Toshkentda “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi davom etmoqda. Haftalikning 7 iyul kungi dasturida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham ishtirok etdi. Kun.uz muxbiri tadbir doirasida vazirga ayrim savollar bilan murojaat qildi.

O‘tgan oyda “Gazprom” bilan imzolangan shartnomaga asosan, O‘zbekiston 1 oktyabrdan boshlab Rossiyadan kuniga 9 mln kubometr hajmda tabiiy gaz import qila boshlaydi. Muxbir energetika vaziridan bu kelishuv bo‘yicha gaz qancha narxda sotib olinayotgani haqida so‘radi.

“Narx izohini berdik, milliy manfaatlarimiz va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda narx kelishildi. Narxni oshkor qilolmaymiz, chunki bu – ikki tomonlama shartnoma. Buni tushuntirganmiz. Umuman, shu yo‘nalishdagi shartnomalarni qarasangiz, biror shartnomada [narx] ochiqlanmaydi, lekin shuni aytishim mumkinki, milliy manfaatlarni inobatga olgan holda raqobatbardosh narxga kelishildi”, – dedi Mirzamahmudov.

Energetika vazirligining 19 iyundagi rasmiy axborotida, “Gazprom” bilan kelishuvni tuzishda, tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikadagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan.

Jo‘rabek Mirzamahmudov bu bayonotda ta’kidlab o‘tilgan “respublikadagi narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirish” masalasiga ham munosabat bildirdi.

“Narx bo‘yicha islohot qilmas ekanmiz, e’tibor bersangiz, generatsiya va taqsimot liniyalari, yetkazib berish bo‘yicha ishlayapmiz, lekin iste’mol jihatdan, energiya samaradorligi jihatdan narxlarni muvofiqlashtirmas ekanmiz, birinchi o‘rinda, investorlar kelmaydi. Investorlar nega keladi? Ularga tarif kerak. Ikkinchidan, iste’mol samaradorligini oshirishimiz kerak. Shuning uchun albatta bu bo‘yicha ishlayapmiz, taklif kirityapmiz”, – dedi u.

Bozor narxlari asosidagi tariflarga o‘tish shu yil ro‘y berishimi mumkinmi, degan mazmundagi savolga Mirzamahmudov: “Muhokama ketyapti. Bizga qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi, albatta”, deya javob berdi.