Rasman: Davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiyalash 2022 yil 1 yanvardan boshlanadi
Shu sanadan boshlab, davlat xizmatchilariga xorijda mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi; xorij banklarida hisobraqam ochish va naqd pul mablag‘larini saqlash man etiladi.
“Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma'lum qildi.
Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Deklaratsiyani berishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri ma'lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab bo‘ladi.
2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida” va “Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida” qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
Mansabdorning o‘z shaxsiy manfaati majburiyatlarini obektiv va xolis bajarishiga ta'sir ko‘rsatuvchi yoki ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi.
Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Farmon asosida:
- daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatiladi;
- Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxati belgilanadi;
- korrupsiyaviy jinoyatlarga jazo uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytiriladi;
- korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilanadi.
Mavzuga oid
16:21 / 12.11.2024
1,5 mingga yaqin boshqaruv xodimi qonunga zid tarzda tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
19:42 / 07.11.2024