Jamiyat | 12:19
5156
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda mashina kanalga tushib ketishi oqibatida 4 yigit halok bo‘ldi

YTHda faqat mashina haydovchisi tirik qolgan va shifoxonaga yotqizilgan. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 4 yigit esa mashinadan chiqib keta olmasdan, suvga cho‘kib, vafot etgan.

Foto: Videodan kadr

Sirdaryoda insonlar o‘limi bilan bog‘liq mudhish YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Millar dasturi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, YTH 26 dekabr kuni soat taxminan 21:30 larda sodir bo‘lgan. 2001 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi mashina kanalga tushib ketgan. Mashinada bir mahallada yashovchi 4 nafar yigit yo‘lovchi sifatida kelayotgan bo‘lgan. Haydovchi ularni futbol maydonidan uylariga olib ketayotgan bo‘lgan. 

Kanalga qulagan mashinadan faqat haydovchi chiqib keta olgan. U shifoxonaga yotqizilgan. Yo‘lovchi yigitlar esa mashinadan chiqa olmay, suvga cho‘kib, vafot etgan. Aniqlik kiritilishicha, marhumlar 19-20 yoshli yigitlar bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilayotgani aytilgan.

Sirdaryo viloyati IIB YHXB hozircha holat yuzasidan rasmiy ma’lumot bermagan.

Avvalroq Qoraqalpog‘istonda ikki mashina to‘qnashuvi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgandi.  

Mavzuga oid