Jamiyat | 16:51 / 21.09.2024
9089
13 daqiqa o‘qiladi

Ilm-fanni moliyalashtirish: taklif qilinayotgan yangi tizim samara beradimi?

O‘zbekistonda ilmiy muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimiga o‘tish bo‘yicha prezident farmoni loyihasi muhokama qilinmoqda. Akademik Shavkat Ayupov va fan doktori Erkinjon Karimov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida loyiha borasidagi fikrlarini bayon etadi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning yangi bosqichiga chiqyapmiz: tadqiqotchilarning oylik maoshlari sezilarli ko‘tarilyapti, ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasi yaxshilanyapti, ilmiy tadqiqot zamonaviy tendensiyalarga moslashtirilyapti. Xususan, prezidentning matematika, fizika va geologiya sohalarini rivojlantirishga oid farmon va qarorlarida katta ahamiyatga ega.

Kim boshqaradi?

“Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunda davlatning vakolatli organi sifatida sobiq Innovatsion rivojlantirish vazirligi belgilangan edi. Ma’muriy islohotlar sababli bu vazirlik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga aylantirilib, uning tarkibiy qismi sifatida faoliyati bevosita ilm-fanga bog‘liq bo‘lgan ikki tashkilot – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi va Innovatsion rivojlanish agentligi qayta tashkil etildi. Endi bevosita ilmiy faoliyat bo‘yicha davlatning vakolatli organining majburiyati Innovatsion rivojlanish agentligida qolgandek go‘yo. Lekin bu qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi? Avvalo, bu haqida ham yaxshi o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi. Balki bu agentlikni innovatsion ishlanmalar bo‘yicha vakolatli organ qilish kerakdir. Ilm-fan bo‘yicha esa vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi munosib nomzod deb hisoblaymiz.

Yaqinda agentlik tomonidan ommaviy muhokamaga qo‘yilgan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasi olimlar o‘rtasida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Unda 184 ta ilmiy tashkilotlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashda ekani ma’lumot sifatida keltirib o‘tilgan bo‘lib, ularni moliyalashtirish tartibini 2025 yil 1 yanvaridan yangi tartibga o‘tkazish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, budjet ilmiy tashkilotlari tomonidan hisobot yilidan keyingi yil uchun ishlab chiqiladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari ilmiy ishlanmalarning iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablaridan kelib chiqqan holda yuqori turuvchi vazirlik va idoralar orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga ekspertizadan o‘tkazish uchun kiritiladi.

Ko‘zda tutilgan ekspertiza jarayoni har yili o‘tkazilishi ko‘zda tutilyapti. Keyingi bandlardagi jarayonga qaralsa, bu qanchalik vaqt oluvchi, resurs talab etuvchi murakkab jarayon ekani ko‘rinadi.

Shu bilan birga, “ilmiy ishlanmalarning iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablaridan kelib chiqqan holda” degan jumla qo‘shilishi farmon loyihasini tayyorlovchilar ilmiy tadqiqotlar maqsadi, uning tarkibiy jihatlari va turlari bilan uncha ham tanish emasligi ko‘rinadi.

Dunyo miqyosida qaralsa, ilmiy ishlanmalarning aksariyati qaysidir tashkilotlarning talabidan kelib chiqib amalga oshirilmaydi. Fundamental tadqiqotlar natijalari esa umuman global xarakterga ega bo‘lib, dunyo ilm-fanining rivojlanishida o‘ziga xos lokomotiv vazifasini bajaradi. Qolaversa, mamlakatimizda hali ilmiy ishlanmalarni bevosita amaliyotga joriy etishga qodir bo‘lgan tashkilotlar hali shakllanib ulgurmadi. Shu vaziyatdan kelib chiqilsa, ilmiy tashkilotlarimiz tomonidan tuzilgan dasturlar shu vajning o‘zi bilanoq rad etilishi mumkin.

Agentlik va ekspertiza jarayoni

Keyingi xatboshida Agentlik ekspertizani qaysi mezonlarga ko‘ra o‘tkazishi belgilab qo‘yilyapti. Agentlikning ko‘rsatib o‘tilgan mezonlar bo‘yicha ekspertiza o‘tkazish salohiyati savol ostida. Chunki agentlikda Davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi 7 shtatdan iborat etib tasdiqlangan.

Albatta, agentlik ekspertiza uchun maxsus guruhlar tashkil etish vakolatiga ega. Lekin bunday guruhlarga kimlar jalb etiladi, ularga haq to‘lash (mehnatiga yarasha) masalalari ochiq qolgan.

Bundan tashqari, berilgan muddat (noyabr-dekabr oylari) xolis ekspertiza qilish uchun yetarli muddat emas. Qolaversa, bunday ekspertizaning qanchalik mantiqli ekani haqida savol tug‘iladi. Masalan, Fanlar akademiyasi tarkibidagi Matematika instituti zamonaviy matematikaning kamida 5 ta turli yo‘nalishlarida dasturlar tayyorlasa, ularni ekspertizadan o‘tkazish uchun institut mutaxassislaridan boshqa (manfaatlar to‘qnashuviga ko‘ra, ular guruhga qo‘shila olmaydi) dastur yo‘nalishlarida tan olingan yetakchi mutaxassislar kiritilishi kerak bo‘ladi. Ma’lumki, Matematika instituti mamlakatdagi matematika bo‘yicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi. Xo‘sh, bu dasturlar borasida xolis, sifatli xulosa beradiganlar yetarlimi? Xuddi shunday fikrlarni FAning ko‘plab ilmiy tashkilotlariga nisbatan ham qo‘llash mumkin.

Reyestr?..

Farmon loyihasining 3-7-bandlarida ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning reyestrini tashkil etish va u asosida reyting baholash tashkillashtirish ko‘zda tutiladi. Bunday reyestr balki statistik ma’lumotlarni jamlash, tahlil etish uchun qulay vositadir, lekin bu reyting asosida tanlovlarda ustunlik berish (7-band) maqsadga muvofiq emas. Tashkilotning umumiy reytingi aniq bir mavzularda taqdim etilgan loyihalarida ustunlik berishi adolat mezoniga to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan tashqari, reyestrdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi tadqiqotchilarning hisobi ochilishi va ular haqidagi ma’lumotlarning kiritilishi (katta ehtimol bilan bu tadqiqotchilarning o‘ziga yuklatiladigan majburiyat bo‘ladi) ortiqcha deb hisoblaymiz. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi olimlarning xalqaro platformalardagi hisoblari bilan integratsiya qilinishining o‘zi yetarli bo‘lardi. Boshqa jihatdan, barcha ilmiy tadqiqotchilarni bu yo‘l bilan nazorat qilishdan katta samara ko‘rmayapmiz. Bu ularga qimmatli vaqtini oladigan ortiqcha vazifa bo‘ladi xolos.

Ilmiy tadqiqotlar qanday moliyalashtirilishi kerak?

Loyihaning 9-10-bandlari bevosita ilmiy va innovatsion tadqiqotlarni moliyalashtirishning loyiha va davlat dasturlari ko‘rinishidagi shakliga oid bo‘lib, amaldagi tizimda ham mavjud. Bu tizimni amalda samaraliroq tashkil etish uchun bu bandlarga aniqlamalar kiritilishi lozim. Yuqorida ta’kidlangan 124 ta tashkilotning dasturlari bu mexanizmdan alohida ko‘rilishi kerak. Aynan loyiha va davlat dasturlarini moliyalashtirishni joriy etish mamlakatdagi fan va ishlab chiqarish orasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy tashkilotlardan tashqarida faoliyat yurituvchi olimlarning tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, tashkilot dasturlariga kirmagan tadqiqotlar bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi imkoniyatni aynan shu mexanizm taqdim eta olishi kerak.

Amaldagi tizimda ham yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-texnik kengashlar (ITK) o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Lekin ularning qarorlari yakuniy xarakterga ega bo‘lmayotgani ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Yangi joriy etiladigan tizimda aynan ITKlarning qarori moliyalash uchun yakuniy xarakterga ega bo‘lishi muhim.

Bundan tashqari, imkon bo‘lsa (hozirda ITKlar faoliyati jamoatchilik asosida tashkil etilgani uchun ularning soni ko‘payishi ortiqcha mablag‘ talab etmaydi) ITKlar sonini ko‘paytirish (fan turiga qarab) maqsadga muvofiq. Masalan, amalda fizika, matematika, mexanika yo‘nalishi bo‘yicha bitta ITK faoliyat ko‘rsatadi va 3 ta katta yo‘nalish bo‘yicha qaror chiqarishi kerak bo‘lyapti.

Tayanch doktorantura kvota asosida moliyalanadimi yoki ilmiy loyiha doirasida?

Farmon loyihasining 12-bandi boshqacha talqinlarga sabab bo‘lishi mumkindek. Masalan, unda: “Vazirlikning ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida doktorlik dissertatsiyasini bajarishga qaratilgan amaliy tadqiqot loyihalaridan (keyingi o‘rinlarda – dissertatsion tadqiqot loyihasi) iborat yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin” deyilgan.

Bu bilan hozirda ITI va OTMlarga kvota asosida tayanch doktoranturalar tugatiladimi degan savol tug‘iladi. Agar bu mavjud tizimga qo‘shimcha ravishda joriy etilayotgan bo‘lsa, unda nafaqat davlat dasturlari, balki ilmiy loyihalar asosida ham dissertatsion tadqiqot loyihasini amalga oshirishga imkon berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Loyihadagi 13-band mavjud kvotalarga qo‘shimcha ravishda joriy etilsa, yosh olimlar uchun juda katta imkoniyat beradi deb hisoblaymiz.

14-bandda keltirilgan yosh chegarasi 35 emas, 40 yoshga o‘zgartirilishi kerak. Chunki ilmiy faoliyat bilan izchil shug‘ullanayotgan yoshlarning aksariyati 30-40 yosh oralig‘idagi yosh olimlardir.

Tayanch doktoranturaga qabul qanday bo‘lishi kerak?

Farmonning 15-bandi, 1-ilovada keltirilgan taklifga zid kelmoqda. Xususan, unda tayanch doktorantlikka talabgor ilmiy rahbarining tavsiyasi hamda bo‘lg‘usi dissertatsiya ishi bo‘yicha tadqiqot rejasi (Research proposal) asosiy rol o‘ynashi belgilangan. Bizningcha, bu bandda keltirilgan mezonlardan ko‘ra, mana shu mezon ko‘proq rol o‘ynashi kerak. Tayanch doktoranturada tadqiqotini davom ettirmoqchi bo‘lgan izlanuvchi va uning ilmiy rahbari orasidagi mavjud ilmiy aloqa dissertatsiya ishini muddatida muvaffaqiyatli tugallanishida muhim rol o‘ynaydi.

Ajratilgan kvota bo‘yicha (odatda kvotalarga buyurtma ilmiy rahbarlikni rejalashtirgan mutaxassislar tomonidan oldindan beriladi va buning asosida ajratiladi) ochiq konkurs (bandda kiritilgan mezonlar bo‘yicha) uyushtirilsa va bu mezonlarga ko‘ra yuqori ball to‘plagan, lekin ilmiy rahbar rejalashtirib amalga oshirmoqchi bo‘lgan ilmiy tadqiqot ishiga tayyor bo‘lmagan davogar g‘olib chiqsa, keyingi jarayon qanday ketishi noma’lum qoladi. Xujjat topshirishdagi qonuniy talablar, jumladan, mutaxassislik bo‘yicha tegishli diplomlar, chet tilini bilish sertifikati va ixtisoslik bo‘yicha ilmiy tadqiqot rejasiga oid suhbat (maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladigan) bizningcha yetarli.

Farmon loyihasining 17-21-bandlari ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish borasidagi ishlarni jadallashtirishda muhim rol o‘ynashini alohida ta’kidlaymiz.

Qanday takliflar bermoqchimiz?

1. Farmonning 1-va 2-bandlari chiqarib tashlansin. Bu tashkilotlarni moliyalashtirish amaldagi mexanizm asosida qolishi maqsadga muvofiq.

2. Farmonning 6-8-bandlaridagi reyting baholash tizimi va uning asosida beriladigan ustunlikka oid qismlari ham farmondan chiqarib yuborilishi maqsadga muvofiq. Turli reytinglar tuzish o‘tmishda ham bajarilgani va bu kutilgan samarani bermagani hisobga olinishi kerak.

3. Farmonning 9-bandi “a” punkti 3-xatboshida keltirilgan muddat o‘rniga yiliga ikki marta – mart va sentabr oylariga qadar e’lon berilishi va natijasi e’lon qilinishi muddati aniq ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq. Yilda bir marta konkurs e’lon qilinishi hozirgi tezkor zamonda kamlik qiladi.

4. Farmonning 10- va 11-bandlari ilmiy tashkilotlarning amaldagi moliyalash tizimini bekor qilishni nazarda tutishi sababli olib tashlanishi maqsadga muvofiq. Bunday ilmiy tashkilotlar har qanday davlatning nafaqat ilmiy salohiyatini saqlashda, balki davlat uchun ilm-fan sohasida kerakli mutaxassislarni tayyorlash, dunyo ilm-faniga munosib hissa qo‘shish, ilmiy tadqiqot ishlarini amaliyotga qo‘llashda muhim rol o‘ynashini hisobga olish kerak. Qolaversa, bu tashkilotlarning moliyaviy ta’minoti boshqa sohalar bilan qiyoslaganda uncha katta emas.

Farmon bo‘yicha moliyalash tizimini bu tarzda o‘zgartirilishi sohadan kadrlar ketib qolishi, ilmiy tashkilotlarning mavhum kelajakka yuz tutishi oqibatida faoliyatining sustlashuviga olib keladi. Fanlar akademiyasi tizimida unikal obektlarning samarali ishlatilishi, mavjud ilmiy salohiyatli jamoalarning tarqalib ketishi butun ilm-fan tizimiga katta zarba bo‘ladi deb hisoblaymiz.

5. 14-bandda keltirilgan yosh chegarasi 35 emas, 40 yoshga o‘zgartirilishi kerak. Chunki ilmiy faoliyat bilan izchil shug‘ullanayotgan yoshlarning aksariyati 30-40 yosh oralig‘idagi yosh olimlardir.

6. Farmonning 16-bandi ham ortiqcha bo‘lib, markazlashgan tarzda dissertatsiya mavzulari bazasini yaratish agentlikda emas, OAKda qolgani ma’qul. Chunki ilmiy tadqiqot ishi boshlanishida tanlangan mavzu tadqiqot jarayonida, yakunlarga qarab aniqlashtirilishi mumkin. Bu holda agentlik markazlashgan bazasida tegishli o‘zgartirishlar kiritish byurokratik to‘siq hosil qiladi. Buning o‘rniga amaldagi tegishli OAK nazorat va monitoringini to‘la raqamlashtirish va ochiq ma’lumotlar bazasiga aylantirish kerak.

Shavkat Ayupov,
O‘zbekiston qahramoni, akademik

Erkinjon Karimov,
fizika-matematika fanlari doktori

Mavzuga oid