Shu masala yuzasidan izoh olish uchun sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov bilan suhbatlashdik.
– Shohrux Shoturg‘unovich, umuman e'tirozlar nima sababdan kelib chiqmoqda, nahotki rag‘batlantiruvchi toifalar aniq belgilab olinmagan bo‘lsa?
– Aslida hammasi aniq, hech qanday e'tirozga ham o‘rin yo‘q. Davlat rahbari farmoni va qarorida ham, Vazirlar Mahkamasining unga asoslangan qarorida ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda aynan qaysi toifa xodimlar rag‘batlantirilishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. SEOM xodimlari, maxsus shifoxonalardagi xodimlar va tez tibbiy yordam brigadalarini alohida rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Masalan, ko‘pchilik tizim xodimlari o‘zlarining ish jarayonida 25 mln, 15 mln, 10 mln so‘m kabi yirik mablag‘lar olishni xohlaydi. Ammo bu mablag‘lar faqat COVID-19'ni davolashga ixtisoslashgan maxsus klinikalar xodimlariga beriladi. Yoki koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari shu jumlasidan.
Ayrim oilaviy poliklinikalar shifokorlari ham «biz ham koronavirusga qarshi kurashayapmiz-ku, COVID-19'ga duch kelyapmiz-ku, nega bizga mukofot berilmaydi?» – deya e'tiroz bildirishadi. Biz albatta barcha tibbiyot xodimlarni hurmat qilamiz. Ammo xohlasak ham bu mablag‘larni bera olmaymiz. Chunki poliklinikalar va reanimatsiya bo‘limlarida uzluksiz nazoratda yotadigan og‘ir bemorlar mavjud klinikalarni taqqoslab bo‘lmaydi. Zararlanish tavakkalchiligi keskin farq qiladi.
– Bu to‘lovlar kechikishi bilan bog‘liq muammolar ham kuzatildi.
– Chindan ham, jarayonning boshida ozgina kechikishlar, noaniqliklar bo‘ldi. Ammo hozir bularning bari bartaraf qilingan. Barcha xodimlar o‘zlariga belgilangan to‘lovlarni olmoqdalar. Buning uchun Respublika maxsus komissiya nazorati ostida SSV, Moliya vazirligi, Markaziy bank hamjihatlikda muntazam ishlayapti. Sababi, ko‘p joylarda naqd pullar ham berilyapti, bu milliardlab mablag‘larni anglatadi, shuning uchun banklarning ham o‘rni muhim.

Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchiman, 15 mln, 25 mln so‘mlik rag‘batlantiruvchi pullarni olishmasa-da, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlarda qatnashayotgan SEOM xodimlari ham kunlik 6 foizli ustamalarni muntazam olishyapti. Aytaylik, maoshi 2 mln so‘m bo‘lgan xodimga bir kunlik 120 ming so‘m qo‘shiladi, ya'ni oyiga 20 kun ishlasa, qo‘shimcha 2,4 mln so‘m oladi.















