Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sog‘liqni saqlash vazirligi soxta tabiblardan ogohlantirdi
Vazirlik asosan og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolar «g‘ayritabiiy qobiliyatlarga egaligi»ni iddao qilayotgan shaxslarga aldanib qolayotganini qayd etgan.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Vazirlik matbuot xizmat xabarida so‘nggi yillarda davlat tomonidan xalq tabobatini rivojlantirish, sohani zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimiga izchil integratsiyalash, bu yo‘nalishda mutaxassislar malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan. Natijada bugun mamlakatda 150 ta tadbirkorlik sub’yekti tegishli litsenziya asosida xalq tabobati yo‘nalishida faoliyat yuritib kelyapti.
Biroq yaratib berilgan ushbu imkoniyatlarga qaramay, keyingi paytlarda tegishli huquqqa ega bo‘lmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash bilan shug‘ullanayotgan hamda bu orqali insonlar sog‘ligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgan soxta tabiblar soni ko‘payib boryapti.
«Eng yomoni, xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy usul bilan va uy sharoitida xalos bo‘lishni istagan yurtdoshlarimiz “g‘ayritabiiy qobiliyatlarga ega”ligini iddao qilayotgan, turli yo‘llar orqali odamlar ishonchiga kirib, hech qanday tasdiqlanmagan hamda tegishli sinovlardan o‘tmagan “xizmat”larni taklif etayotgan bunday kimsalarga aldanib qolmoqda.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targ‘ib qiluvchi platformaga aylanib borayotgani, ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz bo‘layotgani afsuslanarlidir», deyiladi SSV munosabatida.
Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda soxta tabiblik bilan shug‘ullanib, o‘zini reklama qilayotgan holatlar va qo‘llanayotgan muolaja usullari dalillarga asoslangan tibbiyotning davolash uslublariga kirmasligini bildirdi.
Bunday soxta usullar belgilangan diagnostika va davolash milliy klinik protokollari hamda standartlariga mutlaqo muvofiq emasligi ta’kidlangan. Qolaversa, yuqoridagi muolajalar bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan faoliyat yuritishlari uchun hech qanday litsenziya berilmagan.
«Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblardan ogoh bo‘ling! O‘zingiz, oila a’zolaringiz va yaqinlaringiz salomatligini xavf ostiga qo‘ymang!» deya ogohlikka chaqirdi vazirlik.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda litsenziyasiz tibbiy faoliyat yuritgani uchun 38 ta yuridik shaxsning har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, 2025 yilning 1 iyul holatiga esa 24 ta yuridik shaxs moliyaviy jarimaga tortilgan.
«Bugungi kunda yurtimizda soxta tabiblik faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tomonidan muntazam ravishda o‘quv-seminarlar hamda profilaktik tadbirlar o‘tkazib borilmoqda», – deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
09:20 / 07.11.2025
Sog‘liqni saqlash vazirligidan so‘ng “O‘zarxiv” ham soxta akkauntlar haqida bayonot berdi
16:43 / 12.03.2025
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amaliyotida qo‘llashga ruxsat beriladigan dorilar ro‘yxati tasdiqlandi
20:37 / 22.11.2022
XTV va SSV tizimlarida budjetning 77 mlrd so‘mi noqonuniy ishlatildi
23:20 / 11.05.2021