SSV: O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlari vazifasidan ozod etildi
Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev Toshkent shahridagi tug‘ruqxonaga olib kelingan homilador ayol propiskasi yo‘qligi uchun qabul qilinmagani bilan bog‘liq holat yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining sohaga mas'ul o‘rinbosari hamda tug‘ruqxona rahbari ishdan olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksiga homilador ayolini olib kelgan turmush o‘rtog‘i tomonidan suratga olingan videomaterial paydo bo‘ldi. Unda homilasi yetilib, tug‘ruq og‘riqlari boshlangan bo‘lsa-da, ayolni ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilishmagani va unga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmagani aytilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev mazkur masala yuzasidan tug‘ruqqa ixtisoslashgan shahar va respublika tibbiyot muassasalari bosh vrachlari ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Unda sog‘liqni saqlash tizimining xalq oldidagi obro‘yiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday salbiy holatlar keskin tanqid qilinib, boshqa bunday holatlar takrorlanmasligi bo‘yicha qat'iy ogohlantirishlar berilgan, vaziyatga oydinlik kiritilib, aybdorlarga tegishlicha choralar ko‘rilishi ta'kidlangan.
Vaziyat Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.
«Homilador ayol O.S. 2000 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida doimiy ro‘yxatda turib, hozirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiladi.
Dastlabki ma'lumotlarga qaraganda, ushbu voqea tarqalgan xabarlarda aytilganidek, 5 may kuni emas, shu yilning 29 aprel kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni soat 04:25da ayolni turmush o‘rtog‘i X.M. tug‘ruq og‘riqlaridan shikoyat qilgani uchun Toshkent shahar 1-son tug‘ruq kompleksiga olib kelgan. Navbatchi shifokor ayolni ko‘rikdan o‘tkazib, «Homiladorlik 1, 41-hafta. Tug‘ruqning 1-davri latent fazasi» tashxisini qo‘ygan.
Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyo‘l tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida ro‘yxatda turganini inobatga olib, dislokatsiya bo‘yicha Yangiyo‘l tumani tug‘ruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tug‘ruq bo‘limiga borish tavsiya qilingan.
Shu kuni soat 5:40lar atrofida homilador ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi tug‘ruq bo‘limiga olib borilgan va u yerda «Homiladorlik 1, 41 hafta. Tug‘ruqning 1-davri» tashxisi bilan qabul qilingan. 2021 yil 29 aprel kuni soat 7:40da og‘irligi 3700 gr bo‘lgan qiz dunyoga kelgan. Tug‘ruqdan keyingi davr asoratsiz o‘tgan. Shu yilning 3 may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Ma'lum qilinishicha, ushbu vaziyat yuzasidan o‘zi mas'ul bo‘lgan yo‘nalishda shunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko‘rmagani uchun Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik bo‘yicha o‘rinbosari R.Haitbayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Tibbiyot muassasasida ushbu qo‘pol holatga yo‘l qo‘yilgani uchun ushbu tug‘ruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanova ham egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar ko‘rilgan.
Mavzuga oid
20:37 / 22.11.2022
XTV va SSV tizimlarida budjetning 77 mlrd so‘mi noqonuniy ishlatildi
16:18 / 14.11.2021
Abduhakim Hojiboyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi
10:52 / 11.11.2021
Behzod Musayev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi
00:23 / 11.06.2021