Endi xalq ta'limi xodimlari har yili malaka oshirishadi - Avloniy nomidagi institut rektori bilan suhbat
Ta'lim tizimining sifati shu tizimdagi o‘qituvchilar sifatidan osha olmaydi. Ta'lim sifatli bo‘lishi o‘qituvchilarning malakasiga bog‘liq. Kun.uz muxbiri Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev bilan suhbatda bu borada yo‘lga qo‘yilayotgan ishlar haqida ma'lumot oldi.
– Ayni paytda o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimida qanday yangiliklar bo‘lyapti, nimalar o‘zgarmoqda?
– Hozirgi tezkor zamonamizda ta'limda ham har kuni qandaydir yangiliklar yuz bermoqda, kecha samarali hisoblangan o‘qitish metodlari bugungi talablarga javob berolmay qolishi mumkin. Qaysi o‘quv fanini olmaylik, uni o‘qitishga doir ma'lumotlar oy sayin yangilab borilmoqda. Tabiiyki, bunday jadal o‘zgarib borayotgan ta'limning asosiy sub'yekti – o‘qituvchi ham o‘z bilim, ko‘nikma va malakalarini mos ravishda rivojlantirib borishi lozim.
Malaka oshirish sohasini tubdan yangilash bo‘yicha davlat rahbarining «Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4963-son qarori bilan sohada yangi tartib joriy etilmoqda. Ya'ni amaldagi tartibga muvofiq, xalq ta'limi xodimlari, shu jumladan, o‘qituvchilar har 5 yilda bir marta – bir oylik malaka oshirish kursiga jalb qilinadi. Endi ular 5 yilda bir marta emas, balki har yili, iloji bo‘lsa – har kuni o‘z malaka saviyasini takomillashtirib borishi mumkin bo‘ladi.
Shuning uchun xalq ta'limi xodimlarining har yili malaka oshirishlarini nazarda tutuvchi «hayot davomidagi uzluksiz kasbiy rivojlanish ta'limi» joriy etilmoqda. Avvalgi tartibga ko‘ra har yili o‘qituvchilarning faqat 20 foizi malaka oshirishga jalb qilingan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra o‘qituvchilar 100 foiz tarkibda har yili malaka oshiradi. Ilgari 5 yilda bir marta 144 soat malaka oshirish kurslarida o‘qilsa, yangi tartibga ko‘ra o‘qituvchilar har yili, kamida 36 soatlik o‘qishlarga jalb qilinadi.
Aytish joizki, endi xalq ta'limi xodimlari faqat Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi malaka oshirish muassasalarida emas, balki o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, hududlarda joylashgan istalgan oliy ta'lim muassasasi yoki nodavlat ta'lim tashkilotlarida o‘z malakalarini oshirishi mumkin. Bu malaka oshirishlar mutlaqo bepul va elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Ya'ni o‘qituvchi o‘zi istagan vaqtda, istalgan hududda o‘qish imkoniyati yaratiladi.
Mana, joriy yilning 1 mart sanasidan boshlab, tuman xalq ta'limi bo‘limlari fan metodistlarining Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining «Uzluksiz kasbiy ta'lim» elektron platformasi orqali malaka oshirishi yo‘lga qo‘yildi. Bunday imkoniyat iyun oyidan umumta'lim maktab direktorlari uchun ham yaratiladi.
– Yangi tizim orqali oraliq test hamda malaka ishi himoyasidan voz kechilishini aytdingiz. Yakuniy testdan o‘ta olmagan tinglovchilar uchun qayta topshirish cheklovlarsiz amalga oshirilar ekan. Masalan, ma'lum bir muddat qo‘yiladimi?
– Yakuniy attestatsiya sinovlari avvalgi tartibda, ya'ni bir oylik kurslarda mavjud edi. Uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tilishi nazarda tutilgani uchun ayrim kurslar bir oy davomiylikda tashkil etilmoqda. Biroq ularda mavjud bo‘lgan yakuniy test sinovlarini topshirish borasidagi har qanday cheklovlar olib tashlandi. Endi tinglovchi sinovlarni ijobiy natijaga erishgunga qadar qancha kerak bo‘lsa, shuncha topshirishi mumkin. Bu esa sohada mavjud korrupsion holatlarga barham berish imkoniyatini berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, malaka oshirish kursida o‘qish qisqa muddatli o‘quv modullarini o‘zlashtirishdan iborat bo‘ladi. Tabiiyki, bunda yakuniy sinovlar bo‘lmaydi. Har bir o‘quv moduli uning qay darajada o‘zlashtirilganini aniqlash imkoniyatini beruvchi nazorat savollari, test yoki keyslar bilan yakunlanadi. O‘quv modulini o‘zlashtirish sur'ati va uning yakunidagi sinovlarni topshirish muddatlarini belgilash malaka oshirayotgan o‘qituvchi tomonidan belgilanadi.
Albatta, boshlangan har qanday o‘quv moduli muayyan muddat davomida o‘zlashtirilishi maqsadga muvofiq. Aynan ana shu muddatda o‘quv modulining sinov topshiriqlari ham topshirilishi lozim. Hozirda mazkur muddat cheklanmagan, ya'ni o‘quv moduli bir yil davomida o‘zlashtirilishi imkoniyati mavjud. Ya'ni xodim yakuniy testda yetarli ballarni to‘plamaguncha shu modulni takror o‘rganadi.
– Agar o‘qituvchi shuncha vaqt ichida ham yetarli natija ko‘rsata olmasa-chi, qandaydir chora ko‘riladimi?
– «Ta'lim to‘g‘risida» qonunning 46-moddasiga muvofiq, har bir o‘qituvchi o‘z malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan o‘tishi majburiyati belgilangan. Uzrsiz sabablarga ko‘ra malaka oshirish dasturlarini o‘z vaqtida o‘zlashtirmagan o‘qituvchilar attestatsiya jarayonlariga qo‘yilmaydi, ya'ni attestatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi. Bu esa ularning o‘qituvchilik lavozimiga qay darajada muvofiqligiga nisbatan ertami-kechmi mehnat qonunchiligida ko‘zda tutilgan choralar ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.
O‘zining kasbiy mahoratini oshirish ustida ishlashni xohlamaydigan yoki bunday salohiyatga ega bo‘lmagan o‘qituvchi bolalarimizga dars berishi mumkin emas, deb hisoblayman.
– Malaka oshirish tizimiga nodavlat ta'lim tashkilotlarini jalb qilishdan ko‘zlangan maqsad nima? Nodavlat tashkilot qaysi mablag‘ hisobidan xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshiradi?
– Yangi tartibga ko‘ra, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi davlat ta'lim muassasalari monopoliyasi tugatilib, nodavlat ta'lim tashkilotlarining mazkur jarayonlarda ishtirok etish imkoniyati belgilanmoqda. Tabiiyki, nodavlat ta'lim muassasalari jalb etilishi sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Sog‘lom raqobat esa ta'lim sifati oshishiga olib keladi.
Nodavlat ta'lim tashkilotlarining xalq ta'limi xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha xarajatlari davlat budjetining mazkur sohaga ajratilgan mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
– O‘qituvchilarga malaka oshirishda onlayn tarzda dars beradigan professor-o‘qituvchilar tarkibi qanday bo‘ladi? Faqat shakl o‘zgarib, mazmun o‘sha-o‘shaligicha qolmaydimi?
– Yo‘q, mazmun har oyda yangilanadi. Malaka oshirish kurslarining kontentlarini yaratadigan professor-o‘qituvchilar tinimsiz o‘z ustida ishlashi, izlanishlar olib borishi va har oyda o‘quv modullari mazmunini yangilashi belgilangan. Professor-o‘qituvchilar yaratilgan yangi yoki tinglovchilar ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirilgan mavjud o‘quv moduli, ya'ni yangilangan kontent uchungina maosh oladi.
Zamon talabiga javob bera olmay qolgan o‘quv modullari kurs dasturidan chiqariladi, demak, ularning o‘rniga yangilarini yaratish lozim bo‘ladi. Mana shu doimiy yangilanishlarni amalga oshirishga qodir bo‘lmagan professor-o‘qituvchi sohada ishlay olmaydi. Shuning uchun ham professor-o‘qituvchilar yangi-yangi o‘quv modullarini yaratish, mavjudlarini takomillashtirish ustida muntazam ishlab boradi.
– Kontentlar o‘sha oldingi modullar bo‘yicha yaratiladimi?
– Yo‘q, yangi o‘quv modullari xalq ta'limi xodimlarining kasbiy ehtiyojlarini o‘rganish asosida ishlab chiqiladi. Ehtiyojlar ko‘lami esa hech qachon kamaymaydi. Chunki, bir marraga erishgan shaxs keyingi marrani egallashga harakat qiladi. Demak, yangi-yangi o‘quv modullari yaratiladi va mazkur jarayon cheksiz davom etadi. Zero, xalq ta'limi xodimlarining kasbiy rivojlanishi uzluksiz va ularning butun kasbiy faoliyati mobaynida davom etadi.
– Uzluksiz malaka oshirishda pedagoglarning ta'lim olish jarayonlari qanday nazorat qilinadi?
– Uzluksiz malaka oshirishda pedagoglarning ta'lim olish jarayonlari boshqarilishi murakkab tizimni tashkil qiladi. Qariyb 450 mingdan ziyod xodim o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib tuzilgan individual kasbiy rivojlanish trayektoriyalari bo‘yicha malaka oshirish o‘quv modullarini tanlaydilar va ularni o‘zlashtiradilar. Bir vaqtning o‘zida kimdir o‘quv modulini endi boshlagan bo‘lsa, kimdir uni o‘qiyotgan va yana kimdir mazkur o‘quv modulini tugatayotgan bo‘ladi. Xalq ta'limi xodimlarining soni va ularga taqdim etiladigan o‘quv modullarining miqdorini hisobga oladigan bo‘lsak, bunday elementlari ko‘p bo‘lgan murakkab tizimni boshqarish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz mumkin emasligini tushunib yetamiz.
Shuning uchun ham uzluksiz malaka oshirishda pedagoglarning ta'lim olish jarayonlarini boshqarish maxsus elektron platforma asosida avtomatlashtiriladi va ushbu boshqarish jarayonlarida inson omili minimallashtiriladi.
– Maqsad pedagogning saviyasini yanada oshirish. Malaka oshirish tizimida rejalashtirilayotgan o‘zgarishlarning natijalari qachon ko‘rina boshlaydi?
– Yangi – uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimining natijalari bir-ikki yildayoq ko‘zga tashlana boshlaydi va bu, avvalo, maktab o‘qituvchilari va rahbarlarining dunyoqarashida, bilimi va ko‘nikmalarida aks etadi. Har 5 yilda bir marta uning shaxsiy ehtiyojlari hisobga olinmagan kurs dasturlarini o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan xodim, endi o‘z xohishi va ehtiyojlaridan kelib chiqib kurs mazmunini o‘zi shakllantiradi va o‘zlashtiradi.
Shu tarzda o‘z bilim va ko‘nikmalaridagi mavjud kamchiliklarni tuzatgan va yangiliklarni o‘zlashtirgan o‘qituvchi, albatta, sifat jihatidan bir pog‘ona ko‘tariladi. Demak, u dars beradigan sinflarda ham ta'lim sifati ko‘tariladi. Mazkur o‘zgarishlar xalq ta'limi tizimining barcha o‘qituvchi, mutaxassis va rahbar xodimlariga nisbatan amalga oshirilishini hisobga oladigan bo‘lsak, haqiqatan ham, natijalar, tizim miqyosida, 1-2 yilda ko‘zga tashlana boshlaydi.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
14:47 / 04.12.2024