O‘zbekiston | 10:44 / 04.11.2025
2383
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yoshlarga nisbatan narkotik jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekistonda sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va tarqatish ortmoqda - ular yashirin laboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali sotilmoqda. Prezident bunday jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab, 2027 yilgacha mo‘ljallangan narkojinoyatlarga qarshi kurashish milliy dasturini ma’qulladi.

Foto: iStock

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni aholini giyohvandlikdan himoya qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Majlisda qayd etilishicha, yil boshidan buyon O‘zbekistonda 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolindi. «Bunday jinoyatlarning shakl va turlari yildan yilga ko‘payib, qamrovi ortib bormoqda»,  deya ta’kidlandi tadbirda.

Yig‘ilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi. Jumladan, keyingi paytlarda iste’moli oson, yashirish va tarqatish qulay dori shaklidagi psixotrop va sintetik moddalar an’anaviy narkotiklar o‘rnini egallamoqda, ularning tarqalishi asosan yoshlar orasida yuz bermoqda, sintetik narkotiklar yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanib, internet orqali kontaksiz shaklda o‘tkazilmoqda, narkotiklarni tarqatish manbasi bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik transchegaraviy xususiyatga ega.

«Shu bois, milliy qonunchiligimizga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti keldi», — dedi prezident.

Mutasaddilar narkotiklarning noqonuniy aylanishiga barham berish bo‘yicha reja va takliflarini taqdimot qildi.

Bunda o‘quvchi va talabalar orasida narkotiklarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda bu illatga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan ta’sirchan amaliy harakatlarni amalga oshirishni barcha mas’ul organlar va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash zarurligi alohida qayd etildi.

Prezident, birinchi navbatda, yoshlar orasida narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qat’iy barham berish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish, narkotiklarni internet orqali tarqatish, uyushgan guruhlar va narkolaboratoriyalar, ularga rahnamolik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash va chek qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar orasida giyohvandlikning diagnostikasi, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi tizimi tubdan takomillashtiriladi.

Taqdimotda 100 dan ziyod tezkor-profilaktik, tashkiliy-tarbiyaviy, targ‘ibot-tashviqot chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025−2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi loyihasi davlat rahbari tomonidan ma’qullandi hamda bu borada uzluksiz ishlash tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid