O‘zbekiston | 14:15 / 01.04.2026
1931
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda poyezd tashuvchi aybi bilan kechiksa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadi

Hozirda faqat “Afrosiyob” poyezdlari uchun amalda bo‘lgan bunday tartib endilikda mahalliy yo‘nalishlardagi boshqa oddiy va tezyurar poyezdlarga ham tatbiq etiladi. Kompensatsiya miqdori poyezdning kechikish daqiqasiga qarab yo‘lkira qiymatining 15 foizidan 100 foizigacha belgilanmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda poyezd kechikkani uchun yo‘lovchilarga pulli kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi vaqtlarda qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarda temiryo‘lda yo‘lovchi poyezdlarining belgilangan jadvaldan kechikishi, jo‘nab ketishi kechikkani yoki manzilga kech yetib kelgani holatlari yuzasidan e’tirozlar bildirilgan. 2025 yil davomida mazkur masala bo‘yicha qo‘mitaga 51 ta murojaat kelib tushgan.

“Jumladan, fuqaro M.X. tomonidan qoldirilgan murojaatda “Toshkent–Buxoro–Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanuvchi “Sharq” poyezdlari doimiy ravishda 40 daqiqadan 1 soatgacha kechikib kelayotgani, shuningdek, chiptalarda poyezd kelishi haqidagi to‘g‘ri ma’lumot ko‘rsatilmagani ta’kidlangan. Bunday holatlar yo‘lovchilarning shaxsiy ish rejalari va ularni kutib oluvchilar rejalariga ham ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.

Mazkur masala bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlardagi tartiblar o‘rganilganda, tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pulli kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmagani aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Shunga ko‘ra, qo‘mita tomonidan tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pulli kompensatsiya to‘lash tartibini joriy etish yuzasidan Transport vazirligiga so‘rov yuborilgan. So‘rovga javoban Transport vazirligi ayni paytda “O‘zbekiston Respublikasi temiryo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ning yangi tahriri ishlab chiqilayotganini bildirgan.

Qayd etilishicha, poyezd kechikkan hollarda mahalliy yo‘nalishlardagi oddiy va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarga quyidagi miqdorlarda kompensatsiya to‘lash belgilanmoqda:

  • 15-30 daqiqa kechikkani uchun yo‘lkira qiymatining 15 foizi miqdorida;
  • 31-60 daqiqa kechikkani uchun yo‘lkira qiymatining 25 foizi miqdorida;
  • 61-120 daqiqa kechikkani uchun yo‘lkira qiymatining 50 foizi miqdorida;
  • 121 daqiqadan ortiq kechikkani uchun yo‘lkira qiymatining 100 foizi miqdorida.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi tartib hozirda faqat “Afrosiyob” poyezdlari kechikishi uchun mavjud edi.

Avvalroq “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mamlakat ichida qator yo‘lovchi poyezdlari chiptalari narxini oshirgandi.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid