Jamiyat | 13:32
11107
2 daqiqa o‘qiladi

Telefon raqamni boshqa shaxsning nomiga o‘tkazish – endi onlayn shaklda mumkin

Endi O‘zbekistonda mobil aloqa foydalanuvchilari MyGov orqali o‘zlarining mobil telefon raqamlarini boshqa shaxsning nomiga onlayn tarzda o‘tkazishi mumkin.

Foto: Kun.uz

MyGov portali tegishli xizmat ishga tushirilganini e’lon qildi.

Portal ma’muriyatining qayd etishicha, avvallari raqam egasini o‘zgartirish uchun har ikki tomon (raqamning amaldagi egasi va yangi egalik qiluvchi shaxs) aloqa operatori ofisiga shaxsan borishi, navbat kutishi va hujjatlar imzolashi talab etilardi.

Endilikda bu jarayonlar raqamlashdi.

Xizmatdan foydalanish uchun:

  • My.gov.uz portali yoki MyGov ilovasiga kiring.
  • “Mobil raqamni qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlang.
  • Kerakli ma’lumotlarni to‘ldiring va arizani yuboring.

Xizmatni ko‘rsatish muddati – 1 kundan 5 kungacha.

Ariza berish jarayonida har ikki tomon (raqamni boshqa shaxs nomiga o‘tkazuvchi ham, qabul qilib oluvchi ham) arizani MyID vositasida Face-ID orqali tasdiqlashi talab etiladi.

Hozirda bu qulaylikdan Uztelecom, Beeline va Mobiuz abonentlari foydalana oladi. Xizmat qolgan operatorlar uchun ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Qayd etilishicha, mobil aloqa operatorlari o‘z narx siyosatidan kelib chiqib xizmat tarifi asosida to‘lov shakllantiradi. Ba’zi mobil operatorlar tomonidan xizmat yaqin qarindoshlar uchun bepul amalga oshirilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid