O‘zbekiston | 21:20 / 29.10.2025
12178
8 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri – qishga tayyorgarlik va gazsiz aholiga chegirma berish haqida

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov matbuot anjumani o‘tkazib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi. Uning Kun.uz muxbiri savoliga javoban aytishicha, gazlashtirilmagan hududlarga elektr energiyasi to‘lovidan chegirma berish masalasi hamon ko‘rib chiqilmoqda. Yil yakunigacha hukumatga taklif kiritamiz, deydi vazir.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

28 oktyabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi.

Elektr energiyasi

Mirzamahmudovning aytishicha, O‘zbekistonda 1991 yildan 2016 yilgacha 3,5 GW quvvat ishga tushirilgan bo‘lsa, so‘nggi 8 yilda bu 15 GW'ga yetgan.

“Yozda ham elektr energiyaga talab keskin oshdi. Tig‘iz vaqtida 13 300 megavattgacha yetdi. Kuniga 270-275 million kWh iste’mol hisobiga, tarmoqlarda avariyalar bo‘ldi. Bu nafaqat qishga, balki yozga ham tayyorlanib borishimiz zarurligini ko‘rsatyapti. O‘tgan yili umumiy elektr energiya iste’moli, ishlab chiqarish 81,5 mlrd kWh bo‘lgan bo‘lsa, bu yil yakuni bilan 85,5 mrld kWh'ga yetkazishni rejalashtirganmiz.

Elektr energiya yetkazib berish bilan birga, isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi. Prezidentimizning tegishli qarorlariga ko‘ra, ijtimoiy himoya yagona reyestri, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va mahalla yettiligi tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxat asosida ehtiyojmand oilalarga noyabr oyida isitish mavsumiga qo‘shimcha kompensatsiya qilish maqsadida 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi”, – deydi Mirzamahmudov.

Uning ta’kidlashicha, respublikada joriy yilgi kuz-qish mavsumida 47 milliard kWh elektr energiyasi iste’mol qilinishi kutilmoqda. Ya’ni kunlik o‘rtacha 257 million kWh. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 20 mln kWh'ga ko‘p. Vazirga ko‘ra, generatsiya obektlari hisobiga ichki iste’mol to‘liq qoplanadi.

Mirzamahmudovning qayd etishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida uzunligi 7455 km bo‘lgan uzatish tarmoqlari, 1748 ta transformator punkti yangilangan, 954 ta mahallada elektr ta’minoti yaxshilangan. Bundan tashqari 553,1 ming kilometr uzunlikda yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari, 971 ta gaz taqsimlash punktlari yangilangan.

“Og‘riqli nuqtalarimiz bor, buni bilamiz. Milliy elektr tarmoqlarda, hududiy elektr tarmoqlarda, 900 dan ortiq mahallada qilingan ishlarni aytdim, lekin hali 35 foiz taqsimlash tarmoqlarimiz 40 yildan ortiq ishlatilgan. Masalan, o‘sha hududda aholimizning hayot farovonligi o‘syapti. Oldin mahallada ikkita konditsioner bo‘lgan bo‘lsa, hozir hamma mahalladagi barcha uyda konditsioner bor. Hammaning uyida elektropriborlar bor, hamma narsa bor. Ya’ni elektr energiya iste’moli oshyapti, lekin ularga tortilgan simlar, o‘rnatilgan transformatorlar quvvati u quvvatga mo‘ljallanmagan.

Bu bo‘yicha ham to‘liq inventarizatsiya qilingan. O‘sha “qizil”, “sariq” deb bekorga aytmadim. Birinchi o‘rinda hozir “qizil” hududlardagi masalalarni keyingi yilning yozigacha bartaraf etish uchun “Milliy elektr tarmoqlari”da 800 milliard so‘mlik kredit olindi. Endi bu to‘xtovsiz bo‘ladigan jarayon. Sababi aholi soni oshib boryapti, iste’molchilarimiz oshyapti. Lekin shuni kafolatli ayta olamanki, elektr energiya ishlab chiqarish jihatdan bizda masala yo‘q. Faqatgina tarmoqlarimizda ishni davom ettirishimiz kerak, jadallashtirishimiz kerak”, – deydi vazir.

Metan-shoxobchalar

Matbuot anjumanida avtomobillarga metan quyish shoxobchalariga cheklov kiritilishi yoki yo‘qligi haqida ham savol berildi.

“Zapravkalarga cheklov kiritishdan umuman bizga manfaat yo‘q. Sababi, hozirgi kunda biz iste’molchilarning ro‘yxatini olsak, eng bizga manfaatdor, iqtisodiyotga samara beradigan bu – zapravka. 2500 so‘mdan yetkazib berilayotgan gazni sotamiz. Bizning eng yaxshi kliyentlarimiz ular. Faqatgina to‘g‘ri tushunish kerak, agar havo harorati -20 daraja bo‘lib qolsa, hududlar bilan kelishgan holda grafik qilamiz.

Bizda o‘n kunlik, bir haftalik, uch kunlik ob-havo tahlil qilib boriladi. Shuning uchun bu yildan butun hududlar bo‘yicha bildirishnoma tizimi bo‘ladi. Mabodo biror yerda qandaydir cheklov kiritiladigan bo‘lsa, biz uni bildiramiz. Vodiyda esa gaz zapravkalariga siqilgan gazni yetkazib beradigan ko‘chma moslamalar olib kelinyapti. Mana, bu yil shuni sinovdan o‘tkazamiz”, – deydi Mirzamahmudov.

Gazlashmagan hududlar

Kun.uz muxbiri gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi aholiga qish mavsumida elektr energiyasi to‘lovidan imtiyoz berish qachon joriy etilishi haqida so‘radi.

“Haqiqatda bizda rejalar bor, buni taqdimot qilganmiz. Faqatgina ozgina vaqt talab qilyapti. Sababi, boya savol bo‘ldi, hududlarda tarmoqlarni, podstansiyalarni yangilayapmiz. Agarda o‘sha hududda elektr ta’minoti to‘liq isitishga o‘tkaziladigan bo‘lsa, demak u yerga biz bir tomondan yutamiz. Suyultirilgan gaz imtiyozli narxda berilmaydi, subsidiya miqdori sal kamayadi. Pilot tariqasida tanlangan hududlarda tarmoq xarajatlarini hisob-kitob qilyapmiz. Boisi, tarmoqqa yana ikki-uch barobar ko‘p xarajat ketyapti. Shuning uchun biz hozir buni tegishli vazirlik, idoralar bilan tahlilini qilyapmiz. Men o‘ylayman, yil yakunigacha yakunlab, hukumatga taklif kiritamiz”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Ko‘mir, benzin va dizel

Energetika vaziri aholini ko‘mir va neft mahsulotlari bilan ta’minlash haqida ham to‘xtaldi.

“Hozirgi kunda ko‘mir tarqatish muammoli deb chiqarishdi. Bu narsani to‘g‘ri tushunishingizni xohlardik, reja asosida hamma yerga yetkazib, to‘g‘ri taqsimlanyapti; faqatgina ayrim hududlarda o‘sha ishni to‘g‘ri tashkil qilmasdan, ajiotaj qilgan holatlar aniqlandi. U yerga bostirib, o‘zicha kirgan fuqarolar tekinga, bepul ko‘mir olish, o‘g‘rilash maqsadi bo‘lgan. 10 mln tonna mahalliy ko‘mir ishlab chiqarib yetkazib beriladi, 2 mln tonna importdan – hammasining tagi bor.

Endi neft mahsulotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, kuz-qish davrida 995 ming tonna avtobenzin yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu – ishlab chiqarish va importdan. Yana bularga qo‘shimcha ravishda ehtiyoj oshadigan vaqtida, hozirgi kunning o‘zida 65 ming tonna avtobenzin zaxirasi yaratib qo‘yilgan.

Bizning hisob-kitoblarga asosan, 766 ming tonna dizel yoqilg‘isini yetkazib berish kutilmoqda. Bu bo‘yicha umuman muammo yo‘q. Mana, xabaringiz bor, hozirgi kunda GTL zavodimiz to‘liq 100 foiz quvvatda ishlayotgani sababli dizel bo‘yicha to‘liq ehtiyojimizni qoplayapmiz”, – deydi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, aholiga yil yakuniga qadar 142,4 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Mavzuga oid