Jamiyat | 11:03 / 20.11.2025
3762
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida narkosavdogarlar 19 kilogramm giyohvand modda bilan ushlandi

IIV Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahri hamda Namangan viloyatida qariyb 30 kg narkotik modda noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Toshkent shahridagi holatda narkosavdogarlar Yangihayot tumanida xufiya joyga ko‘mib qo‘yilgan 19 kg giyohvand moddani olishga kelganda ushlangan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahri va Namangan viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 9 noyabr kuni IIV Tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida nazorat ostida yetkazib berish tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda 1978 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining 1973 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi bilan poytaxtning Yangihayot tumanida giyohvand vositalarini ko‘mib qo‘yilgan joydan olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olingan. Mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolari 19 kg 80 gramm og‘irlikdagi giyohvand vositalarini tanishlari tomonidan tashlab berilgan geolokatsiya orqali olganliklari aniqlangan.

Giyohvand vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq yana bir holat Namangan viloyatida aniqlandi. Joriy yil 13 noyabr kuni olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirida yillar davomida zanjirga aylanib ulgurgan bir nechta jinoiy guruhdan tashkil topgan jinoiy uyushma a’zolari fosh etilgan.

Jumladan, giyohvand vositalarining tarqalishi va aylanmasida kurer vazifasini bajargan 30 yoshli shaxs va uning 32 yoshli jinoiy sherigi qo‘lga olingan. Ular jinoiy til biriktirib, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman hududida joylashgan dala maydoniga kelib, og‘irligi 10 kg bo‘lgan gashish giyohvand moddasini olganda ushlangan.

Holat yuzasidan tezkor-qidiruv harakatlari olib borilganda, qo‘lga olinganlar ushbu giyohvand vositalarini rahnamolari bo‘lmish ikki shaxsning topshirig‘iga asosan ular tashlab bergan geolokatsiyadan olib kelganliklarini ma’lum qilgan. Amalga oshirilgan tezkor tadbirlarda rahnamolardan biri, 2001 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ushlangan. Ikkinchisi esa Qirg‘iz Respublikasi hududida qo‘lga olingan. Hozirda qolgan jinoiy uyushma a’zolarini qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilayotgani bildirildi. 

Har ikki holat bo‘yicha ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Avvalroq Toshkent shahrida narkosavdogar oila a’zolari qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid