Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaga kelgan «Storm Shadow», G‘azoda joylashadigan «majburiy ijro kuchlari» va Serbiyada to‘xtagan namoyishlar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azo uchun xalqaro kuchlar
AQSh — BMT Xavfsizlik Kengashining bir necha a’zolariga G‘azo uchun kamida ikki yil davom etadigan xalqaro kuch tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasini yubordi. Bu haqda hujjat nusxasiga tayanib Oq uyga yaqin Axios nashri yozmoqda.
«Maxsus, lekin maxfiy emas» belgisi bilan tarqatilgan hujjat AQSh va boshqa ishtirokchi davlatlarga 2027 yil oxirigacha G‘azoni boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha keng vakolat beradi. Hujjatda bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkinligi qayd etilgan.
AQSh rasmiysi ma’lum qilishicha, rezolyutsiya loyihasi kelgusi kunlarda Xavfsizlik kengashi a’zolari o‘rtasidagi muzokaralarga asos bo‘ladi. Maqsad — yaqin haftalarda rezolyutsiyani ovozga qo‘yish va 2026 yil yanvariga qadar G‘azoga dastlabki qo‘shinlarni joylashtirish.
AQSh rasmiysi ta’kidlashicha, «Xalqaro xavfsizlik kuchi» bu safar «tinchlikparvar kuch» emas, balki «majburiy ijro kuchi» bo‘ladi.
ISF bir nechta davlatlar harbiylarini o‘z ichiga oladi va AQSh prezidenti Donald Tramp raislik qiladigan «Tinchlik kengashi» bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Loyihada Kengash kamida 2027 yil oxirigacha faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
Rezolyutsiya loyihasiga ko‘ra, xalqaro kuchlar — G‘azoning Isroil va Misr bilan chegaralarini qo‘riqlash, fuqarolar va humanitar yo‘laklarning xavfsizligini ta’minlash, Hamasni qurolsizlantirish va G‘azoda yangi politsiyani tayyorlash kabi vazifalarni bajaradi.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Indoneziya, Ozarboyjon, Misr va Turkiya o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyorlik bildirgan. Kuchlarning tashkil etilishi va faoliyati «Misr va Isroil bilan yaqin maslahatlashuv hamda hamkorlikda» amalga oshiriladi.
Rossiya–Ukraina urushi
Bloomberg manbalariga ko‘ra, shu kunlarda Buyuk Britaniya Ukrainaga yana bir nechta «Storm Shadow» raketalarini topshirgan. Bu Kiyevga Rossiya hududiga uzoq masofali zarbalar kampaniyasini davom ettirish imkonini beradi.
Kiyevga aniq qancha raketa yetkazilgani ma’lum emas, ammo yangi yetkazib berishlar Ukrainani butun qish mavsumida ta’minlash uchun mo‘ljallangan. London bu davrda Rossiya hujumlarini kuchaytirishidan xavotirda.
Buyuk Britaniya ilk bor 2023 yilda Kiyevga ushbu qanotli raketalarini bergandi. Ukraina ularni Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga qarshi ilk bor 2024 yil noyabr oyida ishlatgan.
Frontdagi vaziyatga kelsak. Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi bir necha kun oldin Donetsk oblastining Rossiya qo‘shinlari qamal qilgan Pokrovsk shahrida harbiy operatsiya o‘tkazayotganini ma’lum qildi.
Xususan, Ukraina maxsus kuchlari bir necha kun oldin Black Hawk vertolyotida «ushbu strategik shahardagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun» Pokrovskka qo‘ngan.
RF mudofaa vazirligi esa 1 noyabr kuni «vertolyotdan tushgan 11 kishining barchasi yo‘q qilindi», deya bayonot berdi. Ukraina OAVlari esa harbiy razvedkadagi manbalariga tayanib, «bu bayonot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini», hududda barqarorlashtirish harakatlari davom etayotganini ta’kidladi.
Maldivda yoshlar uchun sigaret chekish to‘liq taqiqlandi
Maldiv orollari dunyoda yosh avlod uchun sigaret chekishni to‘liq taqiqlagan birinchi mamlakat bo‘ldi. Maldiv hukumati 2007 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan barcha fuqarolar, shu jumladan, turistlarga ham tamaki mahsulotlarini chekish va sotishni taqiqladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, endilikda yosh avlod uchun mamlakat hududida tamakidan foydalanish, uni sotib olish yoki sotish qonunga xilof bo‘ladi. Vazirlik bu qaror «hukumatning yoshlarni tamakining zararli ta’siridan himoya qilish borasidagi qat’iy sadoqatini» ifodalagan.
Yangi taqiq «tamaki mahsulotlarining barcha turlariga» taalluqlidir va chakana sotuvchilar har bir xaridorning yoshini sotishdan oldin tekshirishga majbur, deya bildirdi mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligi. Bu chora JSSTning Tamaki bilan kurashish bo‘yicha xalqaro konvensiyasidagi davlat majburiyatlariga muvofiqdir.
O‘tgan yili Maldiv orollari har qanday yoshdagi shaxslar uchun elektron sigaretalar va vayping mahsulotlarini import qilish, sotish, saqlash, ishlatish yoki tarqatishni ham taqiqlagan edi.
Maldiv orollariga tashrif buyuruvchi turistlar ham yangi qonunga rioya qilishlari shart bo‘ladi. «Odamlar Maldiv orollariga chekish uchun kelmaydi. Ular plyajlar, dengiz, quyosh va toza havo uchun keladi», degan rasmiylar.
Isroil falastinliklar uchun o‘lim jazosini tiklamoqchi
Isroil parlamenti terrorizm bilan bog‘liq qotillik uchun sudlangan falastinliklarga o‘lim jazosini qaytaradigan qonun loyihasini ilgari surmoqda. Huquqni himoya qilish tashkilotlari ogohlantirishicha, bu chora — irqiy kamsitish tizimini mustahkamlaydi va xalqaro huquqni buzadi.
Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir tomonidan taklif qilingan qonun qabul qilinsa, bu 1962 yildan beri Isroilda birinchi marta o‘lim jazosi qo‘llanishi bo‘ladi va o‘lim jazosiga yetmish yillik moratoriy bekor bo‘ladi.
Amnesty International, Adalah va Human Righs Watch kabi inson huquqlari tashkilotlari qonun loyihasini faqat falastinliklarga taalluqli bo‘lgan «irqiy asoslangan» deb atamoqda.
Ular 2023 yil oktyabr oyidan keyin harbiy sudlarda ayblov hukmlari va qiynoqlar bo‘yicha shikoyatlarga ishora qilib, qonun majburiy iqrorlik asosida o‘lim jazosini qonuniylashtirishidan ogohlantirmoqda.
BMT ushbu tashabbusni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va Jyeneva konvensiyalarini buzadigan «regressiv qadam» deb atadi.
Erdo‘g‘anning «Turkiya asri»
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada o‘tgan hukumat yig‘ilishidan so‘ng bayonot berib, «Turkiya asri»ni qurish bo‘yicha ishlar mamlakat ichida ham, tashqarisida ham davom etayotganini aytdi.
Uning aytishicha, 28 oktyabrda ochilgan zirhli texnika zavodi dunyodagi eng yaxshilaridan.
«Milliy jangovar tankimiz ALTAY qurolli kuchlariga topshirildi. Maqsadimiz — 6 yil ichida 250 dona tankni armiyaga yetkazish», dedi u.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Yevropa yetakchilari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanganini eslatdi.
«Biz mahalliy loyihalarni tezlashtiramiz: milliy jangovar samolyotimiz KAAN belgilangan muddatda havo kuchlari inventariga kiradi. Shuningdek, Ispaniyaning 45 ta HURJET samolyotini sotib olishi bizning ambitsiyamizni isbotladi», dedi u.
Serbiyalik talabalar namoyishlarni to‘xtatdi
Serbiyalik talabalar deyarli bir yil davom etgan hukumatga qarshi namoyishlarni to‘xtatdi. Belgrad, Novi-Sad, Nish va Novi-Pazar universitetlarida darslar 3 noyabr kuni qayta boshlandi, deb xabar berdi davlat Tanjug axborot agentligi.
Talabalar 2024 yil noyabr oyidagi fojiadan so‘ng universitetlar blokadasini boshlagan edi. O‘shanda 16 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralandi.
Novi-Sadda 2024 yil 1 noyabr kuni yaqinda ta’mirlangan temiryo‘l vokzalidagi beton soyabon qulab tushgan edi. Natijada 6 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan 16 kishi halok bo‘ldi. Fojiadan keyin qurilish vaziri lavozimini egallagan Goran Vesich iste’fo berdi, keyinroq u va vokzal rekonstruksiyasi bilan bog‘liq yana 12 nafar shaxs qo‘lga olindi. Biroq hozirgacha ulardan hech biri javobgarlikka tortilmagan.
Vazirning iste’fosi va qo‘lga olishlarga qaramay, mamlakat bo‘ylab norozilik to‘lqini kuchaydi. Serbiya politsiyasi namoyishchilar bilan keskin to‘qnashuvlarga kirishdi. Namoyishchilar Novi-Saddagi fojiaga sabab sifatida korrupsiyani, bee’tiborlikni, qurilishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslikni va hokimiyat tepasidagi mansabdorlar o‘rtasidagi tanish-bilishchilikni ko‘rsatdi.
Yanvar oyida noroziliklar fonida Serbiya bosh vaziri va Novi-Sadning sobiq meri Milosh Vuchevich lavozimini tark etishini e’lon qildi.
Serbiya prezidenti 2 noyabr kuni mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishini va’da qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar vakolat muddati tugamasidan, ya’ni 2027 yil dekabrigacha bo‘lib o‘tadi, aniq sanani esa «tegishli institutlar» belgilaydi.
Mavzuga oid
13:53
Rossiya suvosti kemasini yo‘q qilgan Ukraina, Marokashdagi suv toshqinlari va Netanyahudan norozi Tramp – kun dayjesti
15:20 / 15.12.2025
Sidneyda yirik otishma, Hamas amaldorini o‘ldirgan Isroil, Sudanda halok bo‘lgan BMT tinchlikparvarlari va Chilida yangi prezident – kun dayjesti
15:05 / 13.12.2025
Rossiya pullarini muddatsiz davrga muzlatgan Yevropa, Livanda «katta amaliyot»ga tayyorlanayotgan Isroil va «Epshteyn ishi»da yangi sur’atlar – kun dayjesti
15:36 / 12.12.2025