O‘zbekiston | 15:34 / 04.05.2020
38109
2 daqiqa o‘qiladi

FVV Sirdaryodagi holat haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi

Sirdaryo viloyatining suv bosgan hududlarida favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar jadallashtirilmoqda. 

Foto: FVV matbuot xizmati

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu hududdagi qabristonlar, kanalizatsiya tizimlari, suv tozalash inshootlari chuqur o‘rganilmoqda. Shu bilan bir qatorda, mazkur obektlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Sanitariya-epidemiologiya hamda farovonlikni ta'minlash maqsadida, qurigan turar joylarda dezinfeksiya ishlari boshlangan. Oqoltin tumanidagi «Ahillik» qishlog‘i, o‘sha viloyatning «Qo‘rg‘ontepa» va «Sardoba» qishloqlari va Mirzaobod tumanidagi «Baliqchilik qishlog‘i»da ham ishlar amalga oshiriladi.

Zararlangan hududlarda to‘plangan 70ta uy hayvonlari sanitariya qoidalariga muvofiq ko‘milgan. Yong‘in o‘chirish mashinalari va motopompalar bilan toshqin suvlarini tortib olish ishlari davom etmoqda.

Bildirilishicha, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa vazirliklari va Milliy gvardiya xodimlari hududlarni to‘plangan qoldiqlardan tozalash tadbirlarini olib bormoqda Mutasaddi xizmatlar tomonidan evakuatsiya qilingan joylarda aholi o‘rtasida yong‘inlar va boshqa tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar tashkillashtirilmoqda.

Toshqindan keyingi dastlabki soatlarda, 1 maydan boshlab, Favqulodda vaziyatlar vazirligida «1205» tezkor aloqa raqamining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Ayni vaqtgacha ishonch telefoniga 5 609 qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Shulardan 4861 nafar fuqaro favqulodda vaziyat oqibatlari bo‘yicha ma'lumotlar so‘rab, murojaat etgan. Shuningdek, ularning 287 nafari oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar masalasida yordam so‘ragan. Murojaatchilardan 199 nafari ko‘ngilli qutqaruvchi sifatida favqulodda vaziyat o‘chog‘iga borish istagini ma'lum qilgan.

 

FVV Sirdaryodagi holat haqida qo‘shimcha ma'lumot berdi 👉 https://kun.uz/27822813

Posted by Kun.uz on Monday, May 4, 2020

 

Mavzuga oid