20:39 / 04.09.2020
46949

Navoiylik talaba qiz gazetada tanqidiy maqola yozdi. Shundan so‘ng unga bosim bo‘lgani aytilmoqda

O‘zJOKU talabasi Mahfuza Po‘latova “Navoiy ziyosi” gazetasida chop etilgan “Efir uchun qilinayotgan ehsonlar” sarlavhali maqolasi uchun mahalla raisi tomonidan bosimga uchragani haqida xabar bermoqda.

illyustratsion foto

M.Po‘latovaning aytishicha, u maqolasida o‘zi yashayotgan hudud ­– Karmana tumani, “Bog‘ishamol” mahallasidagi onaxonga ehson berish jarayoni haqida yozadi. Ehson tarqatuvchilar o‘z saxovatini tasvirga olmoqchi bo‘lganida, onaxonning nafsoniyatiga tekkan. Natijada, “Menga bunaqa ehsonlaring kerak emas, bularni olishga o‘zimning ham qurbim yetadi” deya oziq-ovqat mahsulotlarini rad qilgan. Maqolada bundan tashqari, o‘sha mahallada haqiqatan ham ehtiyojmand oilalar bo‘la turib, ularga yordam berilmagani aytilgan. Bo‘lajak jurnalist dori-darmon vositalarining asossiz ko‘tarilib ketishi, odamlarning xo‘jako‘rsinga qilayotgan saxovatini qoralagan.

“Bog‘ishamol” mahallasi raisi kecha, 3 sentabr kuni Maqsud Pardayev va kotibasi bilan uyimizga kelib, ota-onamga "Jurnalist qiz qani?" deb kinoya qilishibdi. O‘sha vaqt men chiqib qoldim. Rais "Meni taniysizmi o‘zi" deb so‘radi. “Yo‘q, tanimiyman” dedim. Keyin "Qanaqa maqola yozganingizni bilasizmi, o‘zingiz o‘qib chiqdingizmi?" dedi. "Maqolamni yoddan bilaman, hamma yozganlarimga javob beraman” dedim. Ushbu bahs ustiga kam ta'minlangan bir qo‘shnimiz kelib qoldi: “Nima yordam qilyapsizlar mahalla bo‘lib" dedi u ham. Keyin baqir-chaqir ko‘tarildi. Keyin menga rais va kotibasi “Undan ko‘ra, yutuqlarimizni yozing, maqtab yozing” dedi.

Shundan so‘ng ular ketishdi. Bilsak, men maqolada misol keltirgan onaxonning uyiga borib, qizidan bizga mahalla har doim yordam beradi mazmunida majburiy tilxat yozdirib olibdi. Qizig‘i, maqolam e'lon qilingach, onaxonning uyiga borib o‘qib berdim. Onaxon ham, qizi ham "Qizim, to‘g‘ri yozibsiz, bu yerda hech qanday tuhmat yo‘q" deya, mahallaning boshqa kirdikorlarini ham gapirib bergandi. O‘zlarining sharoiti haqida ham yig‘lab gapirdi onaxon. Lekin mahalla raisining tahdidi uchun ular qo‘rqqanidan, o‘zlari xohlamagan holda tilxat yozishdi.

O‘sha voqeadan biroz o‘tib yana bir mahalladoshimiz "Xalq sizdan norozi" deb aytganida, rais "Siz norozidirsiz, xalq mendan rozi, mana, qo‘shningizdan so‘rang" deb yon qo‘shnimizni ko‘rsatibdi. Dadam o‘sha payt "Bulardan nimani so‘raymiz, sizning odamingiz-ku bu. Baribir sizni maqtaydi, saylanishingizda ham targ‘ibotingiz bilan shug‘ullangan" debdilar. Rais ketishidan oldin dadamga "Bu sizning odamingiz deb xato aytdingiz, hali ko‘rasiz" debdi. O‘sha kuni kechqurun dadam ishga tungi navbatchilik uchun ketgan edilar. Bugun ertalab, 4 sentabr kuni 9:00 lar atrofida ishdan qaytayotganida, o‘sha yon qo‘shnimiz dadamga "Seni hali o‘ldiraman, qizing mahallani yomonlab yozib chiqadigan bo‘ldimi? Kecha nega meni raisning odami deding” deya bahslashib ketgan. O‘sha vaqt uydan o‘g‘li ham chiqib, birgalashib dadamni do‘pposlashgan. Dadamga "Hali qizingni Toshkentda tinch qo‘ymayman" deb dag‘dag‘a qilishibdi. Hozir dadamning qo‘llari shilinib, qonagan. Yuzlari, quloqlarining oldi shilingan.

O‘ylanib qoldim. Endigina bu sohaga kirib kelyapman. Qiziq, nega tanqidni to‘g‘ri qabul qilmaymiz? Mahalla raisining menga uni emas, buni yoz, deyishi yoki o‘sha onaxondan tilxat olishi qanchalik to‘g‘ri? Mahallaga mas'ul odam sifatida qo‘shnimiz va dadamning o‘rtasida adovat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lganini qanday izohlash mumkin?” deydi Mahfuza Po‘latova.

Kun.uz “Bog‘ishamol” mahallasi raisi Maqsud Pardayev bilan telefon orqali bog‘landi.

Rais bu gaplar tuhmat ekanligini aytmoqda. Ammo haqiqatan ham M.Po‘latovaning uyiga borganligini tasdiqladi, lekin unga bosim o‘tkazmaganligini ma'lum qildi.

Mahallaning profilaktika inspektori bilan bog‘langanimizda, unga Mahfuzaning otasini qo‘shnisi urganligi bilan bog‘liq murojaat bo‘lganini bildirdi. Ayni vaqtda qo‘shnilar yarashtirib qo‘yilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, yosh jurnalistga tahdid qilingani uchun mahalla raisi ustidan prokuraturaga murojaat qilingan.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top