O‘zbekiston | 09:27 / 24.11.2020
4257
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» geologik qidiruv va burg‘ilash ishlari uchun «Gazprombank» mablag‘larini jalb etadi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Moskvaga tashrifi doirasida «Gazprombank» Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Aleksey Belous bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokara davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan 2017–2021 yillarda uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish doirasida Rossiya banki mablag‘larini jalb qilishning asosiy shartlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, «Gazprombank» AJ bilan 100 million dollar miqdorida oldindan moliyalashtirish va Rossiya moliya institutlari sindikati bilan birgalikda ishlab chiqilgan 180 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli kreditni ajratish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar qo‘shma loyihalar ko‘lamini va ularning respublika uchun ahamiyatini inobatga olgan holda, har ikki tomon uchun ham eng maqbul shartlarga erishish zarurligini kelishib oldilar.

Geologik qidiruv va burg‘ilash ishlarini, shuningdek, uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturlarini amalga oshirish uchun «Gazprombank» mablag‘larini jalb etishning asosiy shartlari belgilab olindi.

Ta’kidlash joizki, «Gazprombank» «O‘zbekneftgaz» AJning ko‘p yillik va ishonchli hamkori bo‘lib, «Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish», «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish», «Sechanko‘l», «Oqjar» va «Chimboy» investitsiya bloklarida tabiiy gaz quvurlarini o‘tkazish, shuningdek, «O‘rga», «Oqchalak» va «Chandir» guruhi konlarini ishlab chiqish kabi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid