Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Javohir Sindorov Rameshbabuni yana mag‘lub etdi
O‘zbekistonlik shaxmatchi 10 turdan keyin 8 ochko jamg‘argan holda yaqqol peshqadamlikni davom ettirmoqda. Endi u qolgan 4 turning barchasida durang o‘ynasa ham, hech kim unga yetib ololmaydi.
Foto: FIDE / Niki Riga
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 9 aprel kuni Nomzodlar turnirining 10-turida oq donalarda o‘ynab, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhani mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa, Sindorov turnir davomida Pragnanandhani ikkinchi bor mag‘lub etdi – birinchi davrada ham u qora donalarda o‘ynab, hind shaxmatchisidan ustun kelgandi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi ushbu turda qayd etilgan natijalar tufayli turnir jadvalidagi peshqadamligini yanada mustahkamlab oldi. Uning asosiy ta’qibchisi bo‘lgan Anish Giri Hikaru Nakamura bilan durang qayd etdi va endi Sindorovdan (8 ochko) 2 ochkoga ortda qolmoqda.

E’tiborli tomoni, u qolgan to‘rt partiyaning barchasida durang qayd etgan taqdirda ham birinchi o‘rindan tushib ketmaydi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik shaxmatchi ushbu g‘alaba orqali Nomzodlar turnirining hozirgi formatida eng ko‘p g‘alabaga erishgan shaxmatchi sifatida rekord o‘rnatdi, turnirda hozirgacha hech kim 6 marta g‘alaba qozonmagandi.
Holbuki turnir yakuniga yana to‘rt tur bor va u o‘z rekordini o‘zi yangilashi mumkin.
10 aprel turnirda dam olish kuni bo‘ladi. 11-tur bahslari 11 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Sindorov qora donalarda Fabiano Karuanaga qarshi dona suradi.
Sindorovning keyingi raqiblari qatorida Karuanadan tashqari, Hikaru Nakamura, Anish Giri va Vey I ham bor.
Nomzodlar turniri Kiprning Peyye shahrida o‘tkazilmoqda. Musobaqa g‘olibi 70 ming yevro mukofotni qo‘lga kiritadi va shaxmat toji uchun amaldagi chempion hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi.
Mavzuga oid
11:44 / 10.04.2026
«Agar bu unvonga loyiq bo‘lsang, baribir uni olasan» – Sindorov peshqadamligi haqida
12:46 / 09.04.2026
Javohir Sindorov yana durang o‘ynadi
11:04 / 08.04.2026
Sindorov Nomzodlar turniridagi peshqadamlikni davom ettirmoqda
22:49 / 05.04.2026