Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning pullarini musodara qilmoqchi bo‘lgan AQSh, Falastinni qo‘llagan BMT va Polshada mashg‘ulot boshlagan NATO – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
BMT Falastin tan olinishini qo‘llab-quvvatladi
BMT Bosh assambleyasi juma kuni Isroil va Falastin o‘rtasida ikki davlatli yechim sari «aniq, muddatli va orqaga qaytmas qadamlar»ni belgilovchi deklaratsiyani katta ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatladi.
Yetti sahifali deklaratsiya iyul oyida BMTda Saudiya Arabistoni va Fransiya mezbonligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya natijasida ishlab chiqilgan. AQSh va Isroil tadbirni boykot qilgan edi.
Shuningdek, deklaratsiyani ma’qullovchi rezolyutsiya 142 ta davlatning roziligini oldi, 10 davlat qarshi chiqdi, 12 davlat betaraf qoldi. Ovoz berish 22 sentabr kuni yuqori darajadagi BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishidan oldin bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda Britaniya, Fransiya, Kanada va boshqa davlatlar rasmiy ravishda Falastin davlatini tan olishi kutilmoqda.
Shuningdek, Bosh assambleyaning 193 a’zo davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan deklaratsiya 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning hujumlarini, Isroilning G‘azodagi tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi hujumlarini, qamal va ochlikni qoraladi.
Hujjatda barcha garovdagi shaxslarni ozod etish talabi bildirilgan, shuningdek HAMAS quroldan voz kechishga va sektor ustidan nazoratni to‘xtatishga chaqirilgan.
«G‘azodagi urushni to‘xtatish kontekstida HAMAS sektordagi hukmronligini to‘xtatishi va suveren va mustaqil Falastin davlatini yaratish maqsadiga erishish uchun xalqaro qo‘llab-quvvatlash va ishtirokda Falastin ma’muriyatiga qurol topshirishi kerak», deyiladi hujjatda.
Rezolyutsiyani barcha Fors ko‘rfazi arab davlatlari qo‘llab-quvvatladi. Isroil va AQSh qarshi ovoz berdi.
Rezolyutsiya bilan ma’qullangan deklaratsiyada BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan mandat beriladigan vaqtinchalik xalqaro barqarorlashtirish missiyasi joylashtirilishiga qo‘llab-quvvatlov bildiriladi.
AQSh ovoz berishni «yana bir noto‘g‘ri, o‘z vaqtida bo‘lmagan reklama shousi hamda HAMASga sovg‘a» deb ta’rifladi. Unga ko‘ra, bu qadam mojaroni tugatishga qaratilgan jiddiy diplomatik harakatlarni zaiflashtirdi.
Tramp sabri tugayotganini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan sabr-toqati «tezda tugayotganini» va Rossiyani iqtisodiyotning moliya va energetika sohalariga nisbatan yangi sanksiyalar kutishi mumkinligini aytdi.
«U (sabr-toqat) tugayotganga o‘xshaydi va tez tugaydi», dedi Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
«Biz banklarga qarshi qaratilgan juda kuchli sanksiyalarni joriy etmoqchimiz, shuningdek, neftga zarba bermoqchimiz va tariflarni ham (kiritmoqchimiz)», deb qo‘shimcha qildi u. Tramp avvalroq Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylangan Hindistonga nisbatan yuqori bojlarni joriy qilganini eslatdi. «Bu oson bo‘lmadi, chunki bu Hindiston bilan ziddiyatni keltirib chiqardi», dedi u.
Tramp so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya to‘rtinchi yildan beri davom etayotgan mojaroni hozir hal qilishga tayyormi yoki yo‘qligini bilmaydi. Shu bilan birga, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy muzokaralarga tayyorligini juda tez ko‘rsatmaganini ta’kidladi.
«Tango (raqsi) uchun ikki kishi kerak. Ajablanarlisi shundaki, Putin buni xohlasa, Zelenskiy xohlamaydi. Zelenskiy xohlasa, Putin xohlamaydi. Endi Zelenskiy xohlayapti, Putin so‘roq ostida», dedi Tramp.
Bundan tashqari, Bloombergʼning yozishicha, Donald Tramp ma’muriyati G7 davlatlariga sanksiyalar natijasida muzlatib qo‘yilgan Rossiyaning oltin-valuta zaxiralarini to‘g‘ridan to‘g‘ri musodara qilishni boshlashni taklif etgan.
Agentlik manbalariga ko‘ra, amerikaliklar allaqachon o‘z g‘oyalarini Rossiyaning muzlatilgan suveren aktivlarining taxminan uchdan ikki qismi joylashgan Yevropa rasmiylariga bildirgan. Hozir Yevropa Ittifoqi ushbu mablag‘larni investitsiya qilishdan olingan foydadan Ukrainaga yordamni moliyalashtirish uchun foydalanmoqda.
Umumiy hisobda G‘arb davlatlari Rossiyaning 300 milliard dollarga yaqin yoki xalqaro zaxiralarining taxminan yarmini muzlatib qo‘ydi. Yevropa Ittifoqi urushning dastlabki kunlaridayoq Rossiya Moliya vazirligi, Markaziy banki va Milliy farovonlik jamg‘armasiga qarshi sanksiyalar qo‘llab, 200 milliard yevroga yaqin mablag‘ni bloklab qo‘ydi.
Vashington bu pullarni olib qo‘yish va keyin ulardan Kiyevni harbiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini to‘lash uchun foydalanishni taklif etgan. Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish uchun huquqiy asosni yaratishga bir necha bor urinib ko‘rgan. Biroq ehtimoliy huquqiy oqibatlar tufayli bu qadamdan voz kechgan.
AQSh prezidenti o‘zi rossiyalik hamkasbidan norozi ekanini avval ham bir necha bor aytib, kuchli sanksiyalar bilan tahdid qilgan. Lekin va’dalar hech qachon amaliyotgacha yetib bormagan.
NATO Rossiya tahdidiga qarshi tayyorlanmoqda
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya dronlari Polsha havo hududiga kirganidan keyin Yevropaning sharqiy qanoti mudofaasini kuchaytirish uchun «Sharqiy qo‘riqchi» (Eastern Centry) operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
«Bu aqlsizlik va nomaqbul. Biz Rossiya dronlarining ittifoqchilar havo hududiga bostirib kirishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», dedi Ryutte. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda missiyaga Daniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya qo‘shilgan. Operatsiyaning boshqa tafsilotlari hozircha noma’lum.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Polsha havo hududini himoya qilish uchun Rafale qiruvchi samolyotlarini qo‘llashga va’da berdi.
11 sentabr kuni Polsha ittifoqchilardan Rossiya bosqinidan yaxshiroq himoyalanish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari va dronlarga qarshi qo‘shimcha texnologiyalarni taqdim etishni so‘radi. NATO kuchlari 10 sentabr kuni Rossiyaning Ukrainaga so‘nggi keng ko‘lamli havo hujumi paytida Polsha chegarasini kesib o‘tgan dronlarni urib tushirgan edi.
Epshteyn ishi: Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi ishdan bo‘shatildi
Buyuk Britaniya hukumati Britaniyaning Vashingtondagi elchisi Piter Mandelsonni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qaror Mandelsonning voyaga yetmaganlar jinsiy savdosida ayblangan va 2019 yilda qamoqxona kamerasida osilgan holda topilgan moliyachi Jyeffri Epshteyn bilan yaqin aloqalari tufayli qabul qilingan.
Mandelsonning elektron xatlarida mavjud bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlardan kelib chiqib, bosh vazir Kir Starmer tashqi ishlar vaziri Devid Lemmidan diplomatni elchi sifatida chaqirib olishni so‘radi.
«Elektron pochta xabarlari Piter Mandelsonning Jyeffri Epshteyn bilan munosabatlarining chuqurligi va ko‘lami uning tayinlangan vaqtida ma’lum bo‘lganidan sezilarli darajada farq qilishini ko‘rsatadi», — deya ma’lum qildi vazirlik.
Bir necha kun oldin AQSh Vakillar palatasi qo‘mitasi — moliyachi Jyeffri Epshteynning shov-shuvli ishi bilan bog‘liq minglab sahifali hujjatlarni e’lon qilgandi. Uning Donald Tramp bilan aloqalari AQShda ham katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda.
Rossiyada migrantlarga fuqarolik berishni to‘xtatish taklif etildi
«Spravedlivaya Rossiya» partiyasi raisi Sergey Mironov 2030 yilgacha Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga Rossiya fuqaroligi va yashash uchun ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etishga chaqirdi.
Uning aytishicha, Rossiyada 6,5 milliondan ortiq migrant bor va ularning kamroq qismi ishlaydi. Qolganlari — hech narsa qilmasdan ijtimoiy infratuzilmalardan foydalanadi. Deputat bunday holat Rossiya milliy xavfsizligi va fuqarolari farovonligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solishini bildirgan.
«Men 2030 yilgacha O‘rta Osiyodan kelgan migrantlarga fuqarolik va yashash uchun ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etishga chaqiraman. Faqat shu yo‘l bilan biz vaziyatni barqarorlashtirishimiz va bugungi kunda mamlakatga chet el fuqarolarining ommaviy kelishi tufayli yuzaga kelayotgan barcha muammolarni hal qilishimiz mumkin», dedi Mironov.
Avvalroq siyosatchi bir necha bor shunga o‘xshash tashabbuslar bilan chiqqan. Xususan, bir necha kun oldin Mironovning partiyasi deputatlari mehnat migrantlariga oilasini Rossiyaga olib kelishni taqiqlashni taklif qilgandi. 2022 yilda u Tojikiston fuqarolariga fuqarolik berishni taqiqlashni taklif qilgan, biroq qo‘llab-quvvatlanmagan. 2024 yilda Mironov yana O‘rta Osiyo aholisi uchun vaqtinchalik moratoriy joriy etishni talab qildi, biroq uning taklifi ham rad etildi.
Mavzuga oid
14:59 / 25.12.2025
Isroilga qarshi da’voga qo‘shilgan Belgiya, Kimning atom suvosti kemasi va Moskva osmonidagi dronlar – kun dayjesti
14:02 / 24.12.2025
G‘azoda ta’mirlangan shifoxona, aviahalokatga uchragan Liviya harbiy qo‘mondoni, BMTda bahslashgan AQSh va Eron – kun dayjesti
16:08 / 23.12.2025
Grenlandiyaga ko‘z tikkan Tramp, Xitoyning yadroviy ambitsiyalari va Moskvada portlatilgan general – kun dayjesti
15:47 / 22.12.2025