O‘zbekiston | 20:29 / 03.05.2026
3017
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar AQShda qishloq xo‘jaligi sohasida ishlashga yuboriladi

O‘zbekiston fuqarolari uchun ingliz tilini, mehnat qonunchiligi asoslarini, mehnat madaniyati va qishloq xo‘jaligi ko‘nikmalarini o‘rgatishni o‘z ichiga olgan qisqa muddatli kompleks tayyorlov dasturlari joriy etiladi.

O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov AQShning “Head Honchos LLC” rekruting kompaniyasi direktori Todd Miller bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar uyushgan mehnat migratsiyasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Amerika tomoni AQShning agrar sektorida ichki resurslar cheklangan sharoitda ishchi kuchiga bo‘lgan barqaror yuqori talab saqlanib qolayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan xorijlik ishchilarni jalb qilish muhimligi alohida ta’kidlandi. “Head Honchos LLC” rahbariyati O‘zbekiston fuqarolariga istiqbolli va ishonchli kadrlar manbai sifatida qiziqish bildirdi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha bir qator kelishuvlarga, jumladan, “H-2A” dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolarini AQSh qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga erishildi.

Kompaniya nomzodlarni tanlash va tekshirishdan tortib, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirishgacha bo‘lgan yollash jarayonlarini xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari uchun ingliz tilini, mehnat qonunchiligi asoslarini, mehnat madaniyati va qishloq xo‘jaligi ko‘nikmalarini o‘rgatishni o‘z ichiga olgan qisqa muddatli kompleks tayyorlov dasturlarini joriy etish to‘g‘risida kelishib olindi.

“Head Honchos LLC” AQSh qishloq xo‘jaligi va boshqa mehnat talab tarmoqlariga xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ixtisoslashgan yetakchi rekruting tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya har yili uch mingdan ortiq xorijiy fuqaroning mavsumiy ishlarga joylashishiga ko‘maklashadi va mamlakat bo‘ylab 400 ga yaqin fermer xo‘jaligi bilan barqaror hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid