O‘zbekiston | 12:28 / 14.08.2019
20882
4 daqiqa o‘qiladi

Xivada «Qovun sayli» festivali boshlandi

13 avgust kuni Xorazm viloyatining ko‘hna va navqiron Xiva shahrida an'anaviy «Qovun sayli» festivali boshlandi.

Unda viloyatning barcha tumanlaridan kelgan mirishkor dehqonlar, polizkor fermerlar, tomorqa yer egalari, agrosanoat sohasi korxonalari, davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etib, «Gurvak – Xorazm qovunchiligining ramzi» ko‘rgazmasi doirasida o‘z mahsulotlarini namoyish qilishdi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Festivaldan maqsad – hududga sayyohlar oqimini oshirish, vohaning qadimiy polizchilik tajribasini, shirin-shakar qovun-tarvuzlar va bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirishdir.

Sayilda qovunlarning «Gurvak», «Qilichboy beshak», «Qari qiz», «Tuya qovun», «To‘yona», «Ola zamcha», «Xorazm oq novvoti», «Ko‘k gulobi», «Bo‘rikalla» kabi bir-biridan shirin o‘nlab mahalliy navlari namoyish qilindi. Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, qandolat va asalarichilik, hunarmandchilik, chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

«Qovun sayli» festivali soha mutaxassislarining ham e'tiboridan chetda qolmadi. Ular so‘nggi yillarda qovunchilik va poliz ekinlari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlarning natijasi bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, dehqonlar va amaliyotchi olimlar qovunning yo‘qolib ketgan navlarini tiklash, eksportbop yangi navlarini yaratish va ko‘paytirish ustida ishlab, hosildorligi yuqori bo‘lgan, noqulay ob-havo sharoitiga, turli kasalliklarga chidamli «Gurlan», «Amudaryo», «Gulobi Xorazmi», «Saxovat», «Zargulobi» navlarining yaratilgani bu boradagi izlanishlar samarasidir.

Xivaning dunyoga mashhur Ichon-qal'a tarixiy me'moriy majmuasi oldida o‘tkazilgan festival nafaqat shaharliklar va mehmonlarni, balki chet eldan tashrif buyurgan sayyohlarni ham befarq qoldirmadi. Ular Xorazmning shirin qovunlarini, noz-ne'matlarini tatib ko‘rishdi, mehmondo‘st xalqimizning himmatiga baho berishdi, shuningdek, san'atkorlar, folklor-etnografik ansambllarining sahna chiqishlari, diltortar kuy-qo‘shiqlaridan ham bahramand bo‘lishdi. 

Har bir tuman va shahar uchun ajratilgan pavilonlar bayramona bezatildi, qovunlar o‘ziga xos manzarali ko‘rinishda namoyish etildi. Tadbir yakunida alohida o‘rnak ko‘rsatgan dehqon-mirishkorlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agrosanoat sohasi xodimlari Xorazm viloyati hokimligining maxsus diplomlari va qimmatli sovg‘alari bilan, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Yangiariq, Bog‘ot, Yangibozor, Xonqa, Hazorasp, Shovot, Xiva va Urganch tumanlari esa DAMAS va LABO avtomashinalari bilan taqdirlandilar.

«Qovun sayli» 18 avgustgacha davom etadi.

Nurmuhammad Said

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid