianni oyog‘idan ushlab yiqitdi, keyin esa uning ustiga chiqib olib, tajovuzkor harakatlarini davom ettirdi.
Shundan keyin ikki jamoa futbolchilari, shuningdek, zaxira o‘rindig‘idagilar hamda murabbiylar shtabi a’zolari voqea joyiga yetib kelishdi. Maydonda ommaviy mushtlashuv boshlandi.
Natijada tomonlarni ajratish uchun maydonga harbiy politsiya kuchlari tushib kelgan.

«Aralashuv xavfsizlik xizmati majburiyatlarining bir qismi hisoblanadi. Protokolda hakamlar brigadasi xavfsizligini ta’minlash shartligi ko‘rsatilgan va bu ish bajarildi», – deyiladi harbiy politsiya bayonotida.
Bir necha daqiqadan keyin futbolchilar tinchlanishgan, uchrashuv esa «tulkilar»ning minimal hisobdagi (1:0) g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘yin bosh hakami esa 23 futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi: shundan 12 nafari «Kruzeyro», 11 nafari «Atletiko» futbolchilari. Bu borada bundan oldingi rekord 1954 yilda «Botafogo» va «Portugeza» klublari o‘rtasidagi o‘yinda o‘rnatilgan, o‘shanda 22 kishiga qizil ko‘rsatilgandi.
Xalk ham mushtlashuvda faol qatnashdi
O‘z vaqtida «Portu» va «Zenit» klublari safida to‘p surgan, hozirda «Atletiko Mineyro» klubi a’zosi hisoblangan Xalk bu o‘yinda Braziliya futboli tarixiga kirishi mumkin edi. U qatorasiga to‘rt yil mobaynida shtat chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Ammo 2026 yilda bu seriya uzildi: finalda u birorta gol urolmadi. Shu tariqa, u turnirning to‘rt karra to‘purari bo‘lgan boshqa bir futbolchi Dada Marvilidan o‘zib ketolmadi.
Shu bilan birga, Xalk mushtlashuvdagi faol ishtiroki bilan muxlislar yodida qoladigan bo‘ldi. Kameralar u raqiblardan birini ortidan quvib yurib urgani aks etgan holatni tasvirga olgan. Uning o‘zi o‘yindan keyin barcha javobgarlikni uchrashuv hakami zimmasiga yukladi.
«Yo hakam o‘yinni o‘z nazoratiga oladi, yoki u to‘liq tartibsizlikka aylanadi. Muxlislardan uzr so‘rashimiz kerak, bunday zo‘ravonlik sahnalarini ko‘rish juda achinarli. Buni bolalar va o‘smirlarga ko‘rsatmasligimiz kerak», – deya uning so‘zlarini keltirgan geglobo nashri.


















Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Ayni vaqtda KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi) hech qanday sanksiya haqida e’lon qilmadi – tashkilot hamon hodisani tekshirmoqda.
Jurnalist va sport huquqi sohasiga ixtisoslashgan Andrey Kampffning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar jiddiy jazolanmaydi
«Bunday holatlarda eng keng tarqalgan kvalifikatsiya Braziliya sport adliya kodeksining (CBJD) 254-a-moddasi bo‘lib, u 4 dan 12 tagacha o‘yinga diskvalifikatsiyani nazarda tutadi», – deya uning so‘zlarini keltirgan TEMPO Sport.
Bundan tashqari, Kampff qayd etishicha, jazo faqat shtat ichki chempionatiga taalluqli bo‘ladi. Shuning uchun, futbolchilar Braziliya A seriyasi o‘yinlarida ishtirok etaverishi mumkin.
Mavzuga oid
07:36 / 29.12.2025
Braziliya qanchalik katta? Infografikada haqiqiy ko‘lam
08:24 / 15.12.2025
O‘zbekiston va Braziliya qo‘shma loyihalarni ishga tushirishni muhokama qildi
15:54 / 10.12.2025
Toshkentda Braziliyaning yangi elchisi faoliyatini boshladi
19:41 / 22.11.2025