Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi avlodning aqliy salohiyati ota-onalarinikidan past – neyrobiolog
Zumerlarda diqqatni jamlash, xotira, o‘qish va matematika ko‘nikmalari, muammolarni yechish qobiliyati hamda umumiy IQ darajasi bo‘yicha pasayish namoyon bo‘lgan.
Foto: Getty images
Z avlodi (zumerlar) ota-onalariga nisbatan kamroq intellektual salohiyatga ega, dedi neyrobiolog Jared Kuni Xorvat.
Uning ta’kidlashicha, 1997 yildan 2010 yilgacha tug‘ilgan avlod maktablarda raqamli texnologiyalarga haddan tashqari tayanib qolgani sababli kognitiv jihatdan to‘xtab qolgan.
Kognitiv rivojlanish bo‘yicha ma’lumotlar 1800 yil oxirlaridan boshlab yuritib kelinadi va aynan Z avlodi tarixda ilk bor o‘zidan oldingi avlodga nisbatan past natijalarni ko‘rsatdi. Ularda diqqatni jamlash, xotira, o‘qish va matematika ko‘nikmalari, muammolarni yechish qobiliyati hamda umumiy IQ darajasi bo‘yicha pasayish namoyon bo‘lgan.
Xorvatning AQSh Senati Savdo, fan va transport qo‘mitasiga ma’lum qilishicha, Z avlodi vakillari XX asrdagi bolalarga nisbatan maktabda ko‘proq vaqt o‘tkazishiga qaramasdan, intellektual darajasi pasaygan.
Uning ta’kidlashicha, buning sababi ta’limda «ta’lim texnologiyalari» yoki EdTech deb ataluvchi kompyuter va planshetlar orqali o‘qitish hajmining keskin oshganidir.
Neyrobiologning so‘zlariga ko‘ra, inson miyasi katta kitoblar va murakkab g‘oyalarni qisqacha ifodalovchi lahzalik videolar yoki jumlalar orqali o‘rganishga moslashmagan.
«O‘smir uyg‘oq bo‘lgan vaqtining yarmidan ko‘pini ekranga tikilib o‘tkazadi. Aslida insonlar biologik jihatdan boshqa insonlardan va chuqur o‘rganish orqali bilim olishga «dasturlangan»», — deydi Xorvat.
Xorvat va Kongressda chiqish qilgan boshqa mutaxassislarning aytishicha, inson evolyutsiya jarayonida eng yaxshi bilimni jonli, yuzma-yuz muloqot — o‘qituvchilar va tengdoshlar orqali olishga moslashgan, ekranlar orqali emas.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ekranlar chuqur anglash, xotira va diqqatni shakllantiradigan tabiiy biologik jarayonlarni buzadi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, muammo texnologiyalarning noto‘g‘ri joriy etilishida yoki dasturlarning sifatsizligida emas. Aksincha, texnologiyaning o‘zi inson miyasining tabiiy ishlash, rivojlanish va axborotni saqlab qolish usuliga mos kelmaydi.
Xorvatning ta’kidlashicha, so‘nggi ma’lumotlar kognitiv qobiliyatlar taxminan 2010-yillardan boshlab rivojlanishdan to‘xtagani va hatto pasayganini yaqqol ko‘rsatadi.
U senatorlarga maktablar o‘sha yillarda deyarli o‘zgarmagani, inson biologiyasi esa bu qadar tez o‘zgarishi mumkin emasligini aytdi.
«Javob, ehtimol, maktab ichida qo‘llanayotgan vositalardadir. Ma’lumotlarga qaralsa, davlatlar maktablarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etishi bilan ta’lim natijalari sezilarli darajada pasaya boshlagan», — dedi u.
U AQSh bu muammoga duch kelgan yagona mamlakat emasligini ta’kidlab, tadqiqoti 80 ta davlatni qamrab olgani va maktablarga texnologiyalar kirib kelishi bilan ta’lim natijalari yomonlashib borayotganini bildirdi.
Xorvatning ta’kidlashicha, ko‘plab o‘smirlar va yoshlar bu muammoni anglamaydi va hatto o‘z «aqli» bilan faxrlanadi.
«Bu yoshlarning aksariyati o‘zini juda aqlli deb hisoblaydi. Inson o‘zini qanchalik aqlli deb o‘ylasa, aslida aqli shunchalik past bo‘ladi», — dedi u.
Uning aytishicha, Z avlodi TikTok kabi platformalarda qisqa matnlar va videolar orqali axborot olishga o‘rganib qolgani sababli maktablar ham ularni shu uslubda o‘qitishga majbur bo‘lgan.
«Bolalar kompyuterda nima qiladi? Shunchaki ko‘z yugurtiradi. Bolalarimizdan nima kutishni belgilab, ta’limni shu maqsadga moslash o‘rniga, ta’limni qurilmalarga moslayapmiz. Bu o‘sish emas, bu taslim bo‘lish», — deya ogohlantirdi Xorvat.
Yanvar oyidagi eshituvlarda qatnashgan ta’lim mutaxassislari bolalarning smartfondan foydalanishni boshlashini kechiktirish, zarur bo‘lganda ularga tugmali telefonlar berish va maktablarda texnologiyadan foydalanishni cheklashni me’yorga aylantirishni taklif qilishdi.
Ayni paytda Hindistonda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha chaqiriqlar kuchaymoqda, Ispaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Avstraliya esa 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun aksariyat ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan dunyodagi ilk davlatga aylandi.
Mavzuga oid
13:53 / 07.02.2026
O‘zbekistonliklar ta’limga 39 trln so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladi
19:18 / 06.02.2026
Samarqandda xorijdagi festivalga o‘z farzandlarini yuborgan mansabdorlardan 28 mln so‘m undirildi
11:27 / 31.01.2026
Uch bosqichli milliy tarbiya tizimi joriy etiladi
18:52 / 21.01.2026