O‘zbekiston | 11:41 / 18.09.2025
3216
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroporti uchib kelish terminalida 2 qatorli avtomobil yo‘lagi tashkil etiladi

Birinchi qator faqat turistik avtobuslar va aeroportning rasmiy taksilari, ikkinchisi esa boshqalar uchun bo‘ladi. Terminal yaqinidagi avtoturargoh sig‘imi kengayadi.

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish terminali va unga tutash hududni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. O‘zgarishlar, birinchi navbatda, yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilar uchun yanada qulay sharoit yaratish, shuningdek, taksi xizmatlari ko‘rsatishni tartibga solishga qaratilgan.

Loyihada bino fasadini kengaytirish bilan bir qatorda, qo‘shimcha avtomobillar uchun yo‘l qurish ham ko‘zda tutilgan. Birinchi qatordagi (hozirda mavjud) yo‘l faqat turistik avtobuslar va aeroportning rasmiy taksilari kirishi uchun mo‘ljallangan. Bu yo‘lak faqat premium segmentidagi avtomobillar uchun emas. Bir nechta litsenziyalangan taksi operatorlari kimoshdi savdosi orqali taksi xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi. Ular o‘z navbatida yo‘lovchilarga turli narx toifalarida - budjet, komfort va biznes-klassgacha taksi xizmatlarini taqdim etishi ko‘zda tutilgan. Ushbu yondashuv taksi xizmatlari uchun adolatli muhitni yaratishga yordam beradi va yo‘lovchilar uchun sayohatlarni arzonlashtiradi.

Ikkinchi qatordagi avtomobil yo‘lagi esa kutib oluvchilar va taksi agregatorlari avtomobillari uchun ochiq bo‘ladi. Tirbandliklar oldini olish uchun vaqt chegarasi joriy etiladi: yo‘lakda 10 daqiqadan ko‘proq vaqt davomida to‘xtash mumkin bo‘lmaydi. Nazoratni amalga oshirish uchun yo‘lakka Ichki ishlar vazirligi tizimi bilan integratsiyalashgan videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Bu kameralar yo‘lakda turish muddatining oshib ketishini qayd etadi va qoidabuzarga avtomatik ravishda jarima yuboradi. Uchib ketish terminalidagi avtomobillar yo‘lagi ham xuddi shunday tizimda ishlaydi.

"Uchib kelish hududidagi bugungi vaziyatni qoniqarli deb bo‘lmaydi: istalgancha tashlab ketilgan avtomobillar, noqonuniy tashuvchilar va doimiy tirbandlik yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda. Biz buni tan olamiz va o‘z navbatida vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rmoqdamiz. Biz, tartibni tiklash, transport oqimini nazorat qilish va xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz. Mazkur o‘zgarishlar aeroportning poytaxt aholisi uchun ham, xorijlik mehmonlar uchun ham qulay va xavfsiz bo‘lishiga olib keladi”, - deya izoh berdi Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.

Rekonstruksiya ishlari aeroport faoliyati to‘xtatilmasdan amalga oshirilayotgani sababli jarayon ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda joriy yilning oktyabr oyi oxiriga qadar avtomobillar yo‘lagi va 330 ta avtomobilga mo‘ljallangan, jumladan, tez quvvatlantirish shoxobchalari joylashgan avtoturargoh foydalanishga topshiriladi. Ikkinchi bosqichda uchib ketish hamda uchib kelish terminallarini birlashtirish va qurilish texnikasi kirishi uchun qoldirilgan yo‘lak hisobiga kirish yo‘llarini kengaytirish va uzaytirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid