Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozonda qurol «qaynadi», Trampning ohangi o‘zgardi – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun, 13 iyul, yakshanba. Umrimizning yana bir haftasi ortda qoldi. Hafta davomida Ozarboyjon va Armaniston liderlari neytral hududda gaplashib oldi, Tramp Putinga nisbatan ohangini o‘zgartirdi, Rossiyada butun boshli vazir o‘zini o‘ldirdi, Ukrainada maxfiy komandir o‘ldirildi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Aliyev va Pashinyan uchrashdi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat Rossiya bilan nizolashayotgani fonida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Uchrashuv Abu-Dabida o‘tkazilib, unda tomonlar Naxichevonga Armaniston hududi orqali yo‘l tortish va tinchlik shartnomasi tuzishga xalaqit beradigan boshqa masalalarni muhokama qilgan.
Esingizda bo‘lsa, bunaqa formatdagi uchrashuvlar odatda Moskvada o‘tar, unda Vladimir Putin ham ishtirok etardi. Ammo Ozarboyjon va Armaniston endi o‘zaro muammolarni yakkama-yakka uchrashuvlarda hal qilishga kirishdi. Aliyev va Pashinyan ilk marta to‘g‘ridan to‘g‘ri, yolg‘iz muzokara o‘tkazishdi. Buni ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik jarayonining boshlanishi deb qarashmoqda. Biroq hozircha uchrashuvda hech qanday kelishuv bo‘lmagan.
Trampning ohangi o‘zgardi
Hafta davomida AQSh prezidenti Tramp dunyodagi reallikni anglash bo‘yicha oldinga siljidi desak bo‘ladi. Chunki Oq uy rahbari nihoyat Rossiya va uning o‘zgarmas lideri urushni tugatmoqchi emasligini tushunib yetayotganga o‘xshaydi. Buni ko‘pchilik allaqachon tushunib yetgandi, Amerika prezidenti boshqalardan oldin sezishi kerak edi demang, mayli, hechdan ko‘ra kech.
Tramp jurnalistlar bilan uchrashuvda Putin ko‘p chiroyli gaplar aytayotgani, lekin unda urushni tugatish istagi yo‘qligini aytdi. «Putin ko‘p bo‘lmag‘ir narsalarni gapirmoqda. Ular gapda yaxshi eshitiladi, lekin amalda hech qanday naf yo‘q. Men Rossiyaga qarshi sanksiyalarni jiddiy tarzda ko‘rib chiqyapman», dedi Tramp.
Keyinchalik turli nashrlar Tramp Rossiyaga qarshi neftga aloqador sanksiyalar e’lon qilishi mumkinligini yozib chiqdi, biroq amalda hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Trampning ta’biri bilan aytganda, uning gaplari chiroyli eshitiladi, lekin amalda hech narsa yo‘q.
AQSh qurol yetkazishni tikladi
Donald Tramp Rossiya prezidenti Putin bilan oltinchi marta telefonda gaplashib, hafsalasi pir bo‘lgach, Vashington Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni qayta tikladi. Avvalroq Pentagon rahbari Pit Hegset Oq uyni ogohlantirmay, Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatgani aytilgandi. Aftidan Tramp Putin bilan mantiqsiz suhbatdan keyin yana qurol yetkazib berish bo‘yicha buyruq bergan. Xususan, Kiyevga eng zarur qurollardan bo‘lmish 155 millimetrli artilleriya snaryadlari yetkazib berish tiklangan. Tez orada AQSh Ukrainaga qo‘shimcha 10 ta patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishi mumkin.
Eron: rus quroli o‘rniga chin quroli
Qurol-yarog‘ mavzusini davom ettiramiz. Isroil bilan 12 kunlik urushda Eron havo hujumidan mudofaa tizimi pand berganini hamma ko‘rdi. Yuzlab Isroil samolyotlari Eron ichigacha bemalol kirib borib raketa tashladi. Yetmaganiga AQShning juda bahaybat «V-2» bombardimonchilari ham Eron osmoniga muammosiz kirib bordi. Tehron o‘z osmoni mudofaasini Rossiyaning C-300 tizimlariga ishonib topshirgandi. Aftidan, rus qurollari Eron osmonini himoya qilish uchun yetarli bo‘lmagan. Balki eronliklar bu qurollardan samarali foydalana olmagan, balki Mossad chindan hujumdan avval bu tizimlarni yo‘q qilib chiqqandir.
Nima bo‘lsa ham, Eron endi havo hujumidan mudofaa tizimlarini Rossiyadan emas, Xitoydan sotib oladigan bo‘ldi. Yaqin Sharq hayotini yorituvchi nashrlarning yozishicha, Eron bunday tizimlar uchun neft orqali to‘lov qilib bo‘lgan.
Kokain ortilgan suvosti kema ushlandi
Narkotik savdosi bilan shug‘ullanadigan jinoyatchilar giyohvand moddalarni yashirincha tashish uchun g‘ayritabiiy yo‘llardan foydalanishini bilasiz. Gvatemalada mana shunday guruhlardan biri qo‘lga tushdi. Ular naq 35 million dollarlik 2,5 tonna kokainni suvosti kemasida tashiyotganda ushlangan. Gvatemala prezidenti Bernardo Arevalo buni tarixiy voqea deb atadi.
Ma’lumot uchun, Gvatelama Markaziy Amerikadagi narkotik savdosi uchun muhim yo‘lak hisoblanadi. 2024 yilning o‘zida mamlakatda 18 tonnadan ortiq kokain musodara qilingan. Jinoyatchilar oxirgi vaqtlarda kontrabanda uchun suvosti qayiqlaridan foydalanishga o‘tgan. Ba’zi qayiqlar xuddi harbiy submarina kabi suvostiga to‘liq cho‘kib ketishi mumkin, lekin aksar kemalar qo‘lbola bo‘lgani uchun suv yuzasiga chiqqanda qo‘lga tushmoqda.
«Admiral Kuznetsov» endi temir tersakmi?
Kemalar mavzusida yana bir xabar. Rossiyada ushbu hafta bir voqea bo‘ldiki, u urushlar allaqachon o‘zgarib ketganini ko‘rsatadi. Kremlga yaqin nashrlarning yozishicha, rossiya 7 yildan buyon ta’mirlanayotgan «Admiral Kuznetsov» aviatashuvchi kreyserini tiklash fikridan qaytishi mumkin. Chunki harbiylar bunda hech qanday mantiq yo‘q deb hisoblashmoqda.
Tinch okeani floti sobiq qo‘mondoni butun boshli admiral Sergey Avakyans aviatashuvchi eskilik sarqiti ekani, undan endi foyda yo‘qligini aytdi. «Bu juda qimmat va samarasiz dengiz quroli. «Admiral Kuznetsov» ta’mirini to‘xtatishga qaror qilishsa, uni kesib temir-tersakka topshirish qoladi», degan admiral.
Rossiyada vazir o‘ldi, Ukrainada polkovnik o‘ldirildi
Hafta davomida Rossiyada transport vaziri Roman Starovoyt o‘lik holatda topildi. 7 iyul kuni ertalab Putin tomonidan ishdan bo‘shatilgan Starovoyt kechga borib o‘zini otgani ma’lum bo‘ldi. Uning jasadini Moskva yaqinidagi chekka bir joyda, 1,5 oy avval sotib olgan Tesla mashinasi yaqinida topishgan. Starovoyt transport vaziri bo‘lishdan avval Kursk oblasti gubernatori bo‘lib ishlagan. U ishdan ketganidan ikki oy o‘tib Ukraina Kurskka bostirib kirgan, rossiyaliklarda oblast chegarasi istehkomlari bo‘yicha savol tug‘ilgandi. Uning o‘rniga kelgan yordamchisi Smirnov aynan mudofaaga ajratilgan pullarni o‘zlashtirgani uchun qamaldi. OAVda Starovoytga ham shu ish bo‘yicha ayblov e’lon qilingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Biz yutub kanalimizda Starovoyt o‘limi haqida alohida video ham e’lon qilganmiz. Uni tomosha qilishni tavsiya qilaman.
Kurdlar qurol tashladi
Haftaning eng muhim voqealaridan biri Yaqin Sharqda sodir bo‘ldi. Turkiya mamlakat uchun eng jiddiy xavf deb hisoblaydigan, siyosiy turk seriallarida guruh deb tilga olinadigan Kurdiston ishchi partiyasi a’zolari tantanali tarzda qurol tashladi. Shimoliy Iroqda o‘tkazilgan ramziy marosimda harakatning 30 nafar erkak va ayol jangchilari qurollarini tashlab, yoqib yuborishdi. Avvalroq Turkiya qamoqxonasida saqlanayotgan harakat lideri Abdulloh O‘jalan o‘z tarafdorlarini qurollarni tashlashga chaqirgandi. Hozircha Suriya va Iroqdagi boshqa kurdlar bu chellenjga qo‘shilishi aniq emas. Harakatning yuqori martabali mulozimi Bese Xozat qurollar tashlangach, bu haqda turk tilida bayonot berdi. Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an buni «mamlakat uchun yangi sahifa» deb atadi.
Josus tarjimon chetlatildi
Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylangach, Yevropa liderlari Ukrainaga qarshi yordam masalasida favqulodda yig‘ilish o‘tkazgandi. O‘tgan yil dekabr oyida o‘tkazilgan yopiq uchrashuv Yevropa ittifoqi binosida o‘tkazilgan va unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etgandi. Le Monde nashrining yozishicha, o‘sha yopiq uchrashuv vaqtida fransuzchadan ukrainchaga tarjima qilishi kerak bo‘lgan tilmochlardan biri Zelenskiyning gaplarini bloknotga yozib borgan. Vaholanki, yopiq uchrashuv vaqtida tarjimonlarga har qanday ma’lumotni qayd qilish taqiqlanadi. Chexiyalik tarjimonlar hamkasblari qilgan ishdan xavfsizlik xodimlarini xabardor qilgach, uni zaldan chiqarib yuborishgan.
Keyinchalik aniqlanishicha, bu ayol rus oilasida tug‘ilgan va rossiyalik diplomatlar bilan aloqalarini saqlab qolgan. Keyinchalik bu borada tergov ham o‘tkazilgan. Ayol keyinchalik Fransiya TIV yig‘ilishida ishtirok etganiga qaraganda uning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan. Balki josuslik haqida kinolarda bo‘lgani kabi bu tarjimon oldida boshqacha gaplari aytib, narigi tomonni chalg‘itishayotgandir, bundan xabarimiz yo‘q.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan oxirgi xabarimiz edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
16:48 / 11.01.2026
Texnika asrida «o‘rmon qonunlari» – hafta dayjesti
22:05 / 28.12.2025
Ukrainlarning bayram «tilagi», namoz o‘qiyotgan falastinlikka hujum – hafta dayjesti
15:09 / 21.12.2025
Timofey insoniyat ko‘ksiga pichoq urdi - hafta dayjesti
14:39 / 14.12.2025