Jahon | 13:46 / 30.07.2025
2618
10 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda boshlangan ocharchilik, Kamchatkada 8 balli zilzila va Falastinni tan olayotgan Yevropa – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda ocharchilik boshlanmoqda – IPC hisoboti

«G‘azoda yuz berayotgan insonparvarlik fojiasini havodan tashlangan yordam yuklari bilan to‘xtatib bo‘lmaydi. G‘azo sektorida eng yomon holat ocharchilik ssenariysi – hozirda ro‘y bermoqda», deyiladi BMT bilan hamkorlikda ishlovchi Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarining integrallashgan tasnifi - IPCʼning ogohlantiruvchi hisobotida.

Ularning ta’kidlashicha, «darhol va to‘sqinliksiz» insonparvarlik yordami G‘azoga kiritilmaguncha, ochlik va o‘lim holatlari keskin ortishda davom etadi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, 2024 yilning iyul oyi birinchi yarmida bolalar orasida «oziq-ovqat yetishmovchiligining og‘ir shakli» keskin oshgan. Aprel oyi boshidan iyul oyi o‘rtalarigacha 20 000 dan ortiq bola davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan 3000 nafardan ortig‘i – og‘ir ahvolda. Shuningdek, 17 iyuldan beri 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ochlik tufayli kamida 16 nafar o‘lim holati ro‘yxatga olingani qayd etilgan.

«Mozorni to‘ldirayotgan bu o‘limlarning oldini olish uchun zudlik bilan harakat qilish lozim. Dushmanlikni to‘xtatish va hayotiy muhim insonparvarlik yordamining to‘siqsiz, keng ko‘lamda kirishini ta’minlash — bu yagona yo‘l», deyiladi IPC hisobotida.

Isroil joriy yil mart oyidan boshlab 11 hafta davomida sektorda to‘liq yordam blokadasini joriy qilgan. May oyidan boshlab cheklangan miqdorda kiritila boshlangan oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmonlar G‘azodagi keskin ochlikni yengillashtira olmadi.

«Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti G‘azoga havodan yordam tashlash amaliyotini keskin tanqid qilib, bu chorani «befoyda» va «kinoyali» deb atadi.

«Havodan insonparvarlik yordamini tashlash – bu nafaqat samarasiz, balki mazaxdek ko‘rinadigan befoyda tashabbusdir. Yo‘llar bor, yuk mashinalari bor, oziq-ovqat va dori-darmonlar bor – hammasi G‘azo chegarasidan atigi bir necha kilometr narida tayyor turibdi. Faqatgina Isroil hukumatining bu yordamni o‘tkazishga ruxsat berishi, tekshiruv jarayonlarini tezlashtirishi, keng ko‘lamda yuklar kirishiga izn berishi va ularni xavfsiz yetkazib berish uchun muvofiqlashtirish kerak. Faqat shundagina biz bugun guvoh bo‘layotgan ochlik muammosini hal qilish yo‘lida birinchi qadamni qo‘yishimiz mumkin», dedi tashkilotning G‘azo bo‘yicha koordinatori Jyen-Gay Vataux.

Kamchatkada 8 balli zilzila

30 iyul kuni Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Kamchatka yarimoroli yaqinida 8,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila binolarga zarar yetkazdi va 4 metr balandlikdagi sunami yuzaga keltirib, butun Tinch okeani bo‘ylab ogohlantirish va evakuatsiyaga sabab bo‘ldi.

AQSh Geologiya xizmatiga ko‘ra, zilzila 19,3 km chuqurlikda sodir bo‘lgan va markazi Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 119 km janubi-sharqda joylashgan. Dastlabki magnituda 8,0 sifatida qayd etilgan, keyinchalik bu ko‘rsatkich yangilandi va kuchli 6,9 magnitudali takroriy tebranish ham qayd etildi.

Reuters nashrining yozishicha, Uzoq Rossiya hududida bir necha kishi jarohat oldi, Yaponiya sharqiy qirg‘og‘idagi keng hududlar esa evakuatsiya qilindi. «Bugungi zilzila jiddiy va o‘n yilliklardagi eng kuchli tebranishlardan biridir», dedi Kamchatka gubernatori Vladimir Solodov.

Favqulodda xizmatlarga ko‘ra, Kamchatkaning ayrim joylarida 3–4 metr balandlikdagi sunami qayd etilgan. Aholi qirg‘oqdan uzoqlashishga chaqirildi. Yaponiyaning ob-havo agentligi 3 metr balandlikdagi sunami to‘lqinlari keng qirg‘oq hududlariga yetib kelishi mumkinligini ma’lum qildi.

Rossiya va Ekvadorning ayrim qirg‘oqlarida 3 metrdan baland to‘lqinlar, Gavayi, Chili va Solomon orollarida 1–3 metrli to‘lqinlar ehtimoli borligi aytilmoqda.

Rossiya Fanlar akademiyasi bu hududda 1952 yildan beri qayd etilgan eng kuchli zilzila bo‘lganini ma’lum qildi.

Britaniya va Malta Falastin davlatini tan oladi

29 iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer, agar Isroil falastinliklarning hayotini yaxshilash yo‘lida bir qator choralarni ko‘rmasa, Birlashgan Qirollik sentabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olishga tayyorligini ma’lum qildi.

Starmerning aytishicha, agar Isroil quyidagi aniq harakatlarni amalga oshirsa, Britaniya Falastinni tan olish qaroridan qaytadi:

  • G‘azoga ko‘proq insonparvarlik yordamini kirishiga yo‘l ochish;
  • G‘arbiy sohilni anneksiya qilmaslikka qat’iy kafolat berish;
  • Falastin davlatchiligini nazarda tutuvchi uzoq muddatli tinchlik jarayoniga sodiqligini e’lon qilish.

«Falastin xalqi dahshatli azob-uqubatlarni boshidan kechirdi. Bugun esa G‘azoda — yordam yetishmovchiligi tufayli — biz ochlikdan qiynalayotgan chaqaloqlarni, oyoqqa tura olmaydigan bolalarni ko‘rmoqdamiz. Bu tasvirlar umrimiz davomida yodimizdan chiqmaydi. Bu azob nihoyasiga yetishi kerak», — dedi Starmer jurnalistlarga.

Uning aytishicha, hukumat sentabr oyida Isroil va Falastin tomonlarining bu shartlarni qanchalik bajarganiga baho beradi. «Bu qarorni qabul qilishda hech kim veto huquqiga ega bo‘lmaydi», — dedi Starmer.

Yevropaning yana bir davlati Malta ham sentabr oyida BMT doirasida Falastin davlatini tan olishini e’lon qildi.

«Bizning pozitsiyamiz Yaqin Sharqda barqaror tinchlik uchun sa’y-harakatlarga sodiqligimizni aks ettiradi», dedi mamlakat bosh vaziri Robert Abela. Malta hukumati shu vaqtga qadar ichki bosim ostida Falastinni tan olishga chaqirilib kelayotgan edi. O‘rta Yer dengizi orol davlati bo‘lgan Malta tarixan falastinliklar masalasini qo‘llab kelgan va ikki davlatli yechim tarafdori.

Avvalroq, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Falastinni 1967 yilgi Yaqin Sharq urushi chog‘ida Isroil bosib olgan hududlar doirasida davlat sifatida tan olish niyatini e’lon qilgan edi.

Kecha, shuningdek Isroilga bosimning yana bir ko‘rinishi o‘laroq Niderlandiya hukumati Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va moliya vaziri Betsalel Smotrichga mamlakatga kirishni taqiqladi. Niderlandiya hukumati ushbu ikki vazirga ekstremistik faoliyati uchun sanksiyalar joriy qilish, ularni nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritish qarorini qabul qildi.

Niderlandiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi darajasida Isroil bilan assotsiatsiyalashgan bitimning savdo qismini to‘xtatib turishni taklif qiladi. Tashqi ishlar vaziri Veldkampning ma’lum qilishicha, Niderlandiya Isroilga harbiy maqsadlardagi mahsulotlar eksportini cheklaydi, buning uchun bir nechta litsenziyalar bekor qilinadi.

Binyamin Netanyahu koalitsiyasidagi ushbu markaziy shaxslar G‘azo sektorini «etnik tozalash» bilan tahdid qilgani uchun ko‘plab davlatlar tomonidan «persona non grata» deb e’lon qilingan.

Pekinda suv toshqinlari

Xitoy poytaxti Pekin shahrida kuchli yomg‘irlar oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi. Dushanba kuni kechqurun Pekindagi suv toshqinlariga qarshi kurash bo‘yicha shtab favqulodda vaziyatlarga reaksiya ko‘rsatishning eng yuqori darajasini faollashtirdi.

Yomg‘irlar tufayli Pekinda 80 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Yuzlab aviareyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan, yog‘inlar temiryo‘l faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. 130 dan ortiq qishloqda yo‘llar shikastlangan, elektr energiyasi ta’minoti uzilgan.

Kuchli yomg‘irlar 23 iyul kuni boshlanib, 28 iyul kuni Pekin va unga tutash hududlarda eng yuqori cho‘qqisiga yetdi, Miyun tumanida 573,5 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatildi. Mahalliy OAV buni «o‘ta halokatli» daraja deb atadi. Pekinda o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 600 millimetr atrofidani tashkil etadi. Yog‘ingarchilikning katta qismi Pekinning Buyuk Xitoy devori yaqinidagi tog‘li shimoliy qismiga to‘g‘ri kelgan.

Avvalroq XXR raisi Si Jinping suv toshqinlari vaqtida odamlar hayoti va mol-mulki xavfsizligini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirgandi.

Tramp qanday shartlarda Xitoyga borishi mumkinligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashishga intilmasligini aytdi. Shu tariqa, u mamlakatlar o‘rtasida shu hafta bo‘lib o‘tadigan tariflar bo‘yicha muzokaralar yetakchilar uchrashuviga zamin yaratishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Feyk xabarlarda aytilishicha, men Xitoy raisi Si Jinping bilan «uchrashuv» uchun imkoniyat izlayapman. Bu yolg‘on, men hech narsa qidirmayapman!» deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, Xitoyga borishi mumkin, biroq «faqat prezident Si taklifiga ko‘ra». Shu hafta Stokholmda AQSh moliya vaziri Skott Bessent ishtirokida AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo muzokaralari bo‘lib o‘tmoqda.

Avvalroq, Si Jinping sentabr oyida Tramp va Putin bilan uchrashuv tashkillashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. The Times nashrining yozishicha, u AQSh prezidentini Ikkinchi jahon urushi tugaganiga bag‘ishlangan tadbirga taklif qilmoqchi. Shuningdek, ushbu tadbirda Putin ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tramp avvalroq Si Jinping o‘zini allaqachon Xitoyga taklif qilganini tasdiqlagan edi.

Mavzuga oid