O‘zbekiston | 14:00 / 01.07.2024
141314
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 16 yoshli yigit va 17 yoshli qizning to‘yi bo‘lgani aytilyapti

29 iyun kuni Buxoroda 2008 yilda tug‘ilgan yigit va 2007 yilda tug‘ilgan qizning to‘yi bo‘lib o‘tgani aytilyapti. Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, yigit Shofirkon, qiz esa Qorako‘l tumanidan. To‘y Buxoro shahridagi restoranlardan birida o‘tkazilgan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga Buxoroda voyaga yetmagan yoshlarning to‘yi bo‘lgani haqida video kelib tushdi. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, 29 iyun kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidan bo‘lgan 2008 yilda tug‘ilgan yigit va Qorako‘l tumanidan bo‘lgan 2007 yilda tug‘ilgan qizning to‘yi bo‘lib o‘tgan. To‘y bazmi shahardagi “Fathobod” marosimlar uyida o‘tkazilgan.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan uning idorasi va ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Oila kodeksining 15-moddasida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda (2 mln 380 ming so‘mdan 5 mln 100 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bir necha oy oldin, Bolalar ombudsmani Qashqadaryo viloyati Koson tumanida 17 yoshli qizning belgilangan to‘yini to‘xtatgan edi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 7-sinf qiz unashtirilgani haqida videolavha tarqalgan, ota-onasi bu farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir edi deb tushuntirish bergandi.

Mavzuga oid