Jahon | 22:39 / 21.01.2026
9183
3 daqiqa o‘qiladi

Agar Putin va Zelenskiy tinchlik shartnomasini tuzmasa, ular ahmoq bo‘ladi – Tramp

AQSh prezidentining fikricha, tinchlik kelishuvi tuzish jarayoni juda yaqin, ammo Ukraina va Rossiya rahbarlari o‘rtasidagi nafrat bilan kurashishga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida «ulkan nafrat hukm surayotganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat tinchlik muzokaralariga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda Amerika yetakchisi Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

Xususan, Trampdan Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik bitimi tuzish imkoniyatini yaqin ko‘ryapsizmi, deb so‘raldi. U avvaliga bu urushni to‘xtatish oson bo‘lishini o‘ylaganini ta’kidladi va, xususan, boshqa sakkizta urushni hal qilishga muvaffaq bo‘lganini takrorladi.

«Bilasizmi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti buni qilishi kerak. Men bunday qilmasligim kerak, biroq buning ahamiyati yo‘q», dedi Tramp.

Shu bilan birga, uning fikricha, urush tugaydi va ko‘plab odamlarning hayoti saqlab qolinadi.

«Prezident Zelenskiy va prezident Putin o‘rtasida katta nafrat hukm surmoqda va bu mojaroni hal qilish uchun yomon holat. Biz bu g‘ayritabiiy nafrat bilan to‘qnash kelayotganimizni bilamiz», dedi Tramp.

Biroq, shunga qaramay, AQSh prezidentining fikricha, Rossiya kelishuv tuzishni xohlaydi va Ukraina ham kelishuv tuzishni xohlashiga ishonchi komil.

«Va biz bu kelishuvni amalga oshirishga harakat qilamiz... Menimcha, biz yetarlicha yaqinmiz, deb ayta olaman», dedi Tramp.

AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Vashington Moskva bilan muloqot qilayotgan paytda Rossiya tomonidan prezident Zelenskiy go‘yoki «bunday qilmaydi» degan da’volar bildirilmoqda.

Shu bilan birga, Tramp so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik «Zelenskiy kelishuv tuzishni xohlaydi, Putin esa kelishuv tuzishni istamaydi», degan holat yuzaga kelyapti. AQSh prezidenti bunday vaziyatni «juda murakkab muvozanat» deb hisoblamoqda.

Shuningdek, uning fikricha, Rossiya-Ukraina urushi dronlar qo‘llanilayotgan va dronlardan haftasiga minglab odamlar halok bo‘layotgan qon to‘kilishidir. Shu sababli, uning fikricha, urushni to‘xtatish kerak.

«Men kechroq prezident Zelenskiy bilan uchrashmoqchiman. O‘ylashimcha, ular hozir shunday bosqichda turibdiki, bir joyga to‘planib, kelishuvga erishishi mumkin. Agar shunday qilmasa, ular ahmoqdir. Bu ikkalasiga ham taalluqli. Bilaman, ular ahmoq emas. Ammo agar ular buni qilmasalar - ular ahmoqdir», dedi Tramp.

U hech kimni xafa qilmoqchi emasligini, lekin Zelenskiy va Putinga kelishuv tuzishni maslahat berishini qo‘shimcha qildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid