O‘zbekiston | 17:28 / 20.04.2020
28523
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘quvchilarning kiyinishi masalasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashish cheklanadi» – Bahsli qaror loyihasi bo‘yicha izoh berildi

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari Asliddin Odilov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonda ta'lim sifatini oshirishdagi turli muammolar va inspeksiya faoliyati yuzasidan qator savollarga javob berdi.

Suhbat davomida Odilov inspeksiya tomonidan regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan va jamoatchilik tomonidan keskin e'tirozlar bilan kutib olingan «Nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi maqsadi hamda hujjat loyihasining keyingi taqdiri borasidagi savolga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, hujjatda nodavlat ta'lim muassasalari o‘quvchilarining kiyimiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga xos bo‘lgan harbiy va idoraviy formali kiyim-bosh kiyib yurishga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilingan.

«Biz har qanday harakatni amalga oshirishdan avval unga nisbatan xalqning fikrini o‘rganamiz.

Oddiy holat, maktab formasi bo‘yicha e'tirozlar avval ham bo‘lgan, lekin bu borada mas'ul tashkilotlar sukunat saqlashni o‘ziga to‘g‘ri strategiya deb bilgan. Biz ham sukunat saqlab, jim tursak bo‘lardi, lekin fikr bildirdik.

Ijtimoiy tarmoqlarni ko‘ryapsiz, qaysidir oliy ta'lim muassasasida talaba kalta paypoqda kelsa, uni darsga qo‘yishmayapti. Qaysidir maktabda esa o‘quvchining sochi uzunligini lineykada o‘lchashyapti. Demak, biz bu boradagi nizolarni o‘rganish va uni hal qilishda umumiy qolip ishlab chiqish uchun ham xalqning fikrini o‘rganishimiz kerak edi», – deydi inspeksiya mutasaddisi.

Asliddin Odilov

Nodavlat ta'lim muassasalari o‘z nomi bilan nodavlat ekani va bu kabi muassasalarda o‘quvchilarining tashqi ko‘rinishiga qat'iy talablar qo‘yilishi bolalarning tanlash va o‘zini ifoda etish erkinligini cheklashga olib kelishi mumkinligi haqidagi savolga Odilov quyidagicha munosabat bildirdi.

«Inspeksiya ta'lim sifatini xohlaydi. Agarda o‘quvchida uni ta'lim sifatidan chalg‘ituvchi, darsda diqqatini buzuvchi, uyga borganda dars tayyorlashiga xalaqit beruvchi va o‘qituvchini eshitishga xalaqit beruvchi narsalar bo‘lsa, biz unga barham berishimiz kerak.

Hujjatni umumxalq muhokamasiga qo‘ydik va taklif yig‘dik. Ming rahmat, fuqarolar faol bo‘lishdi va juda yaxshi takliflar berishdi. Endilikda bu takliflarni tahlil qilgan holda umumiy loyiha ishlab chiqyapmiz va uni yaqin kunlarda e'lon qilamiz», – dedi Asliddin Odilov.

Inspeksiya mutasaddisiga loyihadagi jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgan bandlar o‘zgardimi va umuman, takliflardan keyin nimalar o‘zgarmoqda mazmunida qo‘shimcha savol berildi.

Odilovga ko‘ra, tayyorlanayotgan yangi loyihada o‘quvchilarning kiyinish masalasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuv holatlari cheklanadi.

«Birinchidan, sochni lineykada o‘lchash, kalta paypoqqa qarab o‘qishga kiritmaslik kabi amaliyotlar bartaraf etiladi.

Ikkinchidan, ta'lim tarbiya yo‘nalishida ta'lim muassasalarining o‘ziga ko‘proq mustaqillik beriladi. Bunga ko‘ra, ta'lim tashkiloti rahbariyati qandaydir amaliyot o‘quvchining sifatli ta'lim olishiga halaqit berishini sezsa, o‘zlarining tartiblarini kiritishi mumkin bo‘ladi», – dedi u.

Ta'kidlanishicha, inspeksiyaga ham farzandini qandaydir sabablar bilan darslarga kiritmaslik bo‘yicha ota-onalardan ko‘plab e'tirozlar bildiriladi. Bu borada esa qandaydir tartibning o‘zi yo‘q.

«Biz qonuniy yechim taklif qildik va bu jarayonda faqat regulyatormiz. Ya'ni biz faqat umumiy qolipni qo‘yib beramiz. Bundan kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olish rejalashtirilgan.

Bu yerda kimningdir huquqini cheklash ko‘zlanmagan.

Siz nodavlat dedingiz, Biz uchun davlat, nodavlat – bir xil tushuncha. Ikkalasiga bir xil huquq va erkinlik berilishi kerak.

Biz davlat va nodavlat degan tushunchadan voz kechishimiz kerak. Ular ta'lim tashkiloti. Ularga sifat ham, faoliyatiga doir imkoniyatlar ham bir xil bo‘lishi kerak. Diskriminatsiya noto‘g‘ri masala. Bizning pozitsiyamiz shunday.

Bu nizoli vaziyat va taklif oxirgi qaror emas», – dedi inspeksiya rahbari o‘rinbosari.

Mavzu bo‘yicha muhokamada sayt muxbiri Asliddin Odilovga inspeksiyada kiyinish va bir xil forma amaliyotining ta'lim sifatiga ta'siri borasida biror ishonchli tahlil bor-yo‘qligi borasida savol berdi.

«Bizda aynan forma masalasining ta'lim sifatiga ta'siri bo‘yicha ilmiy izlanishlar yo‘q. Afsuski yo‘q, O‘zbekistonda qilinmagan bu narsa, xorijda esa bor.

Har bir qaror ilmiy asoslangan bo‘lishi kerak. Biz shuning uchun ham xorijiy tajribaga murojaat qilyapmiz. Bu narsa xorijda qilingan, u bo‘yicha yana qayta izlanish qilishga hojat yo‘q. Biz tezlashtirilgan usuldan foydalanyapmiz. Ta'lim sifati bo‘yicha ilgarilab ketgan davlatlarga yetib olishimiz kerak. Biz gibrid modeldan ketyapmiz, unga ko‘ra o‘zimizning xususiyatlardan kelib chiqib, xorij tajribasini olamiz», – dedi Asliddin Odilov savolga javoban.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Mavzuga oid